Jurnalist Estel Jolive “La Voix du Nord” gazetasi saytida e'lon qilgan maqolasida fransiyalik talaba Leoning O'zbekistondagi, xususan, Toshkent va Qoraqalpog'iston Respublikasidagi taassurotlarini bayon qiladi.

Aslida talabalarning O'zbekistonga “yurishi”, Leoning aytishicha, imkoniyat va sarguzasht o'rtasida rivojlangan, talabalar suv resurslarini boshqarish bilan bog'liq loyihalarni ichimlik suv tanqis hududlarda qo'llab ko'rishni maqsad qilgan va tinimsiz izlangan. Bunda ular Orol dengizi atrofidagi aholi punktlariga to'xtalgan.

– O'zbekiston xalqaro hamkorlikka ochiq hamda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun imkoniyatlari etarli va juda qiziqarli mamlakat. Shu bois, viza olish ham ancha oson.

“Nukus davlat universiteti yotoqxonasida yashayotgan uch frantsuz talabasi o'z oldiga shunday maqsad qo'ygan: plastik qoplamalar, polivinilxlorid kabi materiallarni osonlikcha topish mumkin bo'lgan mamlakatda toza ichimlik suv ishlab chiqarishga erishish”, deb yozadi muallif.

– Biz loyiha bilan aholining o'zi shug'ullanishini istaymiz. Buning uchun ularga qurilmani ko'paytirish, qurish va texnik xizmat ko'rsatish yo'llarini o'rgatamiz, – deydi Leo. – Loyiha kechasi haroratning pasayishi natijasida hosil bo'lgan kondensatsiya jarayonidan foydalanib bir kvadrat metrdan har kuni 0,7 litr ichimlik suv yig'ib olish imkonini beradi.

Leo Parij transport boshqarmasining tadqiqotlar bo'limida amaliyot o'tagani, bu vaqtda simulyatsiya dasturlari ustida ishlagani, shuningdek, stantsiyalar orasidagi masofa, balandlik farqlarini ishlab chiqqani haqida gapirib berar ekan, O'zbekistondagi poezdlar va Toshkent metrosi harakati aks etgan videolarni ham ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtiradi va “Rasmiylar uni suratga olishga ruxsat berganiga atigi uch yil bo'ldi. Ilgari bu davlat siri hisoblanardi”, deya izoh qoldiradi.