Konstitutsiyaviy qonun loyihasida fuqarolarning yuridik yordam olish masalasi ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Xususan, Konstitutsiya muqaddimasining o‘zida ham “har bir insonning sha’ni va qadr-qimmati, farovonligi hamda manfaatlari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladigan, insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish hamda mustahkamlash borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatimizni anglagan holda” degan mazmundagi band kiritilgan.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur norma, o‘z navbatida, yangi O‘zbekistonda har qanday islohatlar inson qardi uchun ekanligi, insonlarning qonuniy huquqlar va manfaatlari davlat himoyasida ekanligi haqida hoyalar ifodalangan. Shuningdek, Konstitutsiyaviy Qonun loyihasida Konstitutsiyaning 26-moddasiga “Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlanadi. Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak. Qonunni qo‘llash jarayonida yuzaga keladigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin” degan ustovor normaning kiritilishi fuqarolarning yuridik xizmatdan foydalanishi konstitutsiyaviy huquq sifatida yanada tan olinmoqda.
Xususan, BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zeyd Raad
Al-Xuseyn ta’kidlashicha “Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi juda jiddiy va yorqin dastur, unda BMTning inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan g‘oyalari va islohotlari aks etgan. Biz Strategiyada ko‘zda tutilgan islohotlar uzoq muddatga mo‘ljallangan, ularni amalga oshirish uchun ma’lum bir muddat talab etiladi, deb hisoblaymiz, biroq eng asosiysi, jarayon boshlandi”.
Shu bilan birga alohida ta’kidlashimiz lozimki, Konstitutsiyaviy Qonun loyihasida 261-modda yangi modda qo‘shilgan bo‘lib, unga ko‘ra “Har bir shaxs advokat yordamidan o‘z tanloviga ko‘ra hamda jinoyat protsessining har qanday bosqichida foydalanish, shaxs ushlab turilganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran foydalanish huquqiga ega.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ayblovning mohiyati va asoslari to‘g‘risida xabardor qilinish, o‘ziga qarshi ko‘rsatma bergan guvohlar bilan yuzlashtirilish, o‘z foydasiga ko‘rsatma berayotgan guvohlarning chaqirtirilishi huquqiga ega.
Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Huquqbuzarliklardan va hokimiyatni suiiste’mol qilishdan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jabrlanganlarga odil sudlovdan foydalana olishini va yetkazilgan zarar kompensatsiya qilinishini ta’minlaydi.
Har bir shaxs davlat organlarining yoki ular mansabdor shaxslarining noqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega.”
Yangi O‘zbekiston sharoitida fuqarolarning yuridik, ayniqsa bepul yuridik yordam olish bo‘yicha huquqlari tubdan o‘zgartirilmoqda. Shu bilan birga yuridik yordam olish sohasida mavjud ortiqcha tartib-taomillar qisqartirilgan holda, soddalashtirilgan tizim yaratilmoqda. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev
30-may kuni “Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra,
2023-yil 1-yanvardan:
- advokatlik faoliyati uchun litsenziya berish, malaka imtihonini topshirish tartibi saqlangan holda, “Litsenziya” axborot tizimi orqali;
- advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish YaIDXP orqali amalga oshiriladi;
- advokatlikni boshlashda malaka imtihonini topshirish, litsenziya olish va advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha kompozit xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
2023-yil 1-yanvardan fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushiriladi.
Xulosa qilib aytganda, yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan konstitusyaviy islohotlar fuqarolarning turmush tarzini yanada oshirishga, malakali yuridik yordamdan to‘liq foydalanishga, o‘zlarining qonuniy huquq va manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga yordam beradi.
Shu bois, qonun loyihasidagi Konstitutsiyaga malakali yuridik yordam olishga oid normalarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni qo‘llab-quvvatlagan holda ushbu g‘oyalar yaqin kelajakda vatanimiz taraqqiyatiga, vatandoshlarimiz ezgu umid va istaklarini amalga oshirishni ta’minlashga xizmat qiladi deb hisoblaymiz.
Nodirbek Jalilov,
Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali o‘qituvchisi