Taqdimotda davlatimiz rahbari yaqin yillarda foydalanishga topshiriladigan mazkur loyihalarni yana-da takomillashtirish yuzasidan takliflarini berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sunnatilla Bekenov yuz.uz sayti muxbiriga yurtimiz turizmini rivojlantirishga qaratilgan mazkur loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida oʻz fikr-munosabatlarini bildirdi.

— Fransiya hukumati tomonidan yurtimizda togʻ-changʻi infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha imtiyozli va uzoq muddatli kredit ajratilgan. Mazkur mablagʻlarni oʻzlashtirish yuzasidan alohida loyiha ishlab chiqilgan. Loyihaga koʻra, Bildirsoy, Chimyon, Nanay hududlarida turistik infratuzilma yaratiladi. Shuningdek, uning atrofida tijorat infratuzilmasi ham tashkil etiladi. Bundan tashqari, mazkur asosida xususiy investorlarni jalb qilish ham koʻzda tutilgan.

Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga koʻra, 2021-2022-yilning qish mavsumida Chimyonda qoʻshimcha infratuzilma yaratiladi. Loyihaning muhim jihati shundaki, bu infratuzilmalar faqat qish mavsumi uchun emas, balki, turistlarning yil davomida kelib dam olishini koʻzda tutadi.