Oʻzbekistonning Rigadagi elchixonasi maʼlumotiga koʻra, grantning umumiy miqdori 2 million yevroni tashkil etadi. Grant loyihasini 2022-2025-yillarda amalga oshirish belgilangan.
Loyiha Gidrometeorologiya xizmati markazi (“Oʻzgidromet”)ning salohiyatini modernizatsiya qilish, xodimlarni ilgʻor koʻnikmalarga oʻrgatish, shu jumladan, tabiiy ofatlarni prognoz qilish, sohada axborot xizmatlari salmogʻini oshirish, iqlim oʻzgarishiga moslashishni ragʻbatlantirishni nazarda tutadi.
Finlandiya tomonidan ushbu mamlakat Meteorologiya instituti, Oʻzbekiston tomonidan esa “Oʻzgidromet” loyiha ijrochilari etib belgilandi. Grant Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
Finlandiya Oʻzbekistonni 2024-yilgacha moʻljallangan Markaziy Osiyo uchun yangi strategiyasi doirasidagi mintaqa mamlakatlari taraqqiyotini qoʻllab-quvvatlash siyosati sohasidagi ustuvor sheriklar roʻyxatiga kiritdi. Finlandiya uchta asosiy yoʻnalish – qonun ustuvorligi, barqaror iqtisodiy rivojlanish va tabiiy resurslarni boshqarishni takomillashtirish boʻyicha loyihalarni qoʻllab-quvvatlash niyatida ekani taʼkidlanmoqda. Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistonga rejalashtirilgan umumiy koʻmak miqdori qariyb 25 million yevroga teng.