Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligida O'zbekiston Respublikasi gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi tomonidan “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining taqdimoti bo'lib o'tdi. Unda komissiya a'zolari, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirda ta'kidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarning oila va jamiyat hayotida faolligini oshirish, huquqlarini muhofazalash, har tomonlama qo'llab-quvvatlashga qaratilayotgan doimiy e'tibor jamiyat farovonligini yuksaltirishga zamin bo'lmoqda. Keyingi yillarda bu yo'nalishda 2 ta muhim hujjat — “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonunlar qabul qilindi. Bu yo'nalishda amalga oshirilayotgan huquqiy va tashkiliy ishlar natijasida opa-singillarimizning davlat boshqaruvi, ilm-fan, tadbirkorlik va boshqa sohalarda faolligi oshmoqda.
“Gender tenglik faoli” milliy tanlovini tashkil etishdan maqsad bu yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni chuqur tahlil va targ'ib etish, ilg'or tajribalarni ommalashtirish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoyalash, jamiyat hayotida faolligini yanada oshirishdan iborat.
— An'anaviy tarzda o'tkazilishi rejalashtirilgan tanlovda yil yakunlari bo'yicha gender tenglikni ta'minlash sohasida yuqori natijalarga erishgan, bu borada jamiyat rivoji uchun tashabbus ko'rsatayotgan, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, o'z sohasiga tegishli yo'nalishlarda dolzarb vazifalarni amalga oshirayotgan vazirliklar, idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlar va jurnalistlar ishtirok etadi,- deydi Oliy Majlis Senati xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi kotibiyati bosh maslahatchisi Nodira Shotursunova. - Tanlov bir qancha asosiy nominatsiyalar bo'yicha o'tkaziladi. “Gender tenglikni ta'minlashda eng faol vazirlik/davlat muassasasi tashkilot va idoralar”; “Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilgan eng yaxshi huquqni muhofaza qilish organi”; “Gender tenglikni ta'minlashda eng faol hokimlik”; “Gender tenglikni ta'minlashda eng faol NNT”; “Gender tenglikni ta'minlashda eng faol tadbirkorlik faoliyati sub'ekti” kabi yo'nalishlar shular jumlasidan.
Shuningdek, “Gender tenglikni targ'ib qilishga qaratilgan eng yaxshi TV-dastur”, “Gender tenglikni targ'ib qilishga qaratilgan internetdagi eng yaxshi veb-sayt yoki portal”, “Gender tenglikni targ'ib qilishga qaratilgan eng yaxshi nashr” kabi qo'shimcha nominatsiyalarda ham sovrindorlar aniqlanadi.
Mazkur milliy tanlov gender tenglikni ta'minlash yo'nalishida davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan ishlarning ijtimoiy ahamiyati, tatbiq etilgan loyihalarning davomiyligi, vazirlik, tashkilot, idoraning rasmiy veb-saytida gender tenglik sahifasining mavjudligi kabi mezonlar asosida o'tkaziladi. Tanlov g'oliblari joriy yil dekabrda e'lon qilinadi.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri