Farmon bilan quyidagilar tasdiqlandi:

Davlat xizmatlari markazlari va YAIDXP orqali bosqichma-bosqich joriy etiladigan davlat xizmatlari roʻyxati (87 ta);

2022-yil 1-yanvardan koʻrsatish muddatlari qisqartiriladigan davlat xizmatlarining ayrim turlari roʻyxati (59 ta).

2022-yil 1-yanvardan davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlardan quyidagilarni talab qilish bekor qilinadi:

faktlarni tasdiqlovchi maʼlumotlarni:

tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma maʼlumotlarini;

litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar qabul qilinganligi toʻgʻrisida tasdiqnoma mavjudligi boʻyicha maʼlumotlarni;

davlat boji, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar toʻlanganligi toʻgʻrisida maʼlumotlarni;

qimmatli qogʻozlar, qimmatli qogʻozlar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar, dividendlar olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;

kam taʼminlangan oila yoki oila aʼzosi sifatida roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida maʼlumotlarni;

jismoniy shaxslar tomonidan toʻlangan va olingan alimentlar toʻgʻrisida maʼlumotlarni;

oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom maʼlumotlarini;

jismoniy shaxs oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini tugatganligi haqida maʼlumotlarni;

jismoniy shaxs umumiy oʻrta taʼlim (11-sinf negizida) muassasasini tugatganligi haqida maʼlumotlarni;

fuqaro “Yoshlar daftari” yoki “Ayollar daftari”da mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlarni;

oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlarni;

oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozga ega boʻlgan abituriyentlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat toʻgʻrisida maʼlumotlarni;

quyidagi hujjatlarni:

moliyaviy hisobotlar nusxalarini;

jismoniy shaxslarning oxirgi 12 oydagi ish haqini tasdiqlovchi maʼlumotnomalarni;

ijtimoiy nafaqa va pensiyalar toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni.

Bunda, ushbu hujjat va maʼlumotlar tegishli masʼul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab olinadi.