Chunki bu jarayonda narxlar faqat talab va taklif asosida shakllanadi. Bu, oʻz navbatida, tadbirkorlarning tovar resurslaridan erkin foydalanish imkoniyatlari kengayishi, sogʻlom raqobat rivojlanishiga xizmat qiladi. Yana bir muhim jihati, tuzilgan bitimlar bajarilishi kafolatlanadi va bu ishtirokchilar shartnomaviy intizomini mustahkamlaydi.

Birjalar savdoga qoʻyiladigan tovar va obyektlarga qarab turlarga boʻlinadi. Valyuta birjasida pul, fondda qimmatli qogʻozlar asosiy oʻrin tutsa, tovar birjasida xomashyo va mahsulotlar uning muhim obyektidir.

Mamlakatimizda birjalar tarixi oʻtgan asrning 90-yillari boshiga borib taqaladi. 1994-yilda tashkil etilgan “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati ayni paytga kelib Markaziy Osiyodagi eng yirik, MDH mamlakatlari ichida yetakchi xomashyo savdo maydonchalaridan biriga aylandi.

Sogʻlom raqobat platformalari

Prezidentimiz raisligida tovar-xomashyo birjasida savdolarni va unda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida qayd etilganidek, soʻnggi uch yilda yurtimizda birja savdo aylanmasi 2 baravar oʻsib, 90 trillion soʻmga yetgan, sotiladigan tovarlar soni esa 3 baravardan ziyodga koʻpaygan. 2019-yilda 200 turdagi mahsulot sotuvga qoʻyilgan boʻlsa, bugungi kunda ular soni 627 taga yetdi.

— Tovar bozorlarida narxlarni moʻtadil va barqaror ushlab turishning eng samarali usuli bozor vositalari hamda mexanizmlaridan foydalanish hisoblanadi, — deydi “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ boshqaruvi raisi Ziyoviddin Badriddinov. — Birja savdolari esa mana shu vazifalarni oʻz zimmasiga oladi. Birgina oʻtgan hafta davomida, yaʼni 9 – 15-may kunlari birjamizning barcha savdo platformalarida 2 548,8 milliard soʻmlik tovarlar sotildi. Bu avvalgi haftadagiga nisbatan 46 foiz koʻp. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 676,2 milliard soʻmni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida oʻtkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarning qariyb 93,5 milliard soʻm mablagʻi tejaldi. Binobarin, oʻtgan yil yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar birjadagi ochiq-oshkora savdolar hisobiga 8 trillion soʻm qoʻshimcha daromad qildi.

Respublika tovar-xomashyo birjasida milliy va xorijiy kompaniyalarning mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yuqori likvidli tovar aktivlari, jumladan, qora va rangli metallar, neft mahsulotlari, mineral oʻgʻitlar, shakar, un, don va boshqa tovarlarning oldi-sotdisi amalga oshiriladi. Ayrim vaziyatlarda mamlakatda ichki ishlab chiqarish salohiyati oʻsib borayotgan talabni toʻlaqonli qondirish uchun yetarli boʻlmasligi mumkin. Bunday holatlarda ushbu mahsulotni import qilish masalaning ijobiy yechimlaridan biri, baʼzida esa yagona yoʻli hisoblanadi.

Mahalliy tadbirkorlarimiz ushbu yoʻnalishda ham birjada yaratilgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanib kelishyapti. Ayni paytda birjaning xalqaro savdo tarmogʻi turli mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan 20 ta xorijiy savdo maydonchasidan iborat boʻlib, ular orqali ortiqcha sarsongarchiliklarsiz eksport-import operatsiyalari muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti. Joriy yilning 4 oyida bu maydonchalar yordamida 170 million dollarlik mahsulot sotildi. Shu bilan birga, 1 ming 200 dan ortiq xorijiy kompaniya birjamizga katta hajmda oʻz mahsulotlarini qoʻyishni boshladi.

