Mazkur kitoblar Parlamentlararo Ittifoq va BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi bilan birgalikda nashr etildi. Har ikki qoʻllanma parlament aʼzolariga fuqarolik va fuqarosizlik toʻgʻrisidagi milliy qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish hamda qoʻllash jarayonida muhim amaliy vosita sifatida xizmat qiladi.

Taqdimotda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov taʼkidlaganidek, fuqarosizlik muammolariga yechim topish – bugungi kunda dunyoning aksariyat mamlakatlari siyosatida dolzarb oʻrin tutadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida Oʻzbekiston fuqarosizlikni kamaytirish borasidagi siyosatiga qatʼiy sodiqligini yana bir bor taʼkidladi.

Shu asosda, xususan, “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi yangilangan qonunga muvofiq, 2021-yil 1-maydan boshlab mamlakatimizga 2005-yil 1-yanvarga qadar kelib, doimiy yashayotgan, shuningdek, mamlakatimizda 15 yil davomida doimiy yashab turgan fuqaroligi boʻlmagan va chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan shaxslar tomonidan istak bildirilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish tartibi joriy qilindi.

Oʻz navbatida, BMT Qochoqlar masalalari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi vakili Xans Fridrix Shodder fuqaroligi boʻlmagan shaxslar va qochoqlarni himoya qilishning uzoq tarixi va ibratli namunalarini oʻzida mujassam etgan hamda parlament aʼzolari uchun muhim mazkur qoʻllanmalarning oʻzbek tiliga tarjima qilingani va nashr etilganidan mamnunligini bildirdi. Uning fikricha, samarali parlament diplomatiyasi BMT Qochoqlar masalalari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining global maqsadlariga toʻliq mos keladi.

Shuningdek, “ushbu tarjimalar fuqaroligi boʻlmagan shaxslar va qochoqlarni himoya qilishga taalluqli milliy qonunchilik, mavjud amaliyot va institutlarni samarali rivojlantirishga, fuqarosizlikning oldini olish va unga batamom barham berishga yaqindan koʻmaklashishiga ishonamiz”,— dedi X.F.Shodder.

Taqdimot ishtirokchilari fuqarosizlik muammosini hal qilishda oʻzaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar. Deputat va senatorlarning soʻzlariga qaraganda, xalqaro hujjatlarning oʻzbek tiliga tarjima qilinishi parlament aʼzolariga inson huquqlari va fuqarosizlik toʻgʻrisidagi xalqaro huquqning umumiy prinsiplari bilan tanishish imkonini beradi. Bundan tashqari, xalqaro standartlar milliy qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotiga nechogʻlik tatbiq etilayotgani xususida muayyan tasavvurga ega boʻlish uchun imkoniyat yaratadi.

Xalqaro hujjatlarning ushbu tarjima nashrlari Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasida faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikka sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Xususan, “Qochoqlarni xalqaro himoya qilish va davlat boshpana tizimini yaratish masalalari boʻyicha qoʻllanma” nomli parlament aʼzolari uchun 27-qoʻllanmada qochoqlar va xalqaro himoyaga ehtiyojmand boshqa shaxslar duch keladigan muammolar ochib berilgan. Shunday shaxslar uchun qoʻllanadigan xalqaro-huquqiy standartlar va majburiyatlar tushunarli va qulay uslubda bayon etilgan.

“Fuqarolik toʻgʻrisidagi qonunlarda fuqarosizlikning oldini olish va kamaytirishning muvaffaqiyatli amaliyoti” nomli 29-qoʻllanmada esa bu borada sinovdan oʻtgan va davlatlarning milliy qonunchiligida qoʻllanishi mumkin boʻlgan amaliy misollar tavsiya etilgan. Bularning barchasi, oʻz navbatida, bolalar oʻrtasida fuqarosizlik yuzaga kelishiga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik, fuqarosiz shaxslarni aniqlash tartib-taomillarini joriy etish, umuman, fuqarosizlikka barham berish kabi oʻta dolzarb masalalarda davlatlar uchun foydali va qulay imkoniyatlar tugʻdiradigan muhim tavsiyalardir.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.