Doʻstlik, Paxtakor, Jizzax (hozirgi Sharof Rashidov) tumanlarida koʻp yillar agronom, xoʻjalik rahbari boʻlib ishlagan Fayziqul Murtazoqulov pensiyaga chiqsam, bir kun ham ishlamayman, shogirdlarimga yoʻl beraman deb ahd qilgan edi. Ahdining ustidan chiqdi. Ishdan boʻshagani haqidagi buyruqdan koʻchirma olib uyiga keldi. Ertalab farzandlari ishga, nabiralari oʻqishga ketadi. Fayziqul aka nima qilishni bilmay mahallaga chiqdi. U yerda oʻziga oʻxshagan uch-toʻrt bekorchi kimningdir toʻyini yoki oilasidagi koʻngilsizlikni muhokama etib oʻtirganini koʻrib, jahl bilan choponi etagini qoqdi-da, uyiga qaytdi.
Bozordan 3-4 ta qoʻy olib, shularning yem-xashagini berib, tagini supurib, ermak qilardi. Hovlisidagi daraxtlarga boshqa turlardan payvand solib, hosilini yaxshi oʻqigan nabiralariga mukofot qilib berardi. Mudom qaynoq mehnat quchogʻida yurgan, viloyatdagi xoʻjaliklarga minglab koʻchat tayyorlab bergan, hududlarni koʻkalamzorlashtirishda ishtirok etgan, yuz gektarlab issiqxonalar bunyod qilgan odamga shu ham ish boʻlibdimi?! Pensiyaga chiqqanimdan keyin hech yerda ishlamayman, deb katta gapirib qoʻyganiga pushaymonda edi u. Birorta tashkilotga bogʻbonlikka oʻtib, qimirlab tursa boʻlarkan! Shu orada yiqqan-terganini jamlab, haj ziyoratiga ham borib keldi.
Esida, 2018-yilda u yashayotgan Toshkentlik mahallasida Sharof Rashidov tumaniga Prezident kelib, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat bilan tanishar ekan, degan gap tarqaldi. Bu gap rost ekan, mehnat faxriysi sifatida davlat rahbari bilan boʻladigan uchrashuvga uni ham taklif qilishdi.
Shavkat Mirziyoyev mashinadan tushib, toʻgʻri nuroniylar saf boʻlib turgan tomonga yurdi. Prezident jizzaxlik keksalarning har birini tanirdi, shuning uchun ular bilan qalin soʻrashdi. Navbat Fayziqul akaga kelganida uning salomlashish uchun uzatgan qoʻlini qoʻyib yubormay, bir chekkaga boshladi.
— Koʻrinishingizdan hali juda bardamsiz! — dedi Prezident salom-alikdan soʻng. — Mahallangizdan yer ajratib bersak, chiroyli issiqxona qursangiz. Sizni koʻrib boshqalar ham harakatga tushib qolardi. Viloyat, tuman rahbarlari texnikadan yordam qiladi. Issiqxona boʻlganda ham kirgan odam bahra oladigan joy boʻlsin. Siz bunday inshootlarning qanchasini qurgansiz yoki qoʻlingizdan kelmaydimi, tortinmay aytavering.
— Quraman, kerak boʻlsa, boshqalarnikidan oʻn baravar yaxshi issiqxona quraman, — deb javob bergandi Fayziqul aka hayajon bilan.
— Prezident bilan nima haqda gaplashdingiz? — deya soʻraganlarga u sirli jilmayib qoʻyardi.
Davlatimiz rahbari tashrifidan keyin viloyat va tuman hokimliklari vakillari keldi. Unga uyidan ancha uzoq joydan yer ajratishibdi. Fayziqul aka u yerdan issiqxona qurishga rozi boʻlmadi. Negaki joy uyidan ancha uzoq boʻlib, borib-kelguncha bir kun oʻtadi.
— Bersanglar, mana bu joydan quraman, — degan Fayziqul Murtazoqulov oʻz hovlisining orqa tomonidagi chiqindixonani koʻrsatib.
“Bu yerni chiqindidan tozalashga bir yil ketadi, eplay olmaysiz”, degan tuman mutasaddilari uni qaroridan qaytarishga ancha urinib koʻrdi. Ammo u soʻzida qatʼiy turib oldi, noiloj shu joyni hujjatlashtirib berishdi.
Issiqxonani qurib bitkazayotganda Prezidentimizning 2018-yil 26-apreldagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, tomorqalarda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, ishlamayotganlarga oʻzini oʻzi band qilish imkoniyatlari yaratildi.
Issiqxona tuprogʻi almashtirilib, mahalliy oʻgʻit solingan yerga dastlab pomidor va bodring ekildi. Hosildorlik koʻzlanganidan ham yuqori boʻldi. Hosilning ancha qismi dehqonchilikdan “kapsan” deb mahalladagi daromadi kamroq oilalarga tarqatildi.
Keyingi paytda Fayziqul akaning uyqusi qochdi. Gohida yarim kechasi yelkasiga choponini tashlab, issiqxonaga kirib ketib, qogʻoz-qalam qiladigan odat chiqardi. Kunduzlari esa kimlargadir qoʻngʻiroq qilib, qandaydir koʻchatlarni surishtiradi. Farzandlari hayron.
