Asli kasbim oʻqituvchilik. Oʻn yil oʻrta maktabda geografiya fanidan dars berganman. Lekin qishloqda oʻsganim uchunmi, doimo dehqonchilikka, bogʻdorchilikka qiziqqanman. Oʻqituvchilik qilgan yillarimda tomorqamizda anor, umum va boshqa mevalar koʻchatlarini yetishtirib, bozorga olib chiqib sotardim.
Shu havas tufayli boʻlsa kerak, oʻtgan asrning 80 yillarida xoʻjalik raisining madaniy oqartuv ishlari boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga ishga oʻtdim. Keyin yigirma yil tumanimizdagi “Madaniyat” xoʻjaligi boshqaruvi raisi boʻldim. Oʻsha yigirma yil ichida xoʻjalikda paxta hosildorligini 33 sentnerdan 53 sentnerga koʻtardim. Xizmatlarim uchun 90 yillarning boshida “Shuhrat” medaliga sazavor boʻldim. 2007-yilda esa “Madaniyat Muhammad Ismat” fermer xoʻjaligini tashkil etdim.
Dehqonchilik qilish, dalada ishlash oson emas. Baʼzan bahor, baʼzan yoz, baʼzan kuz noqulay keladi. Hatto qish odatdagidan qahrliroq yoki issiqroq kelsa ham dalada ishlaydigan odamga qiyin boʻladi. Lekin dehqonning, ayniqsa fermerning obu havoni bahona qilishga, koʻchatimni koʻklamda doʻl urib ketdi, yozda dalamga suv yetib bormadi, kuzda hosilni yigʻib olishga ishchi kuchi, texnika yetishmadi deyishga haqqi yoʻq. Chunki unga ishonib yuzlab gektar yer berilgan, u yetishtiradigan moʻl hosilga atrofdagi minglab qaro koʻzlar qarab turibdi. Shu bois fermer har qanday sharoitda ham yerdan koʻzlangan hosilni olishi kerak.
Bu gapim kimlargadir balandparvozdek koʻrinar. Ammo mening shiorim shunday: fermer bahona emas, chora izlashi lozim, shunda koʻzlagan maqsadiga erishadi.
Fermer xoʻjaligimining 220 gektar yeri bor. Uning 85 gektariga gʻalla, 105 gektriga paxta, qolganiga turli xil poliz va sabzavot ekinlari ekkanmiz. Bundan tashqari, 100 bosh qoʻy, 150 bosh tovuq, 40 bosh kurkamiz ham bor. Bir gektar yerda baliq, 30 quti asalari boqyapmiz.
“Dehqonchilikda yil yilga oʻxshamaydi. Hosildan, daromaddan umidvor fermer har bir niholni “sizlashi” kerak. Barcha agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida, sidqidildan bajarishi zarur”, degan edi Prezidentimiz Fargʻona viloyatining Oltiariq tumani fermerlari bilan uchrashuvda.
Davlatimiz rahbarining shu gaplariga amal qilganimiz tufayli bu yil gʻalla hosili moʻl boʻldi. Gektaridan 70 sentnerdan urugʻlik bugʻdoy oldik. Paxtadan ham 60 sentnerni koʻzlaganmiz. Moʻl hosil olingach daromad ham shuncha yarasha boʻladi. Joriy yilda gʻalladan topgan umumiy daromadimiz 2 milliard soʻmni, sof daromadimiz esa 700 million soʻmni tashkil etdi. Paxtadan 1 millard soʻm sof daromad olishni moʻljallab turibmiz. Yaqinda bu yilgi bugʻdoy hosilining 20 tonnasini xoʻjaligimiz aʼzolariga mukofot sifatida tarqatdik. Shuncha yil dalada ishlab, chiqargan xulosam shu boʻldi: yer bilan tillashib va dillashib ishlansa, agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida, sifatli amalga oshirilsa, tuproq zarga, dehqon zargarga aylanadi. Inson yerni aldamasa, yer insonni aldamaydi.
Xoʻjaligimizda 31 nafar ishchi bor. Hammasi bilan oilaviy pudrat asosida shartnoma tuzganman. Ilk bahodan kuzgacha ularga boʻnak berib boraman. Yil yakunlangach esa hisob-kitob qilamiz. Yerni oilalarga shartnoma asosida boʻlib berganim uchun hamma astoydil, joni-dili bilan ishlaydi. Chunki hosil qancha koʻp boʻlsa, ular shuncha koʻp daromad oladi. Boshqacha aytsam, fermer xoʻjaligimiz dalasi ular uchun oʻz tomorqasiday gap.
