Insonlar orasidagi turli darajadagi ijtimoiy munosabatlar aynan islomiy qoidalar – Qur’oni karim va hadislardagi ko‘rsatmalar asosida olib boriladi. Zamonaviy demokratik dunyoda insonlarning o‘zaro munosabatlari turli huquqiy, siyosiy institutlar tomonidan tartibga solingani kabi, Islom olamida azaldan ijtimoiy munosabatlar shariat ahkomlari, islom huquqi bilan tartiblashtirilgan. Islomdagi ijtimoiy munosabatlar, ibodatlar, inson va inson, jamiyat va inson kabi munosabatlardagi asosiy me’yorlarni tadqiq etish va ta’minlash bilan “fiqh” deya ataluvchi alohida soha shug‘ullangan.

 “Fiqh” tushunchasi odatda “shariat” atamasi bilan yonma-yon ishlatiladi. “Shariat” (arabchadan tarjima qilinganda “to‘g‘ri yo‘lga solmoq”, “qonunchilik”, “yo‘naltirmoq”) ibodat yo‘llari, hayotiy va ijtimoiy qoidalar, kishilar orasidagi aloqa va muammolar, halol bilan haromni ajratib beruvchi soha hisoblanib, Qur’on va sunnatning hukmlaridan olingan ayni qonunlar “fiqh ilmi” deyiladi. Istilohda “fiqh” “Alloh taolo o‘z payg‘ambari Muhammad sallallohu alayhi vasallam orqali nozil qilgan shariatni teran fahmlamoq” ma’nosini bildiradi. Bir so‘z bilan aytganda, fiqh bu Islom huquqi hisoblanadi.

 Fiqh — G‘arbda Islamic Law, Muslim Law (ingliz tilida), le Droit musulman (fransuz tilida), Islamische GESetz (nemis tilida) kabi nomlar bilan yuritiladi. Dunyoviy huquq me’yorlaridan farqli o‘laroq, fiqh o‘z ichiga ibodat masalalarini ham qamrab oladi. Shuningdek, fiqhda jamiyatda kishilar o‘rtasidagi ba’zi mulkiy, fuqarolik va boshqa masalalar ham ko‘riladi. Bu esa, o‘z navbatida, fiqhni yurisprudensiyaga yaqinlashtiradi.

Fiqh ilmining musulmonlar uchun amaliy diniy qoidalarni ishlab chiquvchi «furu’ al-fiqh» («fiqh tarmoqlari») va sakral manbalardan amaliy qoidalarni chiqarish (istinbot) uslublarini tadqiq etuvchi «usul al-fiqh» («fiqh asoslari») nomli asosiy sohalari mavjud.

Umuman olganda, jamiyatning huquqiy sohada ilgari suriluvchi eng asosiy ideallaridan biri – insonlar orasidagi munosabatlarda tenglik va adolatni ta’minlash hisoblanadi. Huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi, huquqiy normalarni ishlab chiquvchi demokratik institutlar adliya organlari, qonuniylikni ta’minlashi zarur bo‘lgan vazirlikning esa Adliya vazirligi deb atalishi ham aynan shundan (bu atama arabcha “Adl” – tik, to‘g‘ri, ravon ma’nolarini beradi). Islom huquqida ham adolat tamoyili ham ilohiy, ham axloqiy, ham huquqiy nuqtai nazardan yuksak darajada qadrlanadi.

            Fiqh sohasi Islomda amaliy hayot va ibodatlarni tartibga solar ekan, uning mavjud yo‘nalishlar, fiqhiy mazhablar bilan ham chambarchas bog‘liq ekanini unutmaslik zarur. Islomdagi eng keng tarqalgan yo‘nalish bo‘lgan sunniylikda tan olingan to‘rt fiqhiy mazhab (hanafiylik, shofeiylik, molikiylik hamda hanbaliylik) mavjud. Ularning barchasida fiqhiy masalalardagi yechimlar bir-biriga yaqin bo‘lib, faqatgina ma’lum bir juz’iy masalalardagi hukmlar bir-biridan farq qiladi. Ulug‘ ulamo, sharafli yurtdoshimiz al-Marg‘inoniyning “Hidoya” asari sunniylikning barcha mazhablari uchun asosiy fiqhiy masalalar yechimini o‘zida jamlagan manba hisoblanadi.

            Burhoniddin Marg‘inoniyning ilmiy-amaliy merosi hozirda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Jahondagi ko‘plab oliy o‘quv yurtlarida musulmon huquqshunosligi Burhoniddin Marg‘inoniyning fiqh ta’limoti asosida o‘rganiladi. ”Hidoya” asarida turfa xil ko‘rinishdagi jinoiy qilmishlar, oldi-sotdi, pul muammolari, kafolat, qozilarning vazifalari, guvohlik, berilgan guvohlikdan qaytish, da’vo, iqror bo‘lish, sulh, ijara xususida va boshqa fiqhiy masalalar to‘la o‘rin olgan.

