Bolaligimdan mashhur gimnastikachi boʼlishni xayol qilganman. Oldimga katta-katta maqsadlar qoʼydim. Marraga yetish uchun mehnatdan qochmadim, qiyinchiliklarga taslim boʼlmadim. Sport bilan shugʼullanishimiz uchun yetarli sharoit yoʼqligiga qaramay, mashgʼulotlarda toblandik. Hozir oʼylayman: bugungi imkoniyatlar bizga avvalroq berilganda, kattaroq natijalarga erishgan boʼlarmidik?!
Bugun deyarli har kuni biror sportchining yoki terma jamoalarimizdan birining muvaffaqiyati haqida xushxabar eshitamiz. Natijalar oʼz-oʼzidan qoʼlga kiritilmayapti. Bularning bari — eʼtibor samarasi. Koʼngilda istak boʼlsa, mehnatdan qochmasa, sportchi gʼalabaga erishadi. Bu tabiiy. Biroq mashgʼulotlar uchun sharoit, jahon chempionatlarida ishtirok etish uchun imkoniyat, bundan tashqari, davlatning sportchilarga ruhiy quvvat berishi muvaffaqiyatga yetishda muhim omil.
Zamonamizning yoshlariga havasim keladi. Imkoniyat izlab tuman yoki viloyat markazi, poytaxt sari intilishga zarurat qolmadi. Shunday tizim yaratildiki, yosh avlodning sport bilan shugʼullanishi uchun erta yoshdan eʼtibor qaratilmoqda. Nafaqat shahar, balki olis hududlarda ham — mahallalarda, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida zamonaviy mashgʼulot xonalari mavjud. Ular kichkintoylarning sogʼlom oʼsishi uchun kerakli sport anjomlari bilan jihozlangan. Meni hammadan ham lol qoldiradigan jihat shuki, katta sportga ilk qadamni mahallangizdan chiqmasdan boshlashingiz mumkin. Sport maydonchalari deyarli har bir turar joy hududida ochildi. Iqtidorli bolalarni izlab topish uchun esa professional murabbiylar jalb etilgan. Ehtimol, ushbu maktablardan, sport toʼgaraklaridan chempionlar yetishib chiqmas, biroq ularning sport bilan shugʼullanishi kelajakda sogʼlom avlod safi kengayishiga turtki boʼladi, deb oʼylayman.
Hamisha barcha shart-sharoit bilan taʼminlangan gimnastika zalimiz boʼlishini, u yerda bolalar sport bilan bemalol shugʼullanishini, mamlakatimizda gimnastika yuksak darajada rivojlanishini istaganman. Bugun har bir hududda orzumizdagi sharoit yaratilgan.
Shu oʼrinda gimnastikaga qaratilgan eʼtiborning yuksak namunasi sifatida Prezidentimizning “Gimnastika boʼyicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktabini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorini mamnuniyat bilan taʼkidlashni istardim. Bu qarorni shaxsan davlatimiz rahbarining sportni rivojlantirish, badiiy gimnastika boʼyicha oʼzbek maktabi nufuzini oshirish, bu yoʼnalishning uzoq vaqtdan beri yoʼqolib borayotgan anʼanalarini qayta tiklashga qaratgan eʼtibori, deb bilaman.
Bu qadam oʼzbek gimnastikasining jahon miqyosidagi obroʼ-eʼtiborini yuksaltirishga ulkan umid baxsh etadi. Men uchun bu — sharaf. Kundalik kichik orzularimning kun kelib haqiqatga aylanishini kutmagandim. Endi eng yirik xalqaro maydonlarda, jahon chempionatlarida, qitʼa turnirlarida, albatta, Olimpiya oʼyinlarida Oʼzbekiston bayrogʼi hilpirab turishini koʼrishni orzu qilaman. Nasib boʼlsa, qanchalik iqtidorli, istiqbolli farzandlarimiz borligini namoyish etamiz.
Gimnastika maktabida turli darajadagi xalqaro va hududiy musobaqalar — Olimpiya va Osiyo oʼyinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, universiadalar hamda boshqa koʼplab turnirlarda Oʼzbekiston sharafini munosib himoya qilishga qodir boʼlgan xalqaro darajadagi sportchilar tayyorlash maqsad qilingan. Mashgʼulotlar xalqaro standartlar darajasida tashkil etiladi.
Yana bir gap. Men Tokio Olimpiadasida butunlay boshqacha natija koʼrsatishni istardim, ammo kutilmagan vaziyat ziyat yuzaga keldi va gʼoliblar qatoridan joy olish imkonini qoʼldan boy berdim. Аslida puxta tayyorgarlik koʼrgandim. Olimpiya oʼyinlarida yaxshi ishtirok etishga harakat qildim, biroq natija men istagandek boʼlmadi. Magʼlubiyat alamini totish ogʼir. Senga ishongan, qoʼllab-quvvatlagan mehrli insonlar istiqboliga gʼalaba bilan chiqmaslik — iztirobli. Eng ogʼir damlarda Oʼzbekiston xalqi shu qadar iliq va kuchli qoʼllab-quvvatlagani menga toʼxtamaslik, taslim boʼlmaslik, faqat olgʼa intilish uchun kuch va ishonch bagʼishladi.
Davlatimiz rahbari XXXII yozgi Olimpiya oʼyinlarida ishtirok etgan sportchi va murabbiylar bilan uchrashar ekan, arzimas xizmatimni: “Biz bunday afsonaviy sportchilarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Uning jasorati, gʼalabaga boʼlgan irodasi yosh sportchilar uchun oʼziga xos yuksak yutuqlar va shon-sharaf maktabi boʼlib xizmat qiladi”, deya eʼtirof etdi. Sport gimnastikasi boʼyicha yangi chempionlarni tarbiyalashga munosib hissa qoʼshishimga ishonch bildirdi. Аna shu vaziyatda angladimki, menga ishonch bildirilyaptimi, demak, hali bu yoʼlda davom etishim, xalqaro maydonlarda Oʼzbekiston sharafini himoya qilishim kerak. Yana qaddimni rostladim.
Bugun oʼz yoʼnalishimda gʼalabalar kutib turganini his qilaman. Yillar oʼtib, harakat qilmaganimdan afsuslanmaslik uchun keyingi Olimpiya oʼyinlariga tayyorgarlik koʼrishga qaror qildim. Shuning uchun biz toʼrt yillikning keyingi muhim bahslariga tayyorlanamiz va olgʼa intilamiz.
Gimnastika maktabi ham bildirilgan ishonchni oqlaydi, deb umid qilaman. Zero, buning uchun sharoit ham, imkoniyat ham yetarli. Bizdan talab qilinadigani — harakatdan toʼxtamaslik.
Oksana CHUSOVITINА,
Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan sport ustozi