Kechagi fermer bilan bugungi fermerni solishtirib boʻlmaydi. Yaqin-yaqingacha fermer qogʻozda yer egasi edi-yu, lekin qoʻli bogʻlangandi. Mahsulotni davlat buyurtmasi asosida ekardi, arzon narxda davlatga sotardi. Shuncha mehnat qilib yil oxirida qarz boʻlib qolardi. Hisob raqamiga kelib tushgan sotilgan mahsulotlarining pulini bank hech kimdan soʻrab oʻtirmasdan oʻgʻit, urugʻlik, suv, texnika xizmati va boshqa xarajlar uchun ushlab qolardi. Boshqacha aytganda, fermerning qoʻli pul koʻrmasdi. Endi aytingchi, kim shunday sharoitda jonini jabborga berib ishlaydi? Kim moʻl hosil olishga harakat qiladi? Hech kim. Shuning uchun barcha yumushlar nomiga, qoʻl uchida bajarilardi, hosildorlik ham shunga yarasha boʻlardi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev fermerga erkinlik berdi. Fermerda oʻzi xahlagan ekinni ekish, yetishtirgan mahsulotini xohlagan kishisiga sotish imkoniyati paydo boʻldi. Keyingi yillarda barcha qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hosildorligi bir necha barobar oshganining sababi shu. Koʻplab fermerlar oʻzi yetishtirgan mahsulotini oʻzi xorijga sotyapti. Shuning uchun, kerak boʻlsa, kecha-yu kunduz ishlayapti. Bugun koʻplab mamlakatlar fermerlikni rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini oʻrganib, amaliyotga joriy qilayotgani ham bor gap.
Shu oʻrinda meni quvontirgan yana bir narsani aytmasam boʻlmaydi. Klasterlar paydo boʻlgani barcha soha rivojida muhim oʻrin tutdi. Lekin ayrim qishloq xoʻjalik klasterlari monopol mavqega ega boʻlib olib, ular tomonidan xohlasang ham, xohlamsang ham men bilan ishlaysan deyish, fermerning nonini yarimta qilishga urinish holatlari ham uchradi. Davlatimiz rahbari bu salbiy holatni oʻz vaqtida sezdi va bartaraf etdi. Bugun fermer qaysi klaster bilan ishlashni oʻzi hal qiladi, oʻziga maʼqul kelgan, imkoniyati yaxshi klaster bilan har ikki tomon uchun ham manfaatli shartnoma asosida ishlaydi.
Davlatimiz rahbarining Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi bir fermer xoʻjaligida boʻlganda aygan gapi hech esimdan chiqmayli. “Bizning kamchiligimiz qishloq xoʻjaligida ilmni ishlatmaymiz. Dunyo bozorida raqobat shafqatsiz. Unga munosib boʻlish uchun avvalo ilm kerak. Yaxshi nav, yaxshi qarov, innovatsion texnologiyalar kerak. Dehqon dalaga kirdimi, daromad topishi zarur”, degan edi oʻshanda Shavkat Mirziyoyev.
Xoʻjaligimiz urugʻlikka ixtisoslashgan. Shuning uchun seleksioner olimlar bilan muntazam aloqa oʻrnatganmiz. Eng yaxshi urugʻlarni dalamizda sinab koʻramiz. Ayni kunda suvsizlikka va shoʻrga chidamli, tola sifati yuqori boʻlgan “Jondor qudrati” navini yaratish boʻyicha tajriba-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Umumiy maydonimizning 50 gektarini tomchilitib sugʻoramiz. Buning afzalligi shundaki, ham suv sarfi kamayadi, ham ortiqcha ishchi kuchi kerakmas. Bugun hech bir fermer, ilmsiz, yangi nav, yaxshi qarov, innovatsion texnologiyalarsiz muvaffaqiyatga erisha olmaydi.
2017-yilda Prezidentimiz farmoni bilan “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi” faxriy unvoniga sazavor boʻlgan edim. Shundan soʻng xoʻjaligimiz aʼzolari bilan maslahatlashib, xalq manfaati, yurt ravnaqi yoʻlida yanada koʻproq mehnat qilishga kelishb oldik. Natijada nafaqat viloyatda, balki respublikadagi yetakchi xoʻjaliklardan biriga aylandik.
Oʻtgan yili qahramon boʻlganimni eshitganimda, rosti, koʻzlarimga yosh keldi. Bunday eʼtibor va hurmat uchun davlatimiz rahbaridan minnatdorman.
Yurtimizda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga qaratilgan eʼtibor, fermer xoʻjaliklariga soliqlar toʻlash, zarur texnikalarni xarid qilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash uchun xorijdan xomashyo, texnologik uskunalar olib kelishda boj toʻlovlari borasida yengilliklar hamda imtiyozli berilishi zamirida xalqimizning farovon hayotini taʼminlashdek ulugʻ maqsad mujassam. Ishonchim komilki, bu maqsadga albatta erishamiz.
Muhammad AHMEDOV,
Buxoro tumanidagi “Madaniyat Muhammad Ismat”
fermer xoʻjaligi boshligʻi, Oʻzbekiston Qahramoni