            Ta’kidlanganidek, musulmon huquqi (fiqh)da adolat amaliy faoliyatni talab qiluvchi kategoriya hisoblanadi. Zero, fiqhda huquq tizimining o‘zi Islom dini normalariga asoslanadiki, bu muqaddas din adolatni insoniyat hayotining bosh tamoyillaridan biri, deb e’lon qilgan.

            Ma’lumki, adolat tamoyili hamisha ob’ektiv voqelikka nisbatan sub’ektiv mohiyat kasb etgan. Musulmonlar orasida esa adolat Islomning eng muhim ustuni sifatida qabul qilingan, shuning uchun Qur’on, Sunnat va musulmon huquqining boshqa manbalarida belgilangan ko‘rsatmalarga muvofiq talqin qilinadi.

Albattaki, fiqh faqatgina nazariya bilan shug‘ullanmagan, u nazariyaning amaliyotda bajarilishini ta’minlagan. Shuning uchun ham adolat tushunchasining Islom dini tamoyillari asosida amaliy hayotda aks etishini fiqhiy masalalar orqali kuzatishimiz mumkin. Fiqhda adolat tamoyiliga barcha darajadagi huquqiy muammolarda, xususan, oilaviy va nikohga taalluqli masalalalarda, mulk huquqi, soliq tizimi, savdo, moliya, xo‘jalik tizimini tartibga solish bilan bog‘liq jarayonlarda, jinoyat va jazo, sudlov va hukm tizimi, inson huquqlari bilan bog‘liq masalalarda amal qilinishiga jiddiy e’tibor qaratilgan.

Mulk huquqi va vorislik huquqi doimo islom qonunchiligining diqqat markazida turgan. Fiqhda mulk huquqi bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy masalalar sifatida yer va unga egalik qilish, vorislik, soliqqa tortish bilan bog‘liq  masalalar ko‘rib chiqilgan. Ushbu masalalardagi bahsli holatlarning barchasida adolat mezonlariga amal qilishga harakat qilingan. Masalan, yerga bo‘lgan munosabatlarda unga egalik qilishning uch shakliga urg‘u berilgan bo‘lib, ular: davlat yerlari yoki xiroj to‘laydigan yerlar, mulk ya’ni xususiy mulk sifatida qaraladigan yerlar hamda hobus yoki vaqf yerlari hisoblangan.

Islom fiqhidagi mulk huquqining o‘ziga xos xususiyatlaridan yana biri shunda ediki, mulk huquqi mazkur yer maydonining sirtiga ham, uning ostiga ham, hatto uning ustidagi havo bo‘shlig‘iga ham egalik qilish huquqini beradi. Boshqacha qilib aytganda, qo‘shnilar birovning bog‘ida o‘sgan daraxtning o‘z bog‘i hududiga osilib tushgan shohlarini kesishga haqli bo‘lgan, yer maydoniga mulk huquqida egalik qiluvchi shaxs uning ustidagi havo bo‘shlig‘ini sotishi mumkin edi. Mulkni to‘liq tasarruf etishning zamonaviy talablari ham ushbu prinsipga muvofiq bo‘lib, bu iqtisodiy faoliyatdagi adolat tamoyili aks etishining islom fiqhidagi o‘ziga xos optimal ko‘rinishiga misol bo‘la oladi.

Meros bilan bog‘liq masalalarda adolat tamoyilining qaror topishi bilan bog‘liq bir holat shundaki, Islom ta’limotiga ko‘ra, meros ob’ekti sifatida faqatgina moddiy boyliklar (pul, yer, chorva, taqinchoqlar va boshqalar) emas, balki to‘lanmagan qarzlar, bajarilmagan majburiyatlar ham hisobga olingan. Ya’ni merosxo‘r nafaqat marhumning mulkiga egalik qilgan, balki uning qarzlarini ham to‘lagan, bajarmagan majburiyatlarini bajarishni ham o‘z bo‘yniga olgan. Bu esa ajdodlarning, marhumning ruhi oldidagi burchga nisbatan eng adolatli yondashuv sifatida e’tirofga loyiq.

Ta’kidlanganidek, Islom shariati va uning nazariy asosi hisoblanuvchi musulmon huquqi (fiqh) nafaqat insonlar orasidagi huquqiy munosabatlarni, balki inson hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan. Adolat tamoyilining ta’minlanishi fiqh uchun nafaqat axloqiy yoki huquqiy, balki ilohiy mohiyat ham kasb etgan. Zero, Islom fiqhida adolat tamoyili ta’minlanishi komil iymon, mukammal islomiy hayotning eng zaruriy shartlardan hisoblangan. Fiqhiy tamoyillar, xususan, adolat tamoyilining kundalik turmush tarzida aks etishi Islom ulamolari, faqihlari, diniy tashkilotlarining doimiy nazoratida bo‘lgan. Bu esa Islom olami uchun qariyb 1400 yildan buyon adolat tamoyilining barqaror diniy, axloqiy, huquqiy qadriyat sifatida saqlanib qolishiga xizmat qilgan.

Ibraximova Dilorom

Toshkent davlat yuridik universitet o‘qituvchisi