Gender tenglikni taʼminlash boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlik

    Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida “NKMK” AJ ayollar Kengashi va “Oila” ilmiy, ijtimoiy va gumanitar tashabbuslar Markazi nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida kombinat xotin-qizlari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasining Oʻzbekiston Respublikasining gender siyosati boʻyicha huquqiy savodxonligini oshirish” mavzusida tashkil etilgan tadbirda senator Diloram Tashmuxamedova, kombinat rahbariyati, markaz direktori oʻrinbosari Dilbar Alimjanova hamda korxonaning faol ayollari ishtirok etdi.

    Uchrashuvda gender tenglikni taʼminlash masalasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, jamiyat va davlat boshqaruvida ularning teng ishtirok etishiga erishish kabi masalalar boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.

    Yakunda umumiy maqsadlardan kelib chiqib, “NKMK” AJ va “Oila” ilmiy