Oʻzbekiston Shaxmat federatsiyasi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov xotirasiga bagʻishlab oʻtkazib kelinayotgan shaxmat festivali anʼanaga aylanib ulgurdi. Bu yilgi festival shoirning tavallud sanasi munosabati bilan 27-28-dekabr kunlari Xalqaro shaxmat akademiyasida boʻlib oʻtdi.
Bu galgi turnirda ham har galgidek shaxmatga qiziqishi yuqori boʻlgan ijodkorlar va havaskor shaxmatchilar, xususan, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari – Ahmadjon Meliboyev, Ashurali Joʻrayev, Xurshid Doʻstmuhammad, Asror Moʻmin, Suvon Meli, Tursun Ali, Yahyo Togʻa, Zuhriddin Isomiddinov, Husan Karvonli, Habib Temirov va Maʼmura Zohidova ishtirok etdi.
Bugun – 28-dekabr kuni Xalqaro shaxmat akademiyasida festivalning yopilish marosimi boʻlib oʻtdi. Ikki kun davom etgan shaxmat musobaqasida hakamlar hayʼati barcha ishtirokchilarning oʻyinlarini kuzatib, xotira festivalining gʻoliblarini aniqladi.
Ularni Oʻzbekiston Shaxmat federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Husan Turdialiyev diplom, pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirladi.
Faxrli birinchi oʻrin gʻolibi Asror Moʻminga 900 000 soʻm, ikkinchi oʻrin gʻolibi Gʻayrat Moʻydinovga 700 000 soʻm, uchinchi oʻrin gʻolibi Suvon Meliga 500 000 soʻm, toʻrtinchi oʻrin gʻolibi Tursun Aliga 400 000 soʻm, beshinchi oʻrin gʻolibi Yahyo Togʻaga 300 000 soʻm, oltinchi oʻrin sohibi Husan Karvonliga 200 000 soʻm pul mukofoti topishirildi.
Tadbir yakunida shoirning oʻgʻli Xurshid Vohidov tashkilotchi va ishtirokchilarga oʻz minnatdorligini bildirdi.