Oʻzaro muloqot davomida 24-oktyabrda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylovchilarga yaratilgan sharoitlar va saylovchilarning siyosiy huquqlarini taʼminlashdagi Ombudsmanning oʻrni borasida oʻzaro fikr almashildi.

Taʼkidlanishicha, oʻtgan saylovda nogironligi boʻlgan shaxslarga ovoz berishlari uchun zarur qoʻshimcha sharoitlarni yaratish boʻyicha Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlikda qator monitoringlar oʻtkazilib, saylov uchastkalari aʼzolariga tavsiyalar berilgani qayd etildi.

Shuningdek, saylash huquqiga ega boʻlgan mahbus va mahkumlar oʻz huquqidan hech qanday moneʼliklarsiz foydalana olishlari uchun jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etilgan saylov uchastkalari ham oʻrganilgan.

Oʻz oʻrnida saylov jarayonlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Tatariston Respublikasi Inson huquqlari boʻyicha vakili Sariya Saburskaya saylov yakunlari boʻyicha hech qanday qonun buzilish holatlarini kuzatmagani, saylov jarayonlari ochiq va shaffof hamda karantin talablariga muvofiq oʻtkazilganini qayd etdi.

Bu mening yurtingizga birinchi tashrifim va unda Oʻzbekistonni oʻzim uchun kashf qildim. Uning madaniyati, boy tarixi, mehmondoʻstligi meni oʻziga jalb etdi. Sizning mamlakatingizda barcha shart-sharoitlar inson uchun, koʻplab turar-joy majmualari, koʻchalar, bolalar maydonchalari va dam olish maskanlarini koʻrdim. Qolaversa, mamlakatingizda keng koʻlamda qurilish ishlari ketyapti. Bularning barchasiga Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida boʻlganimizda guvoh boʻldim.

Men koʻzdan kechirgan saylov uchastkalarining barchasida hamma sharoitlarning yaratilganiga guvoh boʻldim. Saylov uchastkalarining har bir aʼzosi saylovchilarga nisbatan iliq va ochiq munosabatda ekanliklari ularning yuzlaridan sezilib turibdi. Meni quvontirgan jihatlardan yana biri, saylovda yoshlarning keng ishtiroki boʻldi. Demak yoshlar yurtning kelajagi va taqdiriga befarq emas.

Shuningdek, saylov uchastkasiga kelganlar bilan bir qatorda betob boʻlib qolganlar uchun ham koʻchma saylov qutilari xizmati koʻrsatilishi, nogironligi boʻlgan shaxslarga muayyan sharoitlar yaratilgani, elektron saylovchilar roʻyxatining mavjudligi, saylov boʻyicha mobil telefonlarga SMS xabarlari kelib turgani hamda saylov jarayonlarini OAVda keng va ochiq yoritilganini kuzatdim.

Qolaversa, bugun biz pandemiyaning ogʻir davrida yashayapmiz. Bugungi kunda Oʻzbekiston fuqarolarining koʻp qismi virusga qarshi emlangani — bu xavfsizlik sharoitlarini yaratishga hojat yoʻq degani emas. Saylov uchastkalarida bu jihat ham eʼtiborga olinib, ular haroratni oʻlchash uchun termometr, himoya niqobi, bir martalik tibbiy qoʻlqop hamda himoya va profilaktika vositalari bilan taʼminlangan edi. Shuningdek, saylovchilar masofa saqlagan holda uchastkaga kiritildi.

Shuningdek, Ombudsmanlar mamlakatda inson huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, gender tengligini taʼminlash, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratish va fuqarolar bilan ishlashda Vakil tomonidan yoʻlga qoʻyilayotgan yangi mexanizmlar borasida oʻzaro fikr almashishdi.

Uchrashuv davomida Tatariston Ombudsmani Feruza Eshmatovaga u tomonidan yuborilayotgan murojaatlarni oʻz vaqtida koʻrib chiqib, hal etilayotgani boʻyicha oʻz minnatdorligini bildirdi va kelgusida ham inson huquqlarini taʼminlash borasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda oʻzaro tajriba almashishga tayyor ekanligini bildirdi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati.