Ushbu yirik gastronomik tadbir doirasida tashkil etilgan stendda O‘zbekistonning turizm salohiyati, milliy taomlari va gastronomik merosi namoyish qilinyapti.
O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari turli gastronomik assotsiatsiyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazyapti. Jumladan, Butunjahon oshpazlar jamiyati (Worldchefs Assosiation) vakillari bilan muzokaralar olib borilib, kelajakda O‘zbekistonning gastronomik festival va ko‘rgazmalardagi ishtirokini kengaytirish hamda gastronomik turizm sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va O‘zbekistonning milliy brendini targ‘ib qilish bo‘yicha masalalar muhokama etildi. Shuningdek, festival mehmonlari O‘zbekistonning boy madaniyati va mehmondo‘stligini yuqori baholab, mamlakatimizga sayohat qilish istagini bildirdi va O‘zbekistonni gastronomik sayohatlar uchun istiqbolli manzil sifatida e'tirof etdilar.
Festivalda O‘zbekiston oshpazlari tomonidan tayyorlangan osh festival mehmonlariga taqdim etildi. Ushbu taomlar nafaqat ta'mi bilan, balki ularning tayyorlanish jarayoni orqali ham katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, osh tayyorlash san’ati mehmonlarda katta taassurot qoldirib, ko‘plab xalqaro gastronomiya ekspertlari tomonidan ijobiy baholandi, deb xabar beradi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.
«Worldchefs Village» xalqaro oshpazlar festivali 27-yanvarga qadar davom etadi.