Oziq-ovqat xavfsizligi, bozorlarda narxlar barqarorligini ta'minlash bugun dunyo xalqlarini birdek o'ylantirayotgan masalalardan biri. Aslida, bozor iqtisodiyoti sharoitida narx-navoni bozor tamoyillari belgilaydi. Ya'ni, bugun qaysi mahsulot qanchadan sotilishini bir yoki bir necha kun oldin bashorat qilishning imkoni yo'q. Xuddi shuningdek, mahsulotga aniq narx belgilab, uni hamma sotuvchi uchun majburiy qilish ham erkin bozor tamoyillariga to'g'ri kelmaydi. Faqat bozor narxlarini barqarorlashtirish choralarini ko'rish mumkin xolos.
Mamlakatimizda joriy yil 1-iyundan boshlab don va un mahsulotlarini birja savdolari orqali erkin narxlarda sotish yo'lga qo'yildi. Prezidentimizning shu yil 28-maydagi “G'allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan g'allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o'tilib, g'allachilik klasterlari va fermerlarga bug'doyni bozor narxida to'liq erkin sotish huquqi berildi.
Bu fermer va klasterlar uchun o'z mahsulotlarini bozor narxida sotishlariga imkon beradi. Boshqa tomondan, yangi tizim un va non mahsulotlari narxiga ham o'z ta'sirini ko'rsatadi. Sababi, endi avvalgidek davlat xarajatlarning bir qismini o'z bo'yniga olib, tadbirkorga bug'doyni arzon narxda bermaydi. Ishlab chiqaruvchilar bug'doy va un mahsulotlarini birja orqali erkin narxlarda sotib olib, tayyor mahsulot narxini ham xarajatlaridan kelib chiqqan holda o'zlari belgilaydi. Jarayonda ayrim tadbirkorlar bundan foydalanib, narxlarni keskin oshirib yuborishi ehtimoli ham yo'q emas.
Shu bois, davlatimiz rahbari topshirig'iga asosan yangi tizim shaffofligi, to'laqonli va adolatli ishlab ketishini nazorat qiluvchi Bosh prokuror boshchiligidagi Respublika shtabi tuzilgan. Hozirda 21 ta vazirlik-idoralarning rahbarlaridan iborat shtabning barcha hududlarda hududiy bo'limlari to'liq tarkibda ish olib boryapti. Ular har kuni g'allani sotib olish va sotishda bug'doy etishtiruvchilar manfaatdorligini ta'minlash, ichki bozorda un va don mahsulotlari narxining o'sishi va taqchilligining oldini olish, muammolarni tezkor bartaraf etish bo'yicha ishlar olib bormoqda. Bosh prokuratura boshqarma boshlig'i Murodilla Abduhakimov shtab tomonidan bozorda erkin narxlarni shakllantirish va aholini don hamda un mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi.
— Bu yil g'allani qabul qilish va uni sotishda joriy etilgan bozor mexanizmlari, avvalo, aholimizning oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash hamda g'alla etishtiruvchilarni iqtisodiy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan. Mazkur tizimning barcha jarayonlari Respublika va hududiy shtablar, don korxonalariga biriktirilgan ishchi guruhlar tomonidan to'liq nazoratga olingan. Bizning asosiy vazifamiz ichki bozorni un va non mahsulotlari bilan ta'minlashdan iborat. Ya'ni, bundan buyon bozordagi narx-navoni davlat belgilamaydi — buni bozor talabining o'zi belgilaydi. Butun dunyoda bozor tamoyillari shunday va bozor iqtisodiyoti mexanizmning mohiyati ham shunda. Bu jarayonda bizning vazifamiz taklifni ko'paytirish, buning uchun tadbirkorlarni ko'proq bozor iqtisodiyotida o'z o'rnini topishi, birja savdolarida ishtirok etib, mahsulotini erkin sotishi, xarajatlarini kamaytirishga ko'maklashishdan iborat. Chunki bozorda talabga nisbatan taklif ko'p bo'lsa, narx barqarorligi taminlanadi. Qolaversa, sog'lom raqobat muhiti shakllanadi.