Buni oʻtgan haftada Jizzaxda oziq-ovqat mahsulotlarini Oʻzbekistonga birja mexanizmi orqali yetkazib berish mavzusiga bagʻishlangan amaliy seminar ham yana bir karra tasdiqladi. Unda Qozogʻistonning 20 ga yaqin yirik tovar ishlab chiqaruvchisi, trayderlari, yurtimizning 50 dan ziyod yirik don va un mahsulotlarining ulgurji isteʼmolchisi, shuningdek, brokerlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida ikki davlat biznes tuzilmalari vakillari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri ishbilarmonlik aloqalari oʻrnatilib, don mahsulotlarini birja texnologiyalaridan foydalangan holda Oʻzbekistonga yetkazib berish boʻyicha amaliy ishlarni davom ettirishga kelishib olindi. Bu, oʻz navbatida, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini saqlashga qoʻshimcha ragʻbat beradi.

Prezidentimizning 2021-yil 17-martdagi “Yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, xorijiy savdo maydonchalari orqali mamlakatimizga olib kelinayotgan ushbu mahsulotlarni temir yoʻl orqali tashishda ichki tariflar qoʻllanilmoqda.

Umuman olganda, mazkur qaror mamlakatimizda birja savdolari va elektron tijoratni yanada rivojlantirishga katta turtki berdi. Xususan, 2022-yil yanvar-aprel oylarida Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning hajmi 2021-yilning toʻrt oyiga nisbatan 55 foizga oʻsib, 38,3 trillion soʻmni tashkil qildi.

Barcha imkoniyatlar ishga solinyaptimi?

Prezidentimiz huzuridagi yigʻilishda birja savdolarini tashkil etish, mahalliy tadbirkorlarning ishtirokini kengaytirish borasida muammolar mavjudligiga va ularni hal etish masalalariga eʼtibor qaratildi. Negaki, birja savdolarining 85 foizini 45 turdagi yuqori likvidli tovarlar tashkil etmoqda. Jizzax, Navoiy, Samarqand va Xorazm viloyatlarida birja savdolari ancha faollashgani holda Sirdaryo, Andijon va Surxondaryodagi korxonalarning birja savdolaridagi ishtiroki pastligicha qolmoqda. Zangiota tumanida 37, Karmana 24, Dangʻara va Jomboy 17 turdagi mahsulot birjaga chiqargan boʻlsa, Andijon, Nurota, Qiziriq, Boyovut tumanlarida atigi 1 turdagi mahsulot qoʻyilmoqda.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga mahalliy mahsulotlarni birjaga olib chiqishni tuman darajasiga tushirish boʻyicha tizim yaratish vazifasi qoʻyildi.

– Misol uchun, 1-iyuldan fermer va klasterlar 500 ming tonna gʻallani birja orqali sotadi. Bu fermerlar uchun 2 trillion soʻm qoʻshimcha daromad degani. Lekin tuman hokimlarida fermer mahsulotini birjaga qanday olib chiqishi, bu borada kimga murojaat qilishi, yaʼni ishni qanday tashkil etishi boʻyicha aniq rejalar bormi? Bu savolga birorta hokimda ijobiy javob yoʻq, – dedi Prezidentimiz va yangi tizimning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi.

Yangi tizim boʻyicha gʻalla yetishtiruvchi fermer va klasterlarning bugʻdoyni birjaga olib chiqishning oyma-oy rejasi ishlab chiqiladi. Ularning birjada roʻyxatdan oʻtishi tashkillashtirilib, Savdo-sanoat palatasi tuman boʻlimida birja savdo maydonchasi tashkil etiladi.

Ayni kunda gʻallachilik sohasida kutilayotgan yangiliklarning mazmun-mohiyati va birja savdolarida ishtirok etish tartibini tushuntirish maqsadida barcha hududlarda Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan fermer va klasterlar uchun maxsus oʻquv seminarlar oʻtkazilyapti. Ularda mijozlarni birjada roʻyxatdan oʻtish, brokerlik xizmatlaridan foydalanish va mahsulotlarni savdolarga qoʻyish qoidalari oʻrgatilyapti. Fermer xoʻjaliklari va klaster rahbarlari mamlakatimizning har bir tumanidagi savdo maydonchalari faoliyati bilan tanishishlari barobarida ularni akkreditatsiyadan oʻtkazish jarayonlari ham amalga oshirilmoqda.

