Shu yilning 6 noyabr` kuni davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “O'zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonda yangi Milliy o'quv dasturini ishlab chiqishda xorijlik ekspertlar, jumladan, Finlyandiyaning malakali mutaxassislarini jalb qilish nazarda tutilgan.
Mamlakatimiz ta'lim tizimini yangi bosqichga olib chiqishda nima uchun finlyandiyalik mutaxassislarni jalb qilish ko'zda tutilmoqda? Finlyandiya ta'lim tizimining o'ziga xos jihatlari nimalardan iborat?
Ta'lim tizimiga oid shu kabi savollar bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat incpektsiyasi boshlig'i Ulug'bek Toshkenboevga murojaat qildik.
— Finlyandiya ta'lim sohasida yuqori natijalarga erishgan davlatlar sirasiga kiradi. Ushbu mamlakat tajribasi va amaliyotining ustuvorligi nimalarda ko'rinadi?
— Prezidentimiz 30 oktyabr` kuni mamlakatimizda ta'lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo'yicha o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ta'lim sifatini oshirish bo'yicha mulohazalarini bildirar ekan, maktablarda o'quv yuklamasi va darslar sonini qayta ko'rib chiqish, o'quvchilarni faqat yodlashga emas, balki fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish zarurligini ta'kidlagandi. Bu borada jahon tajribasida eng ilg'or mamlakatlardan biri sifatida Finlyandiya tajribasi misol qilib keltirildi.
Bu mamlakat so'nggi yillar davomida bir qator xalqaro reytinglarda muntazam ravishda nufuzli o'rinlarni egallab keladi. Ular bunday natijaga ta'lim tizimiga kiritilgan sarmoya va bilimga asoslangan iqtisodiyotni yaratish hisobiga erishdi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
Bilamizki, ushbu mamlakat bugungi kunda umumiy savodxonlik, tabiiy va matematika fanlari o'qitilishi bo'yicha dunyoda eng ilg'orlardan biri. Umuman finlar ta'lim sohasida izchil ravishda yuqori natijalarni egallab kelmoqda.
Finlyandiyada ayni paytda asosiy e'tibor ta'lim sifatiga qaratilgan. Ta'lim jarayoni doimo mamlakat ishlab chiqarish sektori ehtiyojlari bilan chambarchas bog'liq kechadi. Ya'ni Finlyandiya ta'lim jarayonlariga yondashuvni o'zgartirish va o'quvchilarni imtihonga emas, hayotga tayyorlash evaziga ushbu ko'rsatkichlarga erishdi.
Ushbu mamlakat ta'lim sifatini baholash bo'yicha o'tkazilgan xalqaro tadqiqotlardagi muvaffaqiyatlarini ham e'tirof etishimiz kerak. Fin o'quvchilari xalqaro tadqiqotlardagi barcha yo'nalishlarda savodxonlik va ta'lim tengligi ko'rsatkichlari bo'yicha eng oldingi o'rinlarda.
Mazkur tadqiqotlarda o'quvchilarning ma'lumotlarni eslab qolish qobiliyatiga emas, balki egallagan bilimlarini real hayotiy vaziyatda qo'llay olish, mantiqiy va ijodiy fikrlash qobiliyati baholanadi. Ayni shu nuqtai nazardan ham ta'lim sohasiga o'quvchilarni yodlashga emas, fikrlashga o'rgatadigan o'qitish metodikasini joriy etishda Finlyandiya tajribasini o'rganish va tatbiq etish muhim ahamiyatga ega.
— Finlarning bu boradagi muvaffaqiyati asosan nimalarda namoyon bo'ladi?
— Buning asosiy omili, avvalo, o'quvchi va talabalarni hayot davomida kerak bo'ladigan amaliy ko'nikmalarni shakllantirishga qaratilgan ta'lim standartlari va o'quv dasturlarining joriy etilganligi, talablar hamma uchun barobar ekanligi hamda pedagoglar tayyorlashning a'lo darajadagi tizimi mavjudligida. Finlyandiya ta'lim tizimi negizi “Har qanday o'quvchi yuqori natijaga erishishi mumkin, har qanday maktab u qaerda joylashganidan qat'iy nazar sifatli ta'lim berishi kerak” degan tamoyilga asoslanadi. Asosiy e'tibor ta'lim jarayonida iqtidorli o'quvchilarga emas, balki o'zlashtirishda orqada qolayotgan o'quvchilarga qaratiladi. CHunki finlarning qarashlariga ko'ra, a'lochi, iqtidorli o'quvchi hayotda o'z o'rnini topishi qiyin emas. Ammo o'zlashtirishi qiyin o'quvchilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash zarur.
Tadqiqotchilar finlar erishgan muvaffaqiyat omillarini uch guruhga ajratadi: o'qituvchilar salohiyati, ta'lim sohasidagi davlat siyosati va fin madaniyati.
Birinchi omil, ya'ni o'qituvchilar salohiyati, avvalo, o'quv dasturiga bog'liq. O'rta maktabning eng yaxshi bitiruvchilari bo'lajak o'qituvchilar sifatida tanlab olinadi. Ular uchun alohida maktab belgilanadi va bo'lg'usi pedagoglar dars vaqtlarining 10-15 foizini ushbu maktablarda o'tkazadi. Talaba-o'qituvchilar maktablarda barcha kerakli o'quv materiallari bilan ta'minlanadi, ularga alohida xona ajratiladi. Bu bilan ular ham dars jarayonini kuzatishadi, ham maktab faoliyatida bevosita ishtirok etadi, muayyan tajriba va ko'nikma hosil qiladi.
O'qituvchilarning moslashuvchanligi va mustaqilligi ta'lim sifatini ta'minlashda muhim rol` o'ynaydi. Agar ular malaka oshirishni xohlasa, ma'muriyat har doim qo'llab-quvvatlaydi. O'qituvchi malaka oshirish kursida olgan bilim va ko'nikmalarini boshqa hamkasblari bilan baham ko'rishi tavsiya etiladi.
Ikkinchi omil, ya'ni ta'lim sohasidagi davlat siyosati izchil va uzoq muddatli strategiya, bilimga asoslangan bo'lib, jamiyatga sodiqlik, ta'limda teng imkoniyatlar va mahalliy hokimiyatning ta'lim sohasidagi vakolatlarining kengligi bilan izohlanadi. 1970 yildan buyon muvaffaqiyatli amal qilib kelayotgan mazkur omillar natijasida kuchli ta'lim tizimi yaratildi.
Ta'lim siyosati bilan bog'liq yana bir muhim jihat — bu, ta'lim muassasalari bilan markaziy hamda mahalliy boshqaruvning muvozanati. Mahalliy hokimiyat organlari, maktab va o'qituvchilar mustaqil ravishda qaror chiqarish yoki qabul qilish vakolatiga ega. Bu, o'z navbatida, ularga o'quv jarayonini samarali tashkil etishda ham katta imkoniyat beradi, ham mas'uliyat yuklaydi.
Uchinchi omil, ya'ni fin madaniyati jamiyatda ta'lim muassasalari va o'qituvchilarga bo'lgan yuksak ishonch, o'qituvchining mavqei va obro'i yuqori ekani bilan bog'liq.
O'qituvchilar salohiyati – ta'lim muassasalari muvaffaqiyatining muhim omillaridan biri. Sinf rahbari ham, fan o'qituvchisi ham o'zi o'qitadigan fanni juda yaxshi biladi, o'quvchilarning darsda faol bo'lishlari uchun rang-barang o'qitish metodikasidan foydalanadi.
Bundan tashqari, fin jamiyatida kitobxonlik madaniyati juda yuqori. Bu, o'z navbatida, o'quvchilarning muvaffaqiyatga erishishiga bevosita ta'sir ko'rsatadi. Kutubxonalar ko'p va doimo gavjum.
Maktablarda o'quv jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, komp`yuter va planshetlardan keng foydalanish yo'lga qo'yilgan.
— Finlyandiya ta'lim tizimining 7 ta asosiy tamoyili mavjud: tenglik, bepul ta'lim, individuallik, amaliylik, ishonchlilik va o'qituvchilar salohiyati, ixtiyoriylik hamda mustaqillik. Ana shular haqidagi fikrlaringiz?
— Finlyandiyadagi barcha maktab o'quvchilariga bir xil shart-sharoit va ta'lim tizimi amal qiladi.
Bepul ta'lim Finlyandiya ta'lim tizimining o'ziga xos xususiyatlaridan sanaladi. Chunki unda maktabgacha va o'rta umumiy ta'lim olish bepul.
Individuallik — o'qituvchilar darslarni qiyin o'zlashtiradigan o'quvchilar, yaxshi o'zlashtirgan o'quvchilar bilan alohida shug'ullanadi. Qo'shimcha darslar o'tilmaydi.
Amaliylik — o'quvchilarni imtihonga emas, hayotga tayyorlashdan iborat. Masalan, o'quvchilar darslarda viza kartadan qanday foydalanish, shartnomalar tuzish, saytlar yaratish, tikish, ovqat pishirish, marketing va sotuv kabi amaliy ishlar bilan ham shug'ullanadi.
Ishonchlilik va o'qituvchilar salohiyati tamoyili barcha maktabdagi o'qituvchilarning magistratura darajasiga ega bo'lishi shartligini anglatadi. Finlyandiyada ota-onalarning o'qituvchilarga ishonchi yuqori. O'qituvchilar hurmatli shaxs sanaladi. Ular salohiyatining yuqoriligi fin ta'lim tizimi muvaffaqiyatining asosiy omili hisoblanadi. Maktab ma'muriyati va ota-onalar o'qituvchilarning o'z vazifasiga sidqidildan va mas'uliyat bilan yondashishiga ishonadi.
Ixtiyoriylik — o'quvchilarning darsda ishtirok etish, etmasligi o'zlarining ixtiyorida ekanligini anglatadi. O'qituvchi agar o'quvchini qiziqtira olmasa, o'quvchi sinfni tark etishi yoki o'zi yoqtirgan boshqa bir mashg'ulot bilan shug'ullanishi mumkin.
