Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida tartibga solingan. Fuqarolikka qabul qilishdagi asosiy talablardan biri –talabgorning davlat tili boʻyicha koʻnikmalarini baholashdan iborat.

Ijtimoiy tarmoqlardagi kechagi xabarga keladigan boʻlsak, aslida joriy yilning 14-avgustida fuqarolik olish tartibiga bir qator yangiliklar kiritildi.

Ular nimalardan iborat?

Birinchidan, endilikda fuqarolikka qabul qilishda talabgorlarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash uchun hujjatlar bevosita davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali yuboriladi.

Talabgorlarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Avvalgi tartibga koʻra, talabgor bevosita Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi va uning hududiy boʻlinmalariga borib hujjat topshirgan.

Ikkinchidan, fuqarolik olishga talabgor ortiqcha hech qanday hujjat topshirishi shart emas, faqat davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali soʻrovnomaga oʻzi haqidagi maʼlumotlarni toʻgʻri va toʻliq kiritsa, yetarli.

Talabgorning shaxsini tasdiqlovchi maʼlumotlar hamda fotosurati Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi tomonidan vakolatli organlar orqali elektron soʻrov asosida olinadi.

Ilgari talabgor shaxsini tasdiqlovchi hujjat asli (nusxa olib qaytarib berilgan) hamda 3,5x4,5 oʻlchamli rangli 2 dona fotosuratni toshirishi kerak boʻlgan.

Uchinchidan, davlat tilini bilish darajasini aniqlash uchun BHMning 20 foizi (66 ming soʻm) miqdoridagi toʻlov Yagona billing tizimi orqali toʻlanadi.

Shuningdek, talabgor xizmatdan YAIDXP orqali foydalansa, toʻlov 90 foiz miqdorda undiriladi, yaʼni 66 ming soʻm emas 59 ming 400 soʻm boʻladi.

Oldin bunday chegirma yoʻq edi.

Toʻrtinchidan, davlat tilini yetarli darajada bilish yoki bilmaslik haqidagi xulosadan norozi boʻlganlar uchun appelyatsiya berish huquqi kiritildi.

Unga koʻra, talabgor natija chiqqanidan keyin 5 ish kunida davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazining oʻziga norozilik haqida ariza berishi mumkin boʻlmoqda.

Apellyatsiya koʻrib chiqilib, quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:

– natijani oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani rad etish;

– natijani oʻzgartirish va apellyatsiyani qondirish;

– imtihonni bekor qilish va takroriy imtihon tayinlash.

Imtihon takroriy oʻtkazilganda boshqa toʻlov undirilmaydi.

Talabgor apellyatsiya natijalaridan norozi boʻlsa sudga murojaat qilishi mumkin.

Bungacha apellyatsiya berish tartibi mavjud boʻlmagan.

Umuman olganda, keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolik berish tartibi jiddiy soddalashtirildi. Buni raqamlar tahlili ham koʻrsatadi. Masalan, 1991-yildan 2007-yilga qadar mamlakatimizda jami 482 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan boʻlsa, 2007-yildan 2016-yilning dekabr oyiga qadar hech kimga fuqarolik berilmagan.

Faqatgina 2016-yildan boshlab fuqarolik berish boshlandi. Shundan buyon 23 mingdan ziyod hamyurtimiz Oʻzbekiston fuqarosi, degan yuksak sharafga ega boʻldi.

Furqat TOJIYEV,

Adliya vazirligi boshqarma boshligʻi