— Viloyatimizdagi 13 ta tumanning 4 ming 530 dan ortiq fermer xoʻjaligida gʻalla yetishtiriladi, — deydi “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJning Samarqand hududiy filiali rahbari Joʻrabek Maqsudov. — Ayna paytda 9 ta tumandagi barcha fermer xoʻjaliklari va klaster rahbarlari bilan uchrashib, oʻquv seminarlar oʻtkazdik. Shu paytgacha 3 mingdan ziyod fermer xoʻjaligining birjadan roʻyxatdan oʻtishi taʼminlandi. Bu jarayon keyingi hafta oxiriga borib yakuniga yetadi.

Birjamizning bugungi mavjud elektron infratuzilmasi uning savdolarida ishtirok etishga chogʻlanayotgan fermer xoʻjaliklari va klasterlarga ham, tadbirkorlik subyektlariga ham zamonaviy xizmat koʻrsatishni toʻla taʼminlay oladi. Mahalliy mahsulotlarni savdolarga chiqarish tartibi soddalashtiriladi, jumladan, 1-iyuldan birjada alohida istiqbolli tovarlar seksiyasi tashkil etilib, mahalliy tadbirkorlarning ishlab chiqargan mahsuloti ortiqcha hujjatlarsiz sotilishi yoʻlga qoʻyiladi. Eng yaxshi sotilgan tovarlar keyinchalik birjaning asosiy savdo platformalariga joylashtiriladi. Tadbirkorlar davlat roʻyxatidan oʻtishi bilan bir vaqtda birjada ham hisobga olish tartibi joriy etiladi. Ularning mahsulotlari uchun birja toʻlovlari 2 baravar qisqartirilib, fermerlarga bugʻdoyni birjaga qoʻyganda garov talab etilmaydi. Sotilgan mahsulotga birja tomonidan bir kunda toʻlov amalga oshiriladi. Bunda fermerga toʻlovlar oʻz vaqtida va toʻliq kelib tushishini kafolatlaymiz.

Kutilayotgan oʻzgarishlar bozorning professional ishtirokchilari, yaʼni broker va treyderlar sonini koʻpaytirishni taqozo etadi. Xususan, Samarqand viloyatida ayni kunda 62 ta brokerlik idorasi boʻlib, ularda 227 nafar trayder faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, yaqin istiqbolda qariyb yana shuncha trayderga ehtiyoj boʻlishi mumkin. Shu bois, bu yoʻnalishdagi mutaxassislarni tayyorlash va oʻqitishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Fermer, klaster va boshqa savdo ishtirokchilarini birja savdolari va brokerlik kasbiga oʻqitish boʻyicha doimiy oʻquv kurslari yoʻlga qoʻyiladi. Bunda maxsus yaratilgan savdo simulyatorlaridan foydalaniladi va malakali mutaxassislar jalb qilinadi. Bu borada viloyatimiz oliy oʻquv yurtlari bilan ham bevosita hamkorlikda ish olib borishni rejalashtiryapmiz.

Maʼlumki, yigʻilishda yil yakuniga qadar Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasidagi tovar aylanmasini 2 baravarga oshirish vazifasi qoʻyildi. Hududlarning birja savdolaridagi ishtirokini kengaytirish boʻyicha hokimlarning ish rejasi bilan tanishib chiqqan Prezidentimiz hali aksariyati masalani ichiga kirmagan, birja nimaligini bilmaydigan tuman hokimlari ham borligini qayd etar ekan, ular zimmasiga tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning ishlab chiqarish quvvatlarini tahlil qilish, aniq tur va miqdordagi mahsulotlarni birjaga olib chiqishga qaratilgan ishlarni faollashtirishni yukladi.

Yigʻilishda yil yakuniga qadar Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasidagi tovar aylanmasini 2 baravar oshirish vazifasi qoʻyildi. Prezidentimiz hududlarning birja savdolaridagi ishtirokini kengaytirish boʻyicha hokimlarning ish rejasi bilan tanishib chiqib, hali aksariyati masalaning ichiga kirmagan, birja nimaligini bilmaydigan tuman hokimlari ham borligini qayd etar ekan, ular zimmasiga tadbirkorlar bilan uchrashib, ishlab chiqarish quvvatlarini tahlil qilish, aniq tur va miqdordagi mahsulotlarni birjaga olib chiqishga qaratilgan ishlarni faollashtirishni yukladi.

Yangi tizimni tatbiq etish boʻyicha, oldinda turgan va qisqa vaqtda bajariladigan ishlar koʻlami katta. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bu fermer va klasterlarga maktab, hokimlarga esa sinov boʻladi.

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi