Shtat qisqarganda kimlar ustunlikka ega boʻladi?

    Xodim shtat qisqarishi yoki malakasi yetarli boʻlmagani uchun ishdan boʻshatilayotganda, ish beruvchi xodimga uning mutaxassisligi va malakasiga muvofiq boshqa ishga oʻtkazishni, bunday ish boʻlmaganda esa ish beruvchida mavjud boʻlgan boshqa har qanday ishni taklif etishi shart.

    Davlat organi yoki tashkilotida shtat qisqarishi natijasida xodimlar ishdan boʻshatilganda malakasi va mehnat unumdorligi yuqoriroq xodimlar ishda qoldiriladi.

    Malakasi va mehnat unumdorligi bir xil boʻlganda esa Mehnat kodeksining 167-moddasiga asosan quyidagi xodimlarga afzalliklar beriladi:

    — qaramogʻida ikki yoki undan ortiq kishi boʻlgan xodimlarga;
    — oilasida mustaqil ish haqi oluvchi boshqa xodimlar mavjud boʻlmagan shaxslarga;
    — mazkur ish beruvchidagi uzoq muddatli ish stajiga ega boʻlgan xodimlarga;
    — ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy va oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlarida mehnat shartnomasiga koʻra tegishli mutaxassislik boʻyicha oʻz malakasini oshirayotgan xodimlarga hamda ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy va oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlarini tamomlagan shaxslarga oʻqishni tamomlaganidan keyin mutaxassisligi boʻyicha ishlash sharti bilan uch yil mobaynida;
    — ushbu tashkilotda mehnatda mayib boʻlgan yoki kasb kasalligiga uchragan shaxslarga;
    — nogironligi boʻlgan shaxslarga;
    — 1941-1945-yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlar boʻyicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
    — mehnatdagi yutuqlari uchun ragʻbatlantirishlarga ega boʻlgan va intizomiy jazolarga ega boʻlmagan xodimlarga;
    — atom obyektlaridagi avariyalar oqibatida zarar koʻrgan shaxslarga.

    Shuningdek, xodim taklif etilgan ishni rad etsa, ish beruvchida boshqa ish boʻlmasa, shundan soʻnggina xodim ishdan boʻshatiladi.