Shu bois, har kuni onlayn tarzda Respublika shtabining yig'ilishi o'tkazilib, un mahsulotlarini ishlab chiqarish, ularning birjada sotilishi va non ishlab chiqaruvchilarga yetkazilishi holati muhokama qilib borilmoqda. Respublikadagi mavjud 4,5 mingga yaqin qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonalarning nomma-nom ro'yxati shakllantirildi. Ularga faoliyatini to'xtovsiz, to'liq quvvatda olib borishlari uchun prokuratura, departament, MIB va soliq idoralarining jami 2 137 nafar xodimi biriktirilib, tashkiliy va huquqiy yordamlar ko'rsatilyapti. Kommunal masalalar joyida hal etilib, qaerda uzilishlar bo'lsa, zudlik bilan tiklab berilyapti. Soliq idoralarining tashabbusi bilan qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonalarning soliqdan qarzdorligini to'lash muddati ham noma'lum muddatga kechiktirildi.
Albatta, buni raqamlar bilan ham ko'rsatishimiz mumkin. Xususan, shu oyning boshidan buyon turli xil sabablarga ko'ra faoliyati to'xtab qolgan 10 ta qolipli non ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati tiklandi. 111 ta korxonaning elektr, gaz va suv ta'minotidagi muammolari bartaraf qilindi. Masalan, Farg'ona viloyatida joriy yilning may oyida 3 ta qolipli non ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gaz iste'moli uchun limit ajratilmagani oqibatida, ular faoliyati to'xtab qolgan. Yoki Ohangaron tumanidagi "Hostes family" MCHJ qolipli non ishlab chiqarish binosining gaz ta'minoti bosimi va elektr energiyasi kuchlanishi ishlab chiqarish hajmidan past bo'lgani sababli to'liq quvvatda ishlamagan. Prokuratura organlari tomonidan yuqorida ko'rsatilgan kamchiliklar bartaraf qilinib, ularning faoliyati qayta tiklandi.
Bundan tashqari, 763 ta korxonaga birja savdolarida ishtirok etib, un sotib olish uchun ro'yxatdan o'tkazilishiga ko'maklashildi. Aylanma mablag'ni shakllantirish uchun 1 milliard so'mdan ortiq kredit mablag'lari ajratildi. Prokuratura organlari tomonidan un va non mahsulotlari yetkazilishiga mas'ul bo'lgan 358 nafar mansabdor shaxslar qonun buzilishi holatlariga yo'l qo'ymaslik to'g'risida rasman ogohlantirildi.
Amalga oshirilgan ishlar va ko'rsatilgan amaliy yordamlar natijasida iyun` oyining boshidan buyon 47,6 ming tonna un birja savdolariga chiqarildi. 7 mingdan ortiq tadbirkorlar tomonidan 43,7 ming tonna un sotildi. Bu ham bozor mexanizmi ishlayotganidan dalolat. Tadbirkorlar istalgan don korxonasidan istalgan miqdorda un mahsulotlari sotib olishi mumkin. Bu borada hech qanday cheklovlar mavjud emas.
Birja savdolariga har kuni etarli miqdorda un qo'yilyapti. Talab ortib ketgan holatlarda kunning ikkinchi yarmida ham qo'shimcha un mahsuloti savdolarga chiqarilmoqda. Umuman, joriy yilning iyun oyida 170 ming tonna un birja savdolari orqali sotilishi rejalashtirilgan. Talab mavjud bo'ladigan taqdirda, ushbu miqdorni yanada oshirish imkoniyati hisob-kitob qilingan. Buning uchun don korxonalarimizda zaxira ham, quvvat ham yetarli. Mamlakatimizda don va un taqchilligi kuzatilishiga hech qanday asos yo'q.
