Videokonferensiya shaklida oʻtkazilgan tadbir “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi faollari poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi hamda uning tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi hamkorligida oʻtkazildi.
Telekoʻprikda qatnashgan barcha davlatlar ikkinchi jahon urushi davrida sodir boʻlgan mudhish jarayonlar, shuningdek, front va front ortidagi fidoiy insonlarning koʻrsatgan jasorati va matonati haqida fikr almashdilar.
Maʼlumki, urushda 2 milliondan ortiq oʻzbekistonliklar tinchlik uchun jang olib borgan. 538 ming vatandoshimiz halok boʻlgan, 158 mingdan ortigʻi bedarak yoʻqolgan. Oʻsha mashʼum urush yillarida butun Oʻzbekiston, ayniqsa Toshkent mehr quchogʻiga aylangan ediki, birgina 200 ming yetim bolaning bolalar uyiga emas, xonadonlar bagʻriga joylanishi bu fikrimizning yorqin ifodasidir.
Tadbir soʻngida barcha davlat vakillari bir vaqtning oʻzida tinchlikni asrash yoʻlida jasorat koʻrsatgan mard va jasur insonlar sharafiga oʻrnatilgan yodgorliklar oldida ehtirom ramzi sifatida sukut saqlab, monument poyiga gulchambarlar qoʻyishdi.
Shuningdek, Oʻzbekistondan ishtirok etgan vakillarimiz “Shon sharaf” davlat muzeyi binosining yuqori qismidan oʻrin olgan general Sobir Rahimov va Oʻzbekistonning barcha mard va jasur oʻgʻil va qizlari sharafiga oʻrnatilgan “Mangu jasorat” yodgorligiga hurmat bajo keltirdi.