Frilanserlik yoshlar bandligini ta'minlashning yangicha yo'li(mi)?

    Fikr 17 May 2020 4708

    Bugun ko'plab yoshlar uyida o'tirib, internet orqali dizaynerlik, tarjimonlik, dasturlash, reklama, repetitorlik kabi xizmatlarni ko'rsatmoqda.

    Lekin bunday mutaxassislar, ya'ni frilanserlar uchun masofadan hisob raqami ochish, pochta, to'lovlarni qabul qilishda qator to'siqlar mavjud. Oqibatda ushbu faoliyat bilan shug'ullanuvchilarning xarajatlari 2-3 barobar oshib ketmoqda.

    Prezidentimiz raisligida joriy yilning 22 aprel` kuni aholi bandligini ta'minlash va daromadi keskin kamayishining oldini olish masalalari bo'yicha o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida asosiy ish joyidan ajralib qolgan yoshlarni qo'llab-quvvatlash va ularni mavsumiy ishlarga jalb qilish orqali bandligini ta'minlash masalasi muhokama etilar ekan, mutasaddilarga frilanserlik kabi faoliyat turlari uchun imtiyoz va preferentsiyalar be-rish, yoshlarni internetdan foydalanib, aqliy mehnat orqali daromad topishga o'rgatish, sohani rivojlantirish uchun xorijda ommabop bo'lgan to'lov tizimlarini yo'lga qo'yish bo'yicha topshiriqlar berildi.

    Ayni paytda belgilangan vazifalarni hal etish va yo'lga qo'yish borasida qanday ishlar olib borilmoqda?

    Abdulaziz NAZIROV, O'zbekiston YOshlar ittifoqi Toshkent shahri kengashi raisi:

    — Masalaga echim qidirishdan oldin soha rivojiga to'siq bo'lib turgan muammolarni, ularning sabablarini o'rganishimiz kerak. Buning uchun M-faktor loyihasi bilan hamkorlikda uch kunlik onlayn forum tashkil qildik. Unda mahalliy va xorijiy ekspertlar, o'z yo'nalishida muvaffaqiyatga erishib kelayotgan hamda frilanserlar xizmatlaridan foydalanayotgan yigirmaga yaqin tadbirkorni taklif etdik. Ular soha rivojiga to'sqinlik qilayotgan muammolarni o'rtaga tashlab, echimiga doir o'z taklif va mulohazalarini bildirdi. Ayni paytda frilanserlik bazasini shakllantirishni boshladik. Hozircha poytaxt yoshlari qamrab olinib, 200 nafarga yaqin frilanser ro'yxati tuzildi.

    Botir ORIFJONOV, tadbirkor:

    — Masofadan ishlash va pul topish borasidagi eng dolzarb masalalardan biri ta'limdir. Dasturlash bo'yicha ta'lim berishni yo'lga qo'yish kerak. Buning uchun dasturlash ta'limini universitet o'quv dasturiga kiritib, mutaxassis tayyor bo'lishini to'rt yillab kutish shart emas.

    Zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir vaqtda bu faqat vaqt yo'qotishga xizmat qiladi. Frilanserlikni o'rgatish uchun onlayn yoki oflayn markazlarni ochish kerak. Bu markazlar davlat tomonidan qo'llab-quvvatlansa va keng ko'lamda tashkil qilinsa, bir yilda taxminan 10 mingga yaqin yoshni frilanserlikka o'rgatish imkoniyati bor. 18 oy yoki uzog'i bilan ikki yil davom etadigan bu kurslar oliy ta'lim tizimi- dan bir necha barobar tez va samaraliroqdir.

    Agar bu reja yo'lga qo'yilsa, bir-ikki yil ichida O'zbekiston bozoriga birdaniga 10 mingga yaqin mutaxassis kirib keladi. Ular o'zbek segmentida samarali ishlash bilan bir qatorda o'z xizmatlarini eksport ham qila boshlaydi. Aytaylik, dasturlash tizimini yaxshi o'zlashtirgan yosh mutaxassis bir oyda o'rtacha besh million pul topa oladi. Buning uchun unga kom`pyuter va internet bo'lsa, etarli.

    Jamshid SOBIROV, www.hirelancer.uz frilans birjasi mualliflaridan biri:

    — Mamlakatimizda frilanserlik faoliyati oldindan bor edi. Faqat turli sabablar va muammolar borligi uchun soha biroz oqsayotgandi. Aytish kerakki, frilanserlikda ish beruvchi va xizmat ko'rsatuvchilarga ehtiyoj juda yuqori.

    Faqat ular foydalanuvchilar holida ishlamoqda. Bu soha ekotizimining yaxshi emasligi talab va taklifni birlashtiruvchi markazlashgan baza yo'qligidandir balki.

    SHulardan kelib chiqqan holda juda qisqa muddatda www.hirelancer.uz frilans birjasini ishga tushirdik. U orqali nafaqat soha rivojlanadi, balki masofadan hisob raqami ochish, pochta, to'lovlarni qabul qilishda mav- jud qator to'siqlar bartaraf etilib, xarajatlarning 2-3 barobar oshib ketishiga barham beriladi.

    Platformaga kirgan mutaxassis o'ziga tegishli bo'lgan sohani tanlaydi va ish beruvchiga o'zining portfoliosini jo'natadi. Ish beruvchi unga sinash uchun ishning bir qismini berib ko'radi. Frilanser sinovdan o'tsa, o'zaro onlayn shartno- ma tuziladi. Unga ko'ra, buyurtmachi shu ish uchun belgilangan narxdagi mablag'ni Uzcard, Pay me, Click kabi to'lov tizimlari orqali platforma- ga yuklaydi. Masofadan ishlayotgan mutaxassis barcha topshiriqni a'lo darajada bajarsa, mablag' ID raqam orqali uning plastik kartasiga o'tkazib beriladi. Bunda bank tomonidan pul o'tkazmasidan bir foiz miqdorda soliq ushlab qolinadi. Bu mutlaqo xavfsiz va kafolatli tizim bo'lib, ayni paytda ushlanadigan soliq miqdorini kamaytirish, chet ellik ish beruvchilarni ham jalb qilgan holda xorijiy valyutalarda ham to'lov qilish imkoniyatini yaratish hamda platformani foydalanuvchilarga o'zbek tilida taqdim etish masalalari ustida ish olib boryapmiz.

    Husan MAMASAIDOV, “M-faktor” loyihasi asoschilaridan biri:

    — Frilanserlik birjasining onlayn tarzda tashkil etilishi nafaqat sohani jadal rivojlantiradi, balki ortiqcha mablag' tejalishiga ham yordam beradi. Biz agar frilanserlar muloqotini oflayn tarzda tashkil etmoqchi bo'lsak, So-working markazlar yaratish, binolar qurish, moddiy-texnik bazani yo'lga qo'yish uchun juda katta mablag' ketadi. Masofadan ishlash platformasi sog'lom raqobat yaratishi bilan ish beruvchiga ham, frilanserga ham juda qulaydir.

    Bunda frilanserga o'z portfoliosini chiroyli tarzda yaratish, o'z ishining ustasi bo'lish va ishga mas'uliyat bilan yondashish etarli.

    “YAngi O'zbekiston” muxbiri

    Sohiba MULLAEVA yozib oldi.