Davlatimiz rahbari unda mamlakatimizda demokratik yangilanishlarni yana-da chuqurlashtirishning yangi siyosiy kursi boshlanganini taʼkidladi. Shu bilan birga, konseptual, strategik va xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan bir qator muhim tashabbuslar ilgari ­surildi. Inchunin, fuqarolik jamiyati institutlarini yana-da rivojlantirish masalasiga alohida urgʻu berildi.

Bu Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini institutsional qoʻllab-quvvatlash, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga koʻtarish bilan bevosita bogʻliq masalalardir.

2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasida fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, ijtimoiy sheriklik samaradorligini taʼminlash asosiy vazifalar sifatida belgilangan.

Prezidentimizning 2019-yil 4-oktyabrda qabul qilgan “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik oʻzgarishlardagi faolligini oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyati uchun keng imkoniyat yaratdi. Bugungi kunda respublikamizda 10 ming 500 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilot faoliyat koʻrsatmoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatiga doir 200 dan ortiq meʼyoriy-huquqiy hujjat qabul qilingan.

Soʻnggi ikki yilda qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga koʻra, NNT lar E-ngo.uz sayti orqali adliya organlari bilan bogʻliq barcha xizmat va aloqalarni elektron shaklda amalga oshirish imkoniga ega boʻldi.

Hududlarda NNT lar uchun Nodavlat notijorat tashkilotlar uylari tashkil etildi. Ular joy uchun ijara haqi toʻlamaydi. NNT larni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari 2 barobarga qisqartirildi.

BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida davlatimiz rahbarining nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida kodeks qabul qilish yuzasidan bildirgan fikri ­eʼtiborga molik. Bu, oʻz navbatida, yangi Oʻzbekistonning Inson huquqlari boʻyicha kengash aʼzosi sifatida umum­eʼtirof etilgan tamoyil va meʼyorlarga qatʼiy amal qilayotganidan dalolat beradi.

Milliy huquq tizimini tubdan isloh qilish, fuqarolik jamiyati institutlarini yana-da rivojlantirish mamlakatimizning xalqaro imiji hamda “milliy brend”ini mustahkamlaydi. Huquqiy demokratik davlatning strategik vazifasi — inson huquqlari va barqaror rivojlanishni taʼminlashdir.

Oʻzbekistonda barqaror rivojlanishni taʼminlash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari muhim oʻrin tutadi.

Usmonjon Boʻtayev,

“Istiqbol” tadqiqot markazi NNT rahbari