баннер
22 Mar 2025
04:50

    Fransuz fotografi Pol Nadar “temir darvoza”ni suratga olish tarixi qanday boʻlgan?

    “Temir darvoza”ni “Amir Temur darvozasi” shaklida qoʻllash notoʻgʻri. Aksincha, ushbu jugʻrofiy joyni oʻzining tarixiy nomi bilan atash buyuk bobokalonimizga hurmatimizni zarracha kamaytirmaydi.

    Parijga rasmiy tashrifi chogʻida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron sovgʻa qilgan, mashhur fotograf Pol Nadar tomonidan XIX asr oxirlarida ishlangan suratni qabul qilar ekan, iftixor bilan “Bu mening Vatanim!” dedi.

    Televizor ekranlarida, internet sahifalari orqali ushbu voqeani kuzatganlarning koʻpchiligini Prezidentimiz iftixor bilan “Bu mening Vatanim!” deb qabul qilgan suratda yurtimizning qaysi manzili aks ettirilgani, Pol Nadarning kimligi qiziqtirishi tabiiy.

    Prezident tuhfasi Jizzax viloyati hududidagi Nurota va Morguzar togʻ tizmalarini bir-biridan ajratib turuvchi Ilon oʻtti darasining eng tor joyidagi “Temir darvoza” deb ataluvchi tabiat yodgorligining fotosurati edi. Ushbu suratni Pol Nadar bundan 135-yil avval — 1890-yilda Turkistonga sayyoh sifatida kelgan payti tushirgan.

    Jahon fotografiyasi tarixida oʻlmas asarlari bilan iz qoldirgan buyuk fransuz fotografi Pol Nadar nomi Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston uchun unchalik notanish emas.

    Fotograflik Pol Nadarning otameros kasbi edi. U XIX asrning buyuk yozuvchilari, shoirlari, siyosiy arboblari, faylasuflari va donishmandlari fotoportretlarini yaratib, Nadar taxallusi bilan jahonga tanilgan fransuz fotografi Gaspar Feliks Turnashon oilasida 1856-yilda Parijda tugʻilgan.

    Pol Nadar 1874-yildan otasining studiyasida ishlay boshlaydi. U 1890-yilda Toshkentda oʻtkazilgan jahon fotokoʻrgazmasiga oʻz asarlarini qoʻyish maqsadida Turkistonga safar qiladi.

    U 18-avgustda Parijdan chiqib, Istanbul, Boku, Botumi va Tbilisi shaharlaridan, Kaspiy dengizidan oʻtib, “Sharqiy ekspress” poyezdida va soʻngra ot aravalarda oʻsha paytda Turkiston guberniyasi hududi boʻlgan Oʻzbekistonga yetib keladi. Ikki oy davomida Samarqand, Buxoro, Toshkent, Jizzax va boshqa koʻplab shaharlarda boʻlib, oʻlkaning kundalik hayoti, yodgorliklari, tabiati, temir yoʻl qurilishi haqida

    1200 ga yaqin surat va portret ishlagan. Ushbu sayohati tufayli fotografiya tarixida birinchilardan boʻlib “Katta reportajlar” toʻplamini yaratgan va Toshkentda oʻtkazilgan fotokoʻrgazmada qatnashgan edi.

    Nadar oʻsha davr manzarasi — masjidlar, bozorlar, koʻchmanchilar hayoti, oʻynab yurgan bolalar, savdogarlar, mahalliy amaldorlarni fotosuratga olgan, jumladan, toʻplamida Buxoro amiri portreti bor. Suratlarda aks etgan joylarning bugungi qiyofasi butunlay oʻzgarib ketgan.

    Bu oʻzgarishni “Temir darvoza”ning bundan bir yuz oʻttiz besh yil burungi surati bilan uning hozirgi koʻrinishidagi farq ham aniq aks ettirib turibdi. Nadar suratga olgan davrda daraning “darvozasi” anchagina tekis boʻlgan, avtomobil tosh yoʻli va temir yoʻllar u vaqtda qurilmagan, Sangzor daryosi oʻzani bir tekisda butun dara boʻylab choʻzilgan ekan.

