Freelance va biznes akselerator markazlari yoshlarga nima beradi?

    Keyingi avlod 18 Iyun 2020 5707

    Ayni kunlarda mamlakatimizda “Yoshlar oyligi” doirasida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Shu yilning 11-iyundan yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga doir loyihalarga start berildi.

    11-20-iyun kunlariga mo‘ljallangan mazkur bosqich loyihalarini “Biznes sayohatlar” boshlab berdi. Bunda biznesga qiziqadigan, o‘z ishbilarmonlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagidagi bir guruh yoshlar mutaxassislar boshchiligida barcha karantin qoidalariga rioya etgan holda, yirik ishlab chiqarish korxonalariga sayohat qilyapti. Har bir manzilda ular mahsulotlarni qayta ishlashdan tortib, tayyor holatga kelgunga qadar kechadigan jarayonlarni ko‘rib, korxonalar ish faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.

    Freelancer – kelajak kasbi

    Bugun yoshlar orasida ommalashayotgan frilansing sohasiga yurtimizda ham a’tibor ortmoqda. Ushbu yo‘nalish vakillari, ya'ni internet tarmoqlari orqali xizmatlar ko‘rsatuvchi (ishlar bajaruvchi) o‘zini o‘zi band qilgan kishilar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ularning faoliyatiga bir qator imtiyoz va imkoniyatlar berilmoqda.

    “Yoshlar oyligi” doirasida ana shunday faoliyat turiga qiziquvchi yigit-qizlarning malakasini oshirish, ularga zarur yordamlarni ko‘rsatish va ish olib borishlari uchun qulay muhit yaratish maqsadida 13 iyun` kuni Toshkent shahri Yoshlar markazida Freelance centre tashkil etildi.

    Markazda pandemiya paytida 15 ta, karantindan keyin 28 nafar frilanserning ishlashi uchun sharoit yaratilgan. Xona internet tarmog'iga ulangan eng zamonaviy komp`yuter qurilmalari bilan jihozlangan.

    — Yangi tashkil etilgan Frilanserlik markazi eshiklari 5 ish kuni davomida barcha yoshlar uchun ochiq, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi matbuot kotibi Qahramon Maulenov. — Bu erda frilanserlik faoliyatini boshlagan, ammo uyida ishlashga sharoiti bo‘lmagan yoki bu yo‘nalishga qiziqayotgan va uni o‘rganish istagidagi yigit-qizlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Prezidentimizning joriy yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g'risida”gi qarori bilan frilanserlarga kontrakt tuzmasdan, kelishuv to‘g'risidagi ommaviy taklifni (oferta) qabul qilish yoki elektron yozishmalar almashish yoxud hisob-kitob fakturalari (invoys), jumladan, elektron shaklda taqdim qilish yo‘li bilan chet ellik jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish huquqi berildi. Shu bois, biz yoshlarga o‘z mijozlarini ko‘proq tashqi bozordan topishlariga ko‘maklashishni maqsad qilganmiz.

    Shuningdek, markazda Hirelancer.uz sayti asoschisi Jamshid Sobirov va uning bir qancha yo‘nalish bo‘yicha ish olib boradigan professional koordinatorlardan iborat jamoasi ham faoliyat yuritmoqda. Ular yosh frilanserlarga veb-dizayn, sayt ishi, videodasturlar ishlab chiqish bo‘yicha nazariy va amaliy yordam berish bilan birga, bu sohaga endi qadam qo‘yayotgan yigit-qizlarning o‘z ishini topib ketishida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishga doim tayyor.

    Loyihalar davom etadi

    “Yoshlar oyligi” doirasida 30 yoshgacha bo‘lgan, katta muvaffaqiyatlarga erishgan yosh tadbirkorlar bilan suhbatlar o‘tkaziladigan “30 Go! Stop!”, chegaralangan vaqtda turli yoshdagi tadbirkorlar bilan blits savol-javoblar tarzida tayyorlanadigan “120 soniya” loyihalarini o‘tkazish va ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi.

    Oylik doirasida Toshkent shahri Yoshlar markazida Biznes akselerator markazi ochilishi ham ko‘zda tutilgan. Bu erda malakali mutaxassislar yoshlarga biznes yuritish sirlari, buxgalteriya, marketing, soliq, bankrotlik yo‘nalishlari bo‘yicha saboq berishi ko‘zda tutilgan. Hozircha seminar va mahorat darslari onlayn tarzda o‘tkaziladi. Karantindan keyin esa aniq guruhlar shakllantirilib, darslar vaqti belgilanadi.

    Iroda TOShMATOVA