Tegishli adabiyotlarda qayd etilganidek, tuzoq ovchilar tomonidan u yoki bu hayvon, shuningdek, parrandalarni ovlash uchun qoʻyiladi.

Qarang, zamona zayli bilan Muqimjon Saʼdullayev (quyida barcha ism, shariflar oʻzgartirilgan) ismli bir kas sodda va oʻspirin yoshlarga tuzoq qoʻyib, pul topishning qabih yoʻlini tutdi. Va shu zayl jinoyat koʻchasiga kirib, tubanlikka qoʻl urdi. U nobop bu ishda shaʼriy nikohidagi Shodiyadan foydalandi.

M.Saʼdullayev turli yoʻllar bilan ayrim oʻspirin yoshlarga tegishli telefon raqamlari topib, Shodiyaga telefon qildirar edi. Makkor ayol avval telefondagi notanish suhbatdoshiga oʻzini bokira bir ayol sifatida koʻrsatib, keyinchalik ishva-yu nozlari bilan yoshlarning yuragiga oʻt solardi. Suhbatlar qizib, munosabatlar sal izga tushgach, nihoyat uchrashishga ham muvaffaq boʻlinardi. Albatta, uchrashuv, hilvat joyda, kamida yarim tun paytida tashkil qilinardi.

Muqimning rejasiga koʻra, ular uchrashib, dilkisho suhbatni boshlab turganida u biror-bir hamtovogʻi bilan qoʻqqisdan paydo boʻlardi. Avvaldan oʻylangan reja boʻyicha, Muqim avval Shodiyaga doʻq-poʻpisa qilib, behayo, vafosiz kabi soʻzlarni unga tirkab, soʻng vajoxat bilan noshud oshiqqa tashlanardi. “Sen mening guldek, xotinimni yoʻldan urmoqchisan. Seni qamoqqa tiqtiraman. Adabingni berib qoʻyadigan yigitlarga ayttirib, itdek kaltaklataman.

Ota-onang, qarindosh urugʻing oldida sharmandangni chiqaraman!” Bechora oshiqning tavba-tazarrusi, oʻtinib kechirim soʻrashlari oxiri tovon puli toʻlash orqali yechim topardi. Qoʻqon shahridagi oʻquv yurtlaridan birida tahsil olayotgan Shukurullo Niyozov ana shunday jabrdiylardan biriga aylandi. U voqeani oshkor qilmaslik evaziga bahosi 1.000.000 soʻmlik “Redmi note 9” rusumli telefon apparati va 400.000 soʻm pulini tovlamachining qoʻliga tutqazdi.

Muqimning sirtmogʻiga tushgan yana bir jabrdiyda Hakim Yoʻlchiyev ham bozor bahosi 700.000 soʻmlik “Redmi 5” rusumli telefon apparati va 500.000 soʻm pul berib, firibgarning tuzogʻidan arang qutulmoqchi boʻldi. Qayoqda deysiz. Ilonning yogʻini yalagan Muqim bot-bot ularga telefon qilar yoki izlab topib, eski dardni qoʻzgʻab turardi. U shu tahlid ulardan goh 100 ming baʼzida undan koʻproq pul talab qilib “shantaj” qilardi. Oxir-oqibat pichoq suyakka qadalgach, tekin sogʻin sigirga aylangan jabrdiydalar tegishli huquq-tartibot organlariga murojaat qilishga majbur boʻlishdi.

Sud davomida M. Saʼdullayev qilmishidan qattiq pushaymon ekanligini aytib, barcha jabrlanuvchilar, jamoatchilikdan kechirim soʻragan boʻlsada, qonun ustuvorligi taʼminlanib u Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topildi va 5 yili 6 oy muddatda ozodlikdan mahrum etildi.

Taʼkidlash oʻrinliki, xalq maqolida aytilganidek, “Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi”. Zero, tovlamachining tuzogʻiga ilingan oʻspirin yoshlar, voqea boshidanoq, bu xususda ota-onalariga yotigʻi bilan tushuntirganlarida yoki tegishli organlarga murojaat qilganlarida maʼqul yoʻlni tanlagan boʻlur edilar.

Xurshid QOSIMOV,

Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudining raisi.