Birja savdolari barcha uchun ochiq
Respublika shtabi va hududiy shtablarning asosiy vazifalaridan yana biri g'alla hosilini nest-nobud qilmasdan yig'ishtirib olinishi hamda rejadagi g'allani daladan don qabul qilish shoxobchalariga olib kelinishini ta'minlashdan iborat. Bugungi kunda Qoraqalpog'iston Respublikasidan tashqari barcha viloyatlarda g'alla o'rimi boshlangan. Joriy yil mamlakatimizda 1 million 32 ming gektar maydonda 7,5 million tonnadan ortiq bug'doy yetishtirilishi kutilmoqda. Ushbu ko'rstakich o'tgan yilga nisbatan 1,5 million tonnaga ko'p.
— O'rim boshlanganiga qisqa muddat bo'lgan bo'lsada, hozirga qadar 200 ming tonnadan ortiq g'alla don korxonalariga topshirildi, — davom etdi Murodilla Abduhakimov. — Yaratilgan yangi tizimga ko'ra, g'allaning bir kilogrammi dastlabki narx sifatida 3 ming so'mdan qabul qilinayotgani hamda kelgusida birja narxlaridan kelib chiqqan holda, ushbu narxga yana qo'shimcha haq to'lab berilishi barcha dehqon, fermerlar hamda klasterlar tomonidan ko'taringki ruhda qabul qilinyapti.
Hozirda barcha don korxonalari va ularga qarashli 174 ta shaxobchalarga mutasaddi idoralarning 1800 ga yaqin xodimlari biriktirilib, soha vakillari bilan birgalikda ishlar olib borilmoqda. Yangi tizimga ko'ra, qabul qilingan don uchun o'zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish ishlari boshlangan bo'lib, hozirga qadar g'alla yetishtiruvchilarga 146 milliard so'mlik mablag'lar to'lab berilishi ta'minlandi. G'alla yetishtiruvchilardan rejadan tashqari ortiqcha don talab qilinishiga to'liq chek qo'yilib, ushbu jarayon prokuratura xodimlari tomonidan nazoratga olingani ham fermerlarda ishonch ruhini oshirgan.
Umuman, bu yilgi g'alla hosilidan ko'nglimiz to'q. Rejani ortig'i bilan bajarib, xalqimizni don va un mahsulotlari bilan etarlicha ta'minlash kutilmoqda. Rejadan tashqari hosil esa fermer va klasterlarning o'zida qoladi. Davlat yanada qulaylik yaratish maqsadida fermer yoki klasterga tegishli don mahsulotini don korxonalarida bepul saqlab berish vazifasini ham zimmasiga olyapti. Ya'ni, don korxonasi bugun mahsulotini birja orqali sota olmasa, to sotgunicha bemalol don korxonasida saqlab turaveradi va istalgan vaqtda mahsulotini birja orqali sotishi mumkin.
Birja savdolari ko'plab fermerlar uchun yangi tizim. Qolaversa, o'zimizda ishlab chiqarilgan un mahsulotlari avval birjada sotilmagan. Shu bois, ushbu jarayonlarni tashkillashtirishda ham ularga ko'mak berilyapti. Hududlarda turli targ'ibot tadbirlari tashkil etilyapti. Asosiysi, birjada ishtirok etish to'lovlari bekor qilingan. Hozir istalgan kishi birja savdolarida qatnasha oladi.
Bu imkoniyatlar bozor mexanizmiga o'tishni faollashtirib, sotuvchi va xaridorlarga qulayliklar yaratadi. Bozor narx-navoni belgilashi asnosida talabga yarasha taklif ortib boraveradi. Raqobat muhitining shakllanishi esa oziq-ovqat xavfsizligi va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta'minlashga xizmat qiladi.
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
Iroda TOSHMATOVA yozib oldi.
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 7.06.22, 112-sonida e'lon qilingan)