Ishga qabul qilinayotganda kimlarga sinov muddati belgilanmaydi?

    Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 130-moddasida dastlabki sinov muddati belgilab qoʻyilgan.

    Dastlabki sinov muddati uch oydan, tashkilotlarning rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari, bosh buxgalterlar hamda tashkilotlar alohida boʻlinmalarining rahbarlari uchun esa olti oydan oshmasligi kerak.

    Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri va xodim haqiqatda ishda boʻlmagan boshqa davrlar dastlabki sinov muddatiga qoʻshilmaydi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 129-moddasiga binoan, quyidagi shaxslar ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi:

    — homilador ayol, 3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayol yoki 3 yoshga toʻlmagan bolani yolgʻiz oʻzi tarbiyalayotgan ota (vasiy);

    — zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlariga ishga joylashtirish uchun yuborilgan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslar;

    — davlat grantlari asosida oʻqigan va oliy taʻlim tashkilotini tamomlagan kundan eʻtiboran 3 oy ichida yoʻllanma boʻyicha olingan mutaxassisligiga doir ishga kirayotgan oliy taʻlim tashkilotlarining bitiruvchilari;

    — tegishli taʻlim tashkilotini tamomlagan kundan eʻtiboran 1-yil ichida birinchi bor ishga kirayotganda olingan mutaxassisligi boʻyicha mustaqil ravishda ishga joylashayotgan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʻlim tashkilotlarining bitiruvchilari;

    — oʻzi bilan 6 oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlar;

    — 18 yoshga toʻlmagan shaxslar;

    — ishga qaytadan qabul qilingan taqdirda ish beruvchi ilgari qaysi xodimlar bilan mehnat shartnomasini alohida asoslar boʻyicha bekor qilgan boʻlsa, oʻsha shaxslar;

    — ishlab chiqarishda oʻqitish shartnomasi boʻyicha ushbu ish beruvchida oʻqishni oʻtagan oʻquvchilar;

    — jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida va ish beruvchining ichki hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa xodimlar.