    Yana bir muhim oʻzgarish — tabiatning bezavol holati. Bundan yuzlab yil oldin yashaganlardan hech biri qoyatoshga nomini yozib, tabiat husniga putur yetkazmagan. Pol Nadar ushbu surati orqali bizga shuni ham yetkazibdi.

    Buyuklarning buyukligi shundaki, oʻzi oʻtib ketganidan soʻng ham merosi avlodlarga xizmat qiladi. Pol Nadarning fotoreportajlari, fotoportretlari, fotolavhalari davrlar, avlodlar tasvirini davrdan davrga, avloddan avlodga yetkazib kelmoqda.

    Tarix buyuk fotografning xizmatlarini unutmaydi. 2010-yilda Toshkentda Fransiya madaniyat va axborot vazirligi hamda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida “Pol Nadar: Turkiyadan Turkistonga 1890” koʻrgazmasi ochilib, unda buyuk fotoustaning Fransiya fotoarxivida saqlanayotgan negativlarining asl nusxalaridan ishlangan, Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekistonning boy qadimiy madaniyatini aks ettiruvchi 70 ta fotosurati namoyish etilgandi. Oʻsha koʻrgazma tufayli buyuk fransuz fotoustasi oʻzining asarlari orqali yurtimizga ikkinchi marta kelgandi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasining Fransiyaga rasmiy tashrifi davomida har ikkala davlat rahbarlari oʻzaro sovgʻalar almashishda oʻz xalqlari tarixiga, madaniyatiga katta hurmat bilan buyuk shaxslarning nodir asarlarini tanlashlari tufayli diyorimiz noyob tabiati aks etgan surat yurtimizga keldi. Prezidentimiz “Bu mening Vatanim!” deb faxrlanganidek, suratda aks etgan manzil yurtimiz timsollaridan biridir.

    Shu oʻrinda ushbu fotosuratda aks ettirilgan joy nomi bilan bogʻliq bir noaniqlikni aytib oʻtish lozim. Ushbu tarixiy suratda aks ettirilgan noyob tabiiy yodgorlik mashhur Sohibqiron bobomiz Amir Temurga hech aloqasi boʻlmasada, uni “Amir Temur darvozasi”, “Tumurlan darvoza” deb atash odat boʻlib qolgan. Prezidentimizning Parijga rasmiy tashrifini yoritgan xorijdagi, hatto respublikamizdagi ayrim ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar bu surat tushirilgan joy nomini keltirishda shunday xatoga yoʻl qoʻydi.

    Sharqu Gʻarbni bogʻlovchi Buyuk ipak yoʻlida tabiat yaratgan bu darvozaning tarixi barcha oʻtgan buyuk zotlarning tarixidan ancha qadimiy boʻlib, u Amir Temurni va ungacha qancha fotihlaru buyuk zotlarni kutib olib, kuzatib qoʻygan. Tarixiy asarlarda, qadim turkiy bitiklarda bu joy “Temir qopqa”, yaʼni “Temir darvoza” shaklida yozib qoldirilgan. Shunday ekan, uni “Amir Temur darvozasi” shaklida qoʻllash notoʻgʻri. Aksincha, ushbu jugʻrofiy joyni oʻzining tarixiy nomi bilan atash buyuk bobokalonimizga hurmatimizni zarracha kamaytirmaydi.

    Keyingi paytlarda bu xato tariximizdan bexabar xorijiy axborot vositalaridan tashqari, oʻzbek tilidagi ayrim ijtimoiy tarmoq kanallarida, tijoriy reklamalarda uchrashi juda achinarli. Bunday hollarga befarq boʻlmasligimiz, tuzatishimiz kerak.

    Toshqul BEKNAZAROV,

    faxriy jurnalist

    Telegram kanalimiz
    Text to speech