Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Xorazm viloyatidagi hududiy vakili nomiga Urganch shahrida yashovchi fuqaro X.R. yangi uy-joy sotib olish boʻyicha tuzilgan shartnoma shartlari 2 yildan beri bajarilmagani boʻyicha murojaat qildi.

Murojaatchining yozishicha, 2020-yil 31-yanvar kuni Urganch tumanida faoliyat yurituvchi “F E” MCHJ shaklidagi qurilish korxonasi bilan koʻp qavatli turarjoydan uy sotib olish boʻyicha shartnoma tuzilgan. Shartnomaga asosan toʻlanishi lozim boʻlgan summa tasdiqlangan jadval asosida toʻlangan. 2020-yilning 31-dekabriga qadar egasiga topshirilishi kerak boʻlgan uy oradan 2 yil oʻtsa ham qurib bitkazilmagan.

Fuqaro X.R. qurilish korxonasidan pullarini qaytarib olish boʻyicha bir nechta tegishli davlat tashkilotlariga murojaat qilgan boʻlsa-da, bundan ijobiy natija boʻlmaganini bildirib, ushbu masalani ijobiy hal qilishda yordam soʻradi.

Mazkur murojaat va unga ilova qilingan hujjatlar hududiy vakil tomonidan oʻrganib chiqilganda arizada keltirilgan vajlar oʻz tasdigʻini topdi.

Shuningdek, ariza muallifining shaxsi oʻrganilganda uning haqiqatan ham hozir oʻziga tegishli boʻlgan yashash joyi mavjud emasligi, oilasi bilan ijarada turishi, oilasining ahvoli moddiy jihatdan yaxshi emasligi maʼlum boʻldi.

Shundan soʻng Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan fuqarolik ishlari boʻyicha Urganch tumanlararo sudiga fuqaro X.R. manfaatini koʻzlab daʼvo arizasi kiritildi.

Sud fuqaro manfaatida kiritilgan daʼvo arizasini toʻliq qanoatlantirib, javobgardan fuqaro X.R. foydasiga shartnoma boʻyicha toʻlangan mablagʻ hamda shartnoma shartlari vaqtida bajarilmagani uchun hisoblangan penya summasini undirish toʻgʻrisida hal qiluv qaror chiqardi.

Hal qiluv qarorida koʻrsatilgan summa fuqaro X.R.ga toʻliq undirib berildi.