Tugʻilganlik haqidagi ariza bola tugʻilgan kundan boshlab 1 oy muddat mobaynida ogʻzaki yoki yozma shaklda berilishi zarur.
Bola tugʻilganligi toʻgʻrisidagi ariza ota-onasi yoki ulardan biri, alohida hollarda esa qarindoshlari, qoʻshnilari yoki ota-onasi yoxud ota-onasidan biri vakolat bergan boshqa shaxslar, shuningdek tibbiyot muassasalarining, ichki ishlar yoki vasiylik va homiylik organlarining mansabdor shaxslari tomonidan berilishi mumkin.
Shu oʻrinda, belgilangan 1 oylik muddatning oʻtib ketganligi tugʻilganlikning qayd etilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
Bunda, 16 yoshgacha boʻlgan bolaning tugʻilishini qayd etish uchun FHDYO organiga tugʻilishni qayd etish muddatini oʻtkazib yuborganlik sabablari koʻrsatilgan ariza beriladi.
Tugʻilganlikni qayd etish uchun: bola tugʻilganligi toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnomasi, ota-onalarining pasportlari yoki ularning oʻrnini bosuvchi hujjatlar, nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi gerbli guvohnoma yoki otalikni belgilash haqidagi ariza yoxud nikohda boʻlmagan onaning arizasi taqdim etiladi.
Bolaga ism ota-onaning roziligiga koʻra beriladi. Bolaga qoʻshaloq ism berishga yoʻl qoʻyiladi (Saidahmadxoʻja, Toʻxtamurodjon, Guliraʼno, Mirzaolim, Mirzo Ulugʻbek, Roza-Mariya).
Agarda, egizak (ikkita va undan ortiq) bolalar tugʻilganda ularning har biri uchun tugʻilganlik haqida tibbiy maʼlumotnoma taqdim etilishi kerak, ular asosida tugʻilganlik haqida alohida-alohida dalolatnoma yozuvlari, tartib raqamlari yozilgan holda, qayd etilib, ularning har biriga tugʻilganlik haqida alohida gerbli guvohnomalar beriladi.
E.Iskandarov,
“Madad” NNTning bosh mutaxassisi