Fidoyi olimning ma'naviy merosi

    Xotira – uyg'onsa go'zal

    Tarixdan maʼlumki, qadim-qadimlardan oʻz davrining buyuk olimlari, ziyolilari ilmu salohiyatlari, buyuk asarlari va kashfiyotlari bilan tamaddun poydevorini bunyod etishga katta hissa qoʻshib kelganlar.

    Hayoti va faoliyati mamlakatimiz ziyolilari uchun ibrat maktabi boʻla oladigan adabiyotshunos olim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Poyon Ravshanov uzoq yillar Qarshi Davlat dorulfununida yoshlarga saboq berdi. Oddiy oʻqituvchilikdan kafedra mudiri, fakultet dekani va oʻquv ishlari prorektoriga qadar bosqichda toʻplagan ilmlarini el bilan baham koʻrdi. Saksondan ziyod tarixiy, badiiy va nazmiy asarlar yaratdi.

    Domla butun umrini ilmu maʼrifatga bagʻishlash barobarida oʻzining yorqin va erkin fikrlari bilan markaziy va mahalliy matbuot nashrlarida faol ishtirok etdi. Elimizga maʼrifat, ziyo ulashdi.

    Olimning asarlari uch yirik yoʻnalish: adabiyotshunoslik, badiiy ijod va tarixshunoslikni oʻz ichiga oladi. U adabiyotshunos sifatida bolalar qissachiligi boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. “Bolalikning sehrli olami”, “Adabiy sahifalar”, “Adabiyot: nazariya va amaliyot” singari ilmiy risolalari ijodkor talabalar uchun ilm manbai vazifasini oʻtadi. Shuningdek, Poyon aka qoʻlyozma va toshbosma manbalar ustida ishlab, “Temurnoma”, “Turkiy qavmlar tarixi” kabi ilmiy-tarixiy asarlarni nashrga tayyorladi. “Vatan tarixidan: Turon VII-XIX asrlarda”, “Amir Temur xonadoni”, “Amir Temur vatani”, “Qashqadaryo tarixi”, “Qarshi tarixi”, “Shahri­sabz tarixi”, “Jenov tarixi” singari ham hajm, ham mohiyat eʼtibori bilan salmoqli ilmiy asarlar yaratdi. Tarixiy-ilmiy materiallar asosida “Zavol”, “Naxshab qissasi”, “Temurbek va amir Husayn qissasi”, “Shukuhli umr” singari badiiy asarlar ijod qildi.

    Poyon Ravshanov Qashqadaryo viloyati arxivlarida ishlab viloyatdan Sobiq Sovet davrida nohaq qamoqlarga olinib, qatagʻon qilingan insonlarning oʻtmishini oʻrganib uch jildlik “Qatagʻon”, “Istibdod”, “Tajovuz” nomli kitoblar nashr qildirdi.

    Shuning barobarida, “Qizil saltanat iskanjasida”, “Amirlashkar Alimquli tarixi” kitoblarini yozdi. Ushbu asarlaridagi tarixiy voqeliklar asosida “Qamoq saltanati” romanini, “Malika Kenagas oyim yoxud Amir Nasrulloning oʻlimi qissasi”, “Qorovulbegi qismati”, “Qoʻlga tushgan qasos­korlar” qissalari dunyo yuzini koʻrdi. Poyon Ravshanov chorak asrdan ortiq vaqt davomida Nasaf va Kesh (Shahrisabz) uzoq oʻtmishida shakllangan adabiy hayot tarixini tadqiq etgan adabiyotshunos olimdir.

    Adabiyotshunos olimning ayniqsa, “Adabiy sahifalar” asarida Qashqadaryo timsolida xalqi­miz­ning eng qadimgi davrlaridagi hayoti va ijodiy tafakkur tarzi mukammal yoritilgan. Adabiyotshunoslikda birinchi boʻlib ushbu asarda IX-X asrlardan to XIX asr boshiga qadar vohada yashab ijod etgan Nasafiy va Keshiy nisbali yigirma bir shoir va toʻqqiz xattotning jahon tamaddunida tutgan oʻrni toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlar berilgan. Poyon Ravshanov tarixshunosligining kattagina qismi bevosita sohibqiron Amir Temur va uning avlodlari hukmronligi davrini qamrab oladi.

    Olimning 1988-yilda katta shov-shuvlar va eʼtiroflarga sabab boʻlgan “Amir Temur muhri” nomli maqolasi ushbu xayrli ishlarning debochasi edi. Shundan soʻng izma-iz Salohiddin Toshkandiyning “Temurnoma”si tab­di­li va tadqiqi, “Amir Temur tugʻilgan joy yoxud Zanjirsaroy qissasi”, “Amir Temur vatani”, “Amir Temur va Amir Husayn qissasi”, “Amir Temur xonadoni” asarlari yaratildi. Adibning buyuk sohibqiron Amir Temur haqida yozgan “Amir Temur sulolasi”, “Temuriylar silsilasi” kabi asarlari bizni asil tarixiy haqiqatlar bilan yanada yaqindan tanishtirdi.

    “Amir Temur sulolasi”ni muallif oʻz oʻquvchilariga tarixiy roman sifatida taqdim qiladi. Asarda Sohibqiron va uning Markaziy Osiyo, Xuroson, Eron va Hindistonda besh asrga yaqin hukm surgan sulolasi qismati tasvirlangan. 1447-yildan 1507-yilga qadar Movarounnahr va Xurosonda kechgan shiddatli voqea-hodisalar, sulolaning oltmish yillik tarixi yoritilgan “Temuriylar silsilasi” asari ham shu yoʻsinda dunyo yuzini koʻrdi. Maʼlumki, bu davrda Shohrux va Ulugʻbek Mirzodan meros yurtni idora qilgan temuriyzodalar hayoti va faoliyati ancha chigal kechdi. Asarda toju taxtga intilgan, unga bir sira va davomli muyassar boʻlgan bir necha temuriyzodalar qismati tarixiy-badiiy manbalar asoida real tasvirlangan. Ular qatorida “Oqsaroy tarixi” asari ham alohida oʻrin tutadi. 1380-1396-yillarda bunyod etilgan Oqsaroy qasri – Sohibqiron Amir Temur hazratlari barpo ettirgan betakror muhtasham meʼmoriy obidadir. Uning hayrotomuz tarixi kitobda keng tasvirlangan.

    Alqissa, ilmiy-­ijodiy faoliyati bilan adabiyotimiz, tarixchiligimiz rivojiga katta hissa qoʻshgan adib va shoir, adabiyotshunos va tarixchi Poyon Ravshanov vafotidan soʻng uning shaxsiy kutubxonasida saqlanayotgan 42 ming donadan ziyod nodir maʼnaviy merosi viloyat Yoshlar markaziga koʻchirildi. Ushbu maqsadda bu yerdan alohida joy ajratilib jihozlandi.

    Bu, shubhasiz, olimga va u qoldirgan maʼnaviy merosga yuksak hurmat ifodasidir.

    Gʻulom ABDIYEV,

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi