Iqlim oʻzgarishi, aholining koʻpayishi, sanoatlashtirish, suv resurslaridan nooʻrin va samarasiz foydalanish natijasida odamlar hayoti qiyinlashmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, hozir Yer yuzida qariyb 1 milliarddan ortiq odam turli darajadagi suv yetishmovchiligi sharoitida yashamoqda.
Mazkur muammo Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Oʻtgan yil 16-dekabrda Prezidentimiz Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, shahar muhitini yaxshilash va munosib yashash sharoitini yaratish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda bu masalaga alohida toʻxtalib, yomgʻir suvi yigʻiladigan 17 ta inshoot barpo qilinishi, ularda jamlangan obihayot daraxt va yashil hududlarni sugʻorishga ishlatilishini taʼkidlagan edi.
Mintaqamiz tabiiy-iqlim sharoitiga koʻra suv resurslariga boy hududlar qatoriga kirmaydi, ammo aholining oʻsishi, iqtisodiyotning kengayishi va iqlim oʻzgarishlari taʼsiri muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda. Oʻzbekiston suv resurslarining katta qismi transchegaraviy daryolarga bogʻliq boʻlib, bu holat suv xavfsizligini strategik masalaga aylantirmoqda.
Asosiy muammolardan biri suv manbalarining qisqarib borishi va barqaror emasligidir. Soʻnggi oʻn yilliklarda Markaziy Osiyodagi muzliklar maydonining sezilarli kamayishi Amudaryo va Sirdaryo kabi asosiy suv manbalariga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda. Natijada suv oqimi notekis tus olmoqda. Bu esa qishloq xoʻjaligi, sanoat va aholi taʼminotida uzilishlar xavfini kuchaytirmoqda.
Ikkinchi muammo — suvdan foydalanish samaradorligining pastligi. Amaliyotda ichimlik suv texnik va xoʻjalik ehtiyojlari uchun keng qoʻllanmoqda. Koʻp qavatli uylar, xizmat koʻrsatish obyektlari, jumladan, avtomobil yuvish shoxobchalari, koʻkalamzorlashtirish va sanitariya tizimlarida ichimlik suv ishlatilishi suv taʼminotiga katta bosim bermoqda. Suv tarmoqlaridagi yoʻqotishlar va eskirgan baʼzi infratuzilma esa bu muammoni yanada keskinlashtiradi.
Uchinchi muammo muqobil suv manbalaridan yetarlicha foydalanilmayotganidir. Yomgʻir suvi, qayta ishlangan oqova suv kabi resurslar amalda oʻta zarur boʻlsa-da, hozircha tizimli va majburiy yondashuv yoʻqligi sababli keng joriy etilmagan. Aslida, yomgʻir suvini yigʻish va texnik ehtiyoj uchun qayta ishlatish orqali ichimlik suvga talabni sezilarli darajada kamaytirish mumkin.
Yomgʻir suvidan foydalanish loyihasi Oʻzbekistonda suv tanqisligi sharoitida ichimlik suv taʼminotiga tushayotgan bosimni kamaytirish, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda shahar va qishloq infratuzilmasini barqarorlashtirishga qaratilgan kompleks tizimdir. Mazkur loyiha yomgʻir suvini tabiiy jarayonda yoʻqotib yubormay, yigʻish, tozalash, saqlash va texnik ehtiyojlar uchun qayta ishlatish tamoyiliga asoslanadi. Tizimning ishlash mexanizmi bir necha bosqichdan iborat.
Avvalo, binolarning tom qismi yomgʻir suvini yigʻish uchun asosiy maydon vazifasini bajaradi. Yomgʻir suvi maxsus tom novlari va quvurlar orqali yigʻilib, “first-flush” ajratkichdan oʻtkaziladi. Ushbu mexanizm yomgʻirning dastlabki iflos qatlamini ajratib, chang va zararli aralashmalarni tizimga kirishidan oldin ajratib oladi. Shundan soʻng suv mexanik va qumli filtrlardan oʻtkazilib, yopiq va gigiyenik talablar asosida jihozlangan rezervuarlarda saqlanadi. Saqlangan yomgʻir suvi ichimlik uchun emas, balki texnik ehtiyojlar uchun moʻljallanadi. Xususan, koʻkalamzorlashtirish va bogʻlarni sugʻorish, hojatxona baklarini toʻldirish, hovli va yoʻlaklarni yuvish, sovitish tizimlari, shuningdek, avtomobillarni yuvish jarayonida foydalanish mumkin. Bunday yondashuv orqali ichimlik suvga talab 30-50 foizgacha qisqaradi, ayrim obʼyektlarda esa texnik suv ehtiyoji deyarli toʻliq yomgʻir suvi hisobidan qoplanadi. Loyihaning yana bir muhim jihati ekologik va iqtisodiy samarasidir. Yomgʻir suvini yigʻish tizimlari drenaj va kanalizatsiya tarmoqlariga tushadigan bosimni kamaytiradi, suv toshqinlari xavfini pasaytiradi hamda yerning tabiiy toʻyinishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ichimlik suvni qayta ishlash va yetkazib berishga ketadigan energiya sarfi qisqarib, kommunal xarajatlar kamayadi.
Oʻzbekistonda yomgʻir suvidan foydalanishga ehtiyoj nihoyatda yuqori. Suv xavfsizligini taʼminlashda faqat anʼanaviy manbalarga tayanish yetarli emas, muqobil va qoʻshimcha manbalarni ishga solish zarur. Shaharsozlik nuqtayi nazaridan qaraganda, yomgʻir suvidan foydalanish, ayniqsa, juda muhim. Soʻnggi yillarda shaharlar kengayib, yangi turar joy massivlari, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, yoʻllar va qattiq qoplamali maydonlar koʻpaymoqda. Bu esa tabiiy infiltratsiyani kamaytirib, yomgʻir suvining katta qismi kanalizatsiya va drenaj tizimlari orqali yoʻqotib yuborilishiga olib kelmoqda. Aslida, ushbu suvni binolarning tom qismidan yigʻib, texnik ehtiyojlarga yoʻnaltirish orqali shahar infratuzilmasini yanada barqarorlashtirish mumkin.
Infratuzilma nuqtayi nazaridan yomgʻir suvidan foydalanish tizimlariga suv va kanalizatsiya tarmoqlari bosimini yengillashtiruvchi omil sifatida qaralishi lozim. Hozir hududlarda suv tarmoqlari eskirgan, yoʻqotishlar talaygina. Texnik ehtiyojlar uchun ichimlik suv ishlatilishi esa muammolarni yanada kuchaytirmoqda. Yomgʻir suvini yigʻish va qayta ishlatish tizimlari yoʻlga qoʻyilsa, ichimlik suv asosan isteʼmolga yoʻnaltiriladi, infratuzilmaga bosim kamayadi.
Huquqiy-meʼyoriy asoslar nuqtai nazaridan esa ushbu masalaga ixtiyoriy tashabbus sifatida emas, balki majburiy va tizimli yondashuv sifatida qarash zarur. Amaldagi sharoitda yomgʻir suvidan foydalanish boʻyicha aniq milliy standartlar va qurilish meʼyorlarida majburiy talablar yetarli darajada mustahkamlanmagan. Shu sababli Shaharsozlik kodeksi va qurilish normalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish, yangi qurilayotgan binolarda yomgʻir suvini yigʻish tizimlarini majburiy joriy etish dolzarb vazifa.
Avtomobil yuvish shoxobchalarida katta miqdorda ichimlik suv sarflanadi — bitta mashina yuvish uchun oʻrtacha 150-200 litr suv ketadi. Avtomobil yuvish jarayonining dastlabki bosqichida chang, loy va yirik iflosliklarni ketkazish, koʻpiklash va chayish ichimlik suv talab qilmaydi. Ushbu jarayonlarda yigʻilgan va filtratsiyadan oʻtkazilgan yomgʻir suvidan samarali foydalanish mumkin. Ichimlik suvdan esa faqat yakuniy chayish bosqichida foydalanish kifoya qiladi.
Hisob-kitoblarga koʻra, zamonaviy yondashuv va yomgʻir suvi asosidagi tizimlar joriy etilgan avtoyuvish shoxobchalarida ichimlik suvga ehtiyojni kamida 60-70 foiz qisqartirish mumkin. Masalan, kuniga 50 ta avtomobilga xizmat koʻrsatilsa, anʼanaviy usulda 9000 litr ichimlik suv sarflanadi. Yomgʻir suvidan foydalanilganda esa kuniga qariyb 3500 litr ichimlik suv tejaladi. Bundan tashqari, yomgʻir suvidan foydalanish avtoyuvish shoxobchalari uchun iqtisodiy jihatdan ham foydali. Suv xarajati va oqova suv toʻlovi kamayishi xizmat tannarxini pasaytiradi, tadbirkorlik faoliyatining barqarorligini oshiradi.
Yomgʻir suvidan foydalanish koʻplab mamlakatlarda samarali amaliyotga aylangan va turli sohalarda ijobiy natija bermoqda. Bu yechim suv tanqisligi kuchli, shaharsozlik, qishloq xoʻjaligi va texnik ehtiyojlar uchun suv resurslarini tejash zarur boʻlgan hududlarda keng joriy etilgan.
Xitoydagi baʼzi shahar va infratuzilmalarda yomgʻir suvini yigʻish tizimlari faol qoʻllanmoqda. Masalan, Pekindagi Milliy stadion va Milliy suv sporti markazi binolari tomidan yigʻilgan yomgʻir suvi hojatxonalarni yuvish, maydonlarni sugʻorish kabi texnik ehtiyojlarni qisman qondirmoqda. Pekin shahrida yigʻilgan yomgʻir suvi hajmi yiliga oʻnlab million kub metrga yetmoqda.
Cingapurdek kichik shahar — davlat ham suv boshqaruvi boʻyicha ilgʻor tajribaga ega. U yerda texnik ehtiyojlar uchun suvning taxminan 45 foizi yomgʻir suvi hisobidan qoplanadi. Bu qishloq xoʻjaligi va shahar infratuzilmasida suvni tejashga katta hissa qoʻshadi.
Germaniya va Yaponiya shaharsozlik tizimlarida ham yomgʻir suvidan foydalanish orqali drenaj tizimlariga tushadigan bosim kamaytirilib, shahar hududlarida toshqin xavfi pasaytirilmoqda. Germaniyada bogʻlar va sanitariya tizimlarida yomgʻir suvi qayta ishlanadi. Yaponiya esa shu orqali shaharlarni barqaror suv boshqaruvi tizimiga oʻtkazmoqda.
Hindistonda anʼanaviy hamda zamonaviy tizimlar orqali yomgʻir suvini yigʻish amaliyoti keng yoyilgan. Xususan, qurgʻoqchil hududlarda suv yigʻish inshootlari zaxiralarni mustahkamlash, suv taqchilligi yuqori boʻlgan vaqtlarda taʼminotga xizmat qiladi. Bu tajribalardan foydalanish suvni tejash bilan birga, infratuzilma barqarorligini oshirish, shahar muhitini yaxshilash va suv taʼminotidagi xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Oʻzbekistonning iqlim sharoiti yomgʻir suvidan foydalanish uchun qulay. Mamlakatimizda yillik yogʻingarchilik miqdori oʻrtacha 186 millimetr boʻlib, togʻli va togʻoldi hududlarda koʻrsatkich 300-900 millimetrgacha yetadi. Bu yomgʻir suvini yigʻish uchun yetarli hajmdir. Oʻzbekiston shimoliy tekisliklardan togʻli hududlargacha katta geografik xilma-xillikka ega. Yomgʻir suvi yigʻish tizimlari uchun turli sharoitlarda moslashuvchan yondashuvlar qoʻllanishi mumkin. Qurgʻoqchil markaziy viloyatlar uchun katta saqlash rezervuarlari, togʻli hududlarda esa tabiiy drenajlardan foydalanish imkoni bor. Yigʻilgan yomgʻir suvidan texnik ehtiyojlar, sugʻorish, hojatxona tizimlari, avtoyuvish, koʻkalamzorlashtirishda foydalaniladi. Bu ichimlik suvni yetkazib berish, tozalash va nasoslash xarajatlarini qisqartiradi, shu bilan iqtisodiy tejamkorlikni oshiradi va daromad keltiradi. Bu tizim orqali shahar mikroiqlimini yaxshilash, ichimlik suvga boʻlgan talabni kamaytirish va drenaj tizimlariga tushadigan yukni pasaytirishga qaratilgan ishlar boshlanmoqda.
Mazkur gʻoyani amaliyotga joriy etish tizimli, bosqichma-bosqich va aniq masʼuliyat mexanizmlariga tayangan holda amalga oshirilishi lozim. Birinchi bosqichda huquqiy-meʼyoriy asos yaratish masalasi turibdi. Avvalo, yomgʻir suvini yigʻish va texnik ehtiyojlarda foydalanishni tartibga soluvchi aniq talablar ishlab chiqilishi zarur. Buning uchun Shaharsozlik kodeksi va amaldagi qurilish meʼyorlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilib, yangi qurilayotgan turar joylar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, ijtimoiy bino-inshootlarda yomgʻir suvini yigʻish tizimlari majburiy talab sifatida belgilanishi lozim. Shu bilan birga, ichimlik suv va yomgʻir suvi tarmoqlarini ajratish, sanitariya va xavfsizlik talablarini aniq koʻrsatib beruvchi milliy standart ishlab chiqilishi lozim boʻladi.
Ikkinchi bosqichda pilot loyihalari ishga tushiriladi. Loyihani darhol butun respublika boʻyicha joriy etishdan koʻra, iqlim va qurilish faolligi yuqori boʻlgan hududlarda sinov tariqasida boshlash maqsadga muvofiq. Masalan, Toshkent shahri va viloyatidagi yangi qurilayotgan uy-joy massivlari, avtoyuvish shoxobchalari, savdo markazlari pilot hudud sifatida tanlanishi mumkin. Ushbu bosqichda texnik yechimlar, real suv tejash hajmi va iqtisodiy samaradorlik amaliy hisob-kitoblar orqali baholanadi.
Uchinchi bosqichda moliyaviy va iqtisodiy ragʻbatlantirish amalga oshirilishi kerak. Yomgʻir suvidan foydalanish tizimlarini oʻrnatayotgan quruvchilar va tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari, kreditlar yoki subsidiya mexanizmlarini joriy etish loyihaning ommalashuvini tezlashtiradi. Ayniqsa, avtoyuvish shoxobchalari va xizmat koʻrsatish obyektlari uchun bunday qoʻllab-quvvatlash qisqa muddatda sezilarli natija beradi.
Qurilish obyektlarini foydalanishga qabul qilishda yomgʻir suvini yigʻish tizimining real mavjudligi va ishlashini majburiy tekshiruv sharti sifatida belgilash zarur. Shu bilan birga, mahalliy hokimliklar, suv xoʻjaligi va qurilish idoralari oʻrtasida aniq vakolatlar taqsimoti yoʻlga qoʻyilishi kerak.
Hisob-kitoblar va amaliy misollarga koʻra, oʻrtacha 100 kvadrat metr tom maydoniga ega bino yiliga taxminan 300 millimetrli yogʻingarchilik sharoitida 30 ming litrga yaqin yomgʻir suvini yigʻish imkoniga ega. Agar 500 kvadrat metr tom, 5 qavatli 18 xonadonli turar joy binosini olsak, yiliga oʻrtacha 150 ming litr texnik suv zaxirasi shakllanadi. Ushbu suv hojatxona tizimlari, koʻkalamzorlashtirish va umumiy xoʻjalik ehtiyojlarida ishlatilsa, har bir xonadonda ichimlik suv isteʼmoli 30-50 foizgacha kamayadi. Yirikroq miqyosda qaralganda, agar faqat 10 mingta xonadonda yomgʻir suvini yigʻish tizimi joriy etilsa, yiliga kamida 180 ming kub metr (180 million litr) ichimlik suvni tejash mumkin. Avtoyuvish shoxobchalari misolida esa samaradorlik yanada yaqqol koʻrinadi: yiliga 1 million litrdan ortiq ichimlik suv tejaladi. Agar bu tizim kamida 1000 ta avtoyuvish shoxobchasida joriy etilsa, yiliga 1,2 milliard litrdan ziyod suv iqtisod qilinadi.
Iqtisodiy samaradorlik, avvalo, ichimlik suvni ishlab chiqarish, tozalash va yetkazib berishga ketadigan xarajat kamayishida namoyon boʻladi. Suv taʼminoti tizimlariga tushadigan bosim kamayadi, energiya sarfi 8-12 foizgacha qisqaradi, oqova suv hajmi kamayishi hisobiga kanalizatsiya xarajati ozayadi. Xonadonlar boʻyicha olganda, bir yilda kommunal toʻlovlar oʻrtacha 120-250 ming soʻmgacha qisqarishi mumkin. Xullas, yomgʻir suvidan foydalanish loyihasi nafaqat ekologik, balki aniq raqamlar bilan isbotlangan iqtisodiy foyda keltiradigan, oʻzini oʻzi toʻliq oqlaydigan samarali yechimdir.
Muhsiddin NIZOMIDDINOV,
xalq deputatlari
Toshkent viloyati kengashi deputati