Mustaqillik — o'quvchilarga bilim va ko'nikmalarni o'zlashtirishda imkon qadar erkinlik berishdan iborat. Olgan bilimlarini hayotga tatbiq etish ko'nikmasi amaliy mashg'ulotlar yordamida shakllantiriladi. O'quvchining har qanday fikri inobatga olinadi va qo'llab quvvatlanadi.
O'quvchiga faqat yodlash yoxud o'zimiz bilgan bilim va tajribani o'rgatish bilan cheklansak, u biz yurgan yo'ldan yurishi yoki biz bilgan narsanigina bilishi mumkin. Biz agar o'quvchiga mustaqil fikrlashni o'rgatsak, u ham uzoqqa boradi, ham jamiyatda o'z o'rnini topadi.
— Prezidentimiz tashabbusi bilan o'qituvchi maqomini oshirish va bu borada qonun loyihasini tayyorlash vazifasi belgilangan. Finlyandiyada bu borada qanday ijobiy tajriba mavjud?
— Ushbu davlat vakillari bilan muloqot qilganimizda, tajribasini o'rganganimizda yoshlar o'rtasida o'qituvchilik kasbi egallashga ishtiyoq juda yuqori ekani ma'lum bo'ldi. Bu juda muhim. Chunki o'quv dasturlarini ishlab chiqish, ta'lim natijalarini baholash va sohaga oid qarorlar qabul qilishda o'qituvchi asosiy o'rin tutadi. O'qituvchi bilan o'quvchi o'rtasidagi yuqori darajadagi hamkorlik ta'lim tizimining uzluksiz ishlashiga yordam beradi.
O'qituvchi bo'sh vaqtining ko'p qismini o'zlashtira olmayotgan, e'tibor talab qiladigan o'quvchilarga sarflaydi. Bunga uning assistenti yordam beradi.
O'qituvchilarni tayyorlash va malakasini oshirishga “Ta'lim tizimi sifati o'qituvchi sifatidan yuqori bo'la olmaydi” tamoyili asosida yondashiladi. Oliy ta'limning eng yaxshi bitiruvchilari o'qituvchilikka jalb qilinadi.
Finlyandiya ta'lim tizimi bu darajaga etgunicha sohada keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilgan. Ta'lim sohasida qarorlar qabul qilishda ko'p vakolatlar quyi bo'g'inga berildi. Sohaga ko'proq hududiy munitsipalitetlar, ya'ni hokimliklar mas'ul etib belgilandi. Shu bois bizda ham ayni paytda ta'lim sohasida mahalliy Kengash va hokimliklarning roli hamda mas'uliyatini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
— Finlyandiya ta'lim tizimini o'rganish va mutaxassislarni jalb qilish yuzasidan ayni paytda respublikamizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Mazkur mamlakat ta'lim tizimidagi ilg'or jihatlarini o'rganish uchun Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi va tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “Yo'l xaritasi” loyihasi ishlab chiqilib, unda fin ta'lim tajribasini o'rganish va mamlakatimizda samarali tatbiq qilishga qaratilgan vazifalar, chora-tadbirlar belgilandi. Pandemiya sharoitiga qaramay finlyandiyalik mutaxassislar bilan muntazam ravishda onlayn uchrashuv va seminarlar tashkil etilmoqda. SHu yilning 25 noyabr` kuni Bosh vazir o'rinbosari Behzod Musaev boshchiligida Finlyandiyaning O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Liivala Marja xonim, Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi ta'lim bo'yicha elchisi Sall Maryana xonim, Finlyandiya ta'lim va madaniyat vazirligi hamda Milliy ta'lim agentligi mutasaddilari bilan onlayn uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda kelgusidagi hamkorlik yo'nalishlari belgilab olindi. Finlyandiya tomoni mazkur masalada biz bilan hamkorlik qilish va qo'llab-quvvatlashga tayyorligini ma'lum qildi. Bugungi kunda Finlyandiya tajribasini o'rganish bo'yicha idoralararo ishchi guruhi shakllantirildi va uning aniq vazifalari belgilandi. Fin tajribasini O'zbekistonda joriy qilish yuzasidan fin mutaxassislari va Finlyandiyadagi faol vatandoshlarimizdan iborat ekspertlar guruhini tashkil etish, ular bilan hamkorlik o'rnatish shu yil oxiri — kelgusi yilning dastlabki oylarida amalga oshiriladi. O'zbekistonning Latviyadagi elchixonasi ko'magida ekspertlar guruhiga kiritish uchun Finlyandiyadagi vatandoshlarimiz ro'yxati shakllantiriladi. ekspertlar guruhi a'zolarining O'zbekiston ta'lim tizimi organlari bilan to'g'ridan-to'g'ri hamkorligi yo'lga qo'yiladi.
Finlyandiya tajribasini o'rganish uchun xorijiy ekspertlar jalb qilinadi. Xorijiy ekspertlar bilan onlayn uchrashuvlar o'tkazish, ularning O'zbekistonga tashrifini amalga oshirish, Finlyandiya tomoni bilan kelishgan holda 2 nafar fin mutaxassisini yurtimizga konsul`tant sifatida doimiy faoliyatga jalb qilish ko'zda tutilgan.