Navbatdagi yalpi majlis kun tartibidagi masalalar qatoridan “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni ham oʻrin olgan.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda favqulodda holat sodir boʻlganda fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishda dasturil amal boʻlib xizmat qiladi.
Qonunda favqulodda holatni joriy etishda vujudga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normalar aks ettirilgan. Xususan, favqulodda holatni joriy etish shartlari va tartibi, qoʻllaniladigan choralar va cheklashlar, favqulodda holat amal qiladigan davr uchun joriy etiladigan maxsus davlat boshqaruv organlari, favqulodda holat sharoitida jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek mansabdor shaxs huquqlarining kafolatlari, favqulodda holat sharoitlarida sudlarning faoliyatini tartibga soluvchi va boshqa maxsus qoidalar mustahkamlab qoʻyilmoqda.
Qonunda favqulodda choralar, ularning taʼsiri doirasi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, yuridik shaxslar huquq va erkinliklariga oʻrnatilayotgan vaqtinchalik cheklovlar, ularga yuklatilayotgan qoʻshimcha majburiyatlar, kuchga kirish vaqti hamda amal qilish muddati kabi bir qancha choralar tartibga solinmoqda.
Qonun bilan respublika boʻyicha joriy etiladigan favqulodda holatning amal qilish muddati oʻttiz sutkadan, uning ayrim joylarida joriy etiladigan favqulodda holatning amal qilish muddati esa oltmish sutkadan oshishi mumkin emas. Agar favqulodda holatni joriy etish maqsadlariga erishilmagan boʻlsa, favqulodda holatning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan yana bir muddatga uzaytirilishi mumkin. Lekin mazkur farmon Parlament qoʻshma majlisida tasdiqlanishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, qonunda favqulodda holat rejimini taʼminlash uchun Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek Favqulodda vaziyatlar oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi boshqa davlat organlari hamda tashkilotlarining kuchlari va vositalaridan foydalanish belgilanmoqda. Alohida hollarda esa, yuqoridagilarga qoʻshimcha ravishda, favqulodda holat rejimini saqlab turish uchun Prezident farmoniga asosan Mudofaa vazirligining kuchlari va vositalari ham jalb etilishi mumkin.
Shuningdek, Qonun bilan favqulodda holat joriy qilingani haqida chegaradosh davlatlarga diplomatik kanallar orqali xabar berilishi ham belgilab qoʻyilmoqda.
Majlisda mazkur Qonunning 9-moddasida respublikaning butun hududi boʻyicha favqulodda holat joriy etilganda, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasini tarqatib yuborilishi mumkin emasligi aniq belgilanganiga alohida eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.