Fuqaroga “trudovoy”ini bermagan tashkilot holiga “voy”

    Ijtimoiy hayot 17 Dekabr 2022 1704

    Navoiy shahrida yashovchi Shohruh Yodgorov Karmana tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimiga dispetcher boʻlib ishga kirganidan juda xursand boʻlgandi.

    Afsuski uning quvonchi uzoqqa choʻzilmadi. Toʻgʻrisi, unga nisbatan mutasaddilarning “ishsizlarni ishga joylashtirdik”, qabilida ish tutilganidan juda ogʻrindi. Chunki, ishsiz insonning oʻziga va qobiliyatiga boʻlgan umidi soʻnadi. Taʼkidlashicha, hatto 3 oy ham ishlamabdi. 2021-yilning 9-dekabridan tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimini 8-harbiylashtirilgan yongʻin qutqaruv qismining navbatchi dispetcheri vazifasiga kirishgan boʻlsa, 2022-yilning 1-martidan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.

    Biroq, negadir Karmana tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi fuqaro Shohruh Yodgorovga mehnat daftarchasini qaytarib bermaydi. Murojaati ham befoyda. 6 oy deganda qoʻliga mehnat daftarchasini oldi. Shunda fuqaro mehnat munosabatlaridagi adolatsizlikka chek qoʻyish uchun Navoiy shahar adliya boʻlimidan huquqiy yordam soʻradi.

    Navoiy shahar adliya boʻlimi fuqaro Shohruh Yodgorov manfaatiga javobgar Navoiy viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga nisbatan ish haqqi va maʼnaviy zarar undirish toʻgʻrisida Fuqarolik ishlari boʻyicha Karmana tumanlararo sudiga ariza bilan murojaat qildi. Sud esa fuqaroga 6 oy davomida mehnat daftarchasi bermagan Karmana tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimidan majburiy progul tufayli daʼvogar foydasiga 10 mln 868 soʻm miqdorda kompensatsiya pullari va 1 mln soʻm maʼnaviy zarar undirishni qanoatlantirdi.

    Toʻgʻrisi, sud ishida Navoiy viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining mehnat munosabatlariga masʼul xodimlari ishtirok etmadi. Biroq, fuqaro haqiqat qaror topganidan mamnun. Demak, agar sizning mehnat daftarchangiz ish joyingizdan qaytarib berilmasa, bilingki oʻsha tashkilot holiga voy. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 108-moddasida mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasini berishi shart. Yoʻqsa, mazkur kodeksning 275-moddasi bilan majburiy progul vaqti uchun haq toʻlaydi. Xuddi Karmana tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi singari...

    Shirinbek Ochilov,

    Navoiy shahar adliya boʻlimi bosh maslahatchisi