— Dadam issiqxona qurgandan beri birov koʻtarib ketmasin deb qoʻriqlab chiqayotganga oʻxshaydi, — deya kulishardi.
Eh bolalar-a, bogʻbon oʻylariyu tashvishlarini sizlar qayerdan ham bilardingiz? Haqiqiy bogʻbon oʻz bogʻining yagona va goʻzal boʻlishini istaydi. Shuning uchun turli gʻoyalar ortidan quvlaydi, tunlarni bedor oʻtkazadi.
Fayziqul aka nihoyat izlagan narsasini topdi. Shu kuni issiqxonani qayta qurishga tushdi. Yana tuprogʻini almashtirib, oʻgʻitladi, bir tekis qilib pushta oldi. Keyin 120 tup limon, mandarin va apelsin daraxtlarining noyob turlarini olib kelib ekdi.
— Dastlab bu koʻchatlar 10-15 kilodan hosil bergan boʻlsa, 2024-yilda har tupidan 30 kilodan meva terib oldik. Daraxtlar kattargan sari hosildorligi ham oshib boraveradi. Yaqinda televizorda Asaka tumanida bananning serhosil turini yetishtirayotgan yurtdoshimiz haqida koʻrsatuv berildi. Qani endi qanotim boʻlsa-yu, uchib borib, shu koʻchatdan 4-5 tupini olib kelsam, — dedi biz bilan suhbatda Fayziqul aka.
Uning ayni paytda hosilni qaysi bozorlarda, qanday narxlarda sotayotganini surishtirdik.
— Issiqxonada yetishtirilayotgan mevalar toʻliq maktabgacha taʼlim tashkilotlariga berilmoqda. Farzandlarimiz tabiiy toza mahsulotlar isteʼmol qilsa, sogʻlom boʻladi. Yangi issiqxona qurganlarga koʻchat tayyorlab beryapman, ularni parvarishlash yoʻllarini oʻrgataman, tushuntiraman, — deydi Fayziqul aka.
Ishlagan odamning tanasi yayraydi, miyasida yangi gʻoya va oʻylar charx ura boshlaydi.
— Bir kuni mahalla guzariga chiqib, odamlarni kuzatdim. Mendan oʻn yosh kichik mahalladoshlarimning munkillab qolganini koʻrib hayratga tushdim. Menga qolsa, ularning hammasini safga tizib, kuniga yurgizardim. Harakatsizlikdan ayrimlari semiribdi, ayrimlari esa hassa ushlab olibdi. Shunda yangi qurilayotgan binoga trenajyorlar olib kelib oʻrnatishga qaror qildim.
Haqiqatan, Fayziqul aka 5-6 xil trenajyor olib kelib oʻrnatibdi. Tez orada uni ishga tushirib, mahalladoshlarini sogʻlomlashtirishga hissa qoʻshadi.
— Oʻzingiz ham kirib turar ekansiz-da bu maskanga, — deymiz uning gʻayratiga tan berib.
— Mana mening trenajyorim, — dedi u issiqxona yonida turgan ketmonni koʻrsatib. — Yaqinda bir qarindoshimiz shukronalik oshiga taklif etdi. Oshdan oldin barcha mehmonlar oldiga bir donadan Jizzax somsasidan uch barobar kichik somsalar qoʻyib chiqishdi. Somsa juda mazali, barchaga manzur boʻldi.
Oʻsha kuniyoq u yangi somsaxona qurilishini boshlab yubordi. Ramazon oyi arafasida somsapazlik shoxobchasi ham ishga tushirildi.
— Mahalladoshlarim iftorlikda bizning somsani tanovul qilyapti, — deydi tadbirkor bobo.
Fayziqul Murtazoqulovning qadamidan oʻt chaqnayotganini koʻrgan odamlar uning yetmishdan oshib, saksonni qoralayotganiga ishonmaydi. Bir qarasang, hovlisidagi yangi ekilgan koʻchatlar orasida tokqaychi ushlab yurgan, bir ozdan keyin esa qoʻylarga xashak tashlayotgan boʻladi.
— 2024-yilning soʻnggi kunlari oʻtayotgan edi, dadam bizni yigʻib, yangi yilni qanday kutib olamiz, degan savolni oʻrtaga tashladi, — deydi katta oʻgʻli Poʻlatjon. — Har birimiz takliflarimizni aytdik. “Bolalarim, Yaratganga shukr, oʻzimizda hamma narsa yetarli. Lekin mahallamizda farzandlariga bayram dasturxoni tuzashga qiynalayotganlar ham bor. Ular shunday ahvolda boʻlsa-yu, biz qanday qilib xursandchilik qilamiz?” dedi dadam. Hammamiz oʻtirib, shunday oilalar roʻyxatini tuzib chiqdik. Keyin bozorga borib, oziq-ovqat mahsulotlari, bolalar uchun shirinliklar olib kelib, roʻyxatimizdagi 50 ta oilaga tarqatib chiqdik.
Keyingi paytda Fayzulla aka yana uyqusini yoʻqotdi. U yonidan qoʻymaydigan daftarida nimalarningdir hisobini qila boshladi.
Bu tinib-tinchimas hoji yana bir narsani boshlamoqchi, demoqda mahalladagilar.
Fayziqul aka bedormi, demak, yana bir yangilik, yaxshilik boʻladi.
Asad MUSTAFOYEV,
jurnalist








