Futbol boʻyicha Osiyo chempioni Asadbek Joʻraboyev bilan oʻzi oʻqigan maktabda uchrashuv uyushtirildi

    Oʻzbekiston – U-20 terma jamoasining mahoratli hujumchisi, “Navbahor” klubi aʼzosi Asadbek Joʻraboyev oʻzi oʻqigan Namangan shahridagi 34-umumtaʼlim maktabiga bordi. U mazkur bilim dargohi sobiq bitiruvchisidir.

    Futbol odamni zoʻr tarbiyalarkan. Asadbek Joʻraboyev oʻquvchilik paytida kamgap va ogʻir-bosiq, xulqi, bilimi namunali edi. Kattaga hurmati, kichikka izzati yanada oshibdi. Samimiy va kamtarligini saqlab qolgan. Qolaversa, salobat (balki mashhurlik qiyofasi) paydo boʻlibdi...

    Tadbirda dastlab maktab direktori Yodgora Mahkamova, chempionning sinf rahbari Nuraniya Bekpoʻlatova, ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi soʻzga chiqib, Asadbek haqidagi iliq fikrlarini, muhim maʼlumotlarni aytishdi.

    Charm toʻp ustasi yigʻilgan minglab uka-singillariga Prezident ishtirok etgan va shaxsan toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatgan tarixiy, hayajonli, masʼuliyatli oʻyin taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi. Ajoyib motivatsiya ulashdi, savol-javoblar oʻtkazildi. Fursatdan foydalanib, jamiki oʻqituvchilariga minnatdorlik, ustozlarga ehtiromini bildirdi.

    Soʻngra esdalik uchun suratga tushish lahzalari, chin dildan havas onlari uzoq davom etdi. Ha, isteʼdodli yoshlardan umidimiz katta. Yurtimiz sharafini xalqaro musobaqalarda munosib himoya qilishyapti. 19 yoshli Namangan farzandi barchamizga faxr bagʻishlaydi, albatta. Jahon chempionatiga hozirlik koʻrayotgan qahramonimizga faqat omad, gʻalaba va kuch-quvvat tilaymiz!

    Orifjon JOʻRAYEV,

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi muxbiri