Taʼkidlanganidek, Strategiyani 2021–2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosi yuzasidan muayyan ishlar olib borilgan.

Xususan, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish yoʻnalishida 41 ta normativ-huquqiy hujjat (1 ta Qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni va 12 ta qarori hamda hukumatning 26 ta qarori) qabul qilingan.

Genderga oid audit, uning vazifalari, uni oʻtkazish va natijalarini koʻrib chiqish tartibi belgilangan.

Saylov huquqlarini amalga oshirish yoʻnalishida saylovning barcha bosqichlarida xotin-qizlar va erkaklarning teng asosda ishtirok etishini kuzatuvchi 11 ta indikator ishlab chiqilgan. Mazkur indikatorlar 2021-yilda oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasidan boshlab amaliyotga tatbiq qilingan.

Davlat boshqaruvida xotin-qizlar faolligini oshirish dasturi tasdiqlanib, turli sohalarda boshqaruvchilik salohiyatiga ega 25 055 nafar xotin-qizning kadrlar zaxirasi shakllantirilgan hamda ularni rahbarlikka tayyorlash boʻyicha 3 ta alohida oʻquv dasturi asosida jami 14 054 nafar xotin-qiz oʻqitilgan.

Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda ishsiz, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 17 930 nafar xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish va oʻzini oʻzi band qilish uchun subsidiyalar ajratilgan.

Shu bilan birga, senatorlarning bildirishicha, Gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirishda qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.

Xususan, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi Strategiyaning maqsadli koʻrsatkichlariga erishish boʻyicha faoliyatini samarali tashkil eta olmaganligi sababli 2022-yilda erishilishi rejalashtirilgan ayrim maqsadli koʻrsatkichlar bajarilmay qolingan.

Masalan, 2022-yilda vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarida rahbarlik (hokimlar) lavozimida, siyosiy partiyalarning rahbarlik lavozimlarida hamda sudyalar orasida xotin-qizlarning ulushi boʻyicha rejalashtirilgan koʻrsatkichga erishilmagan.

Shuningdek, Gender tenglikka erishish strategiyasini 2021 – 2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar rejasida belgilangan ayrim vazifalar ham bajarilmasdan qolingan.

Jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining gender tenglikka erishishga qaratilgan konvensiyalarini ratifikatsiya qilish, ulardagi normalarni milliy qonunchilikka imaplementatsiya qilish, shuningdek, iqtidorli talaba qizlarni ragʻbatlantirib borish maqsadida alohida stipendiya taʼsis etish ishlari oxiriga yetkazilmagan.

Majlis davomida Gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ham koʻrib chiqildi.

Mazkur Dasturda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish, davlat xizmati, taʼlim, ilm-fan, sport, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish, gender jihatlarni hisobga olgan holda byudjetlashtirish, gender statistikasi yuritilishini takomillashtirish kabi ustuvor yoʻnalishlarni qamrab olingan.

Senatorlar tomonidan Gender tenglikka erishish strategiyasi va uni 2023-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilab olingan vazifalar, tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish hamda bu boradagi ishlarni kuchaytirish muhimligi borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Kompleks chora-tadbirlar dasturi 2023-yilda bajarilishining borishi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi hamda ularning joylardagi ijrosi mahalliy vakillik organlari tomonidan doimiy nazorat qilib borilishi belgilandi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.