Fuqarosizlikni kamaytirish toʻgʻrisidagi konvensiya — Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1961-yilda qabul qilingan koʻp tomonlama shartnomasidir. Unga koʻra mustaqil davlatlar fuqarosizlik koʻlamini qisqartirish toʻgʻrisida kelishuvga erishadi.
Bunday juda muhim xalqaro hujjatlarning oʻzbek tiliga tarjima qilinishi Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish yoʻlidagi ahamiyatli qadamlaridan hisoblanadi.
“Oʻz qadrdon goʻshalarini tashlab ketishga majbur boʻlgan insonlarni himoya qilish — bu bashariyatning barcha madaniyatlariga xos boʻlgan anʼana hamda insoniyat birdamligi va xalqaro huquqning uzviy qismidir. Oʻzbekistonda ham urush yoki taʼqiblar oqibatida quvgʻinga duchor boʻlgan shaxslarni himoya ostiga olishdek ezgu anʼana azaldan mavjud boʻlib, keyingi yillarda mamlakat oʻz hududidagi fuqarosizlik muammosini hal qilish yoʻlida eʼtiborga sazovor qadamlar qoʻydi”, — dedi BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Helena Freyzer.
Shuningdek, H.Freyzer BMT Oʻzbekistonning Qochoqlar maqomi toʻgʻrisidagi konvensiyaga va uning Protokoliga qoʻshilishini, avvalgidek, qoʻllab-quvvatlashda davom etishini taʼkidladi.
BMT Fuqarosizlikni kamaytirish toʻgʻrisidagi konvensiyasining oʻzbek tiliga tarjima qilinishi va nashr etilishi BMT Qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha vakolatxonasi tomonidan ham qoʻllab-quvvatlandi. Vakolatxona rahbari Xans Fridrix Shodderning fikricha, bu borada erishilgan natija xizmat mavqeidagi huquqshunoslar, olimlar va qarorlar qabul qilish vakolatiga ega shaxslarni eng maqbul xalqaro amaliyot bilan yana-da keng va yaqindan tanishtirish imkonini beradi.
“Ushbu tarjimalar boshpana soʻrovchilar, qochoqlar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni himoya qilish uchun oʻta samarador milliy qonunchilikni, amaliyot va tegishli institutlarni rivojlantirish borasida qoʻl kelishiga ishonamiz”, — dedi X.F.Shodder.
Fuqarosizlik muammosiga ijobiy yechim topishda oʻzaro hamkorlikning oʻrni juda muhim, xususan, BMT Qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining qoʻllab-quvvatlashi fuqarosizlikka toʻla barham berishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu haqda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov oʻz chiqishida alohida toʻxtaldi.
“Xalqaro hujjatlar nashrlarining oʻzbek tiliga tarjima qilinishi kishilarga fuqarosizlik masalasi boʻyicha xalqaro huquqning umumiy prinsiplari bilan tanishish va Konvensiya talablari qay tarzda bajarilayotgani, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar qanday huquq va erkinliklar hamda majburiyatlarga ega ekanini bilib olish imkonini beradi”, — dedi Inson huquqlari boʻyicha markaz rahbari.
Bundan tashqari, A.Saidov taʼkidlaganidek, ushbu sohaga taalluqli bilimlarga, ayniqsa, mansabdor shaxslarning toʻliq ega boʻlishi nihoyatda zarur. Chunki ular fuqaroligi boʻlmagan insonlarga nisbatan hurmat va bagʻrikenglik bilan munosabatda boʻlishni hamda bu insonlarni oʻzlari yashab turgan davlat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishga qodir shaxslar sifatida qabul qilishni ragʻbatlantirishda yetakchi rol oʻynaydilar.
Shuni ham qayd etish kerakki, fuqarosizlik sohasida ikkita Konvensiya qabul qilingan boʻlib, ushbu xalqaro hujjatlar qochoqlarning ularni qabul qiladigan mamlakatdagi maqomi, huquq va majburiyatlari belgilab qoʻyilgan moʻtabar universal shartnomalar hisoblanadi. Har ikki Konvensiya fuqarosizlikning sabab va oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur boʻlgan va boshqa hech qaysi hujjatlarda aks etmagan universal standartlar va huquqiy asoslarni oʻzida qamragani bilan gʻoyatda ahamiyatlidir, deb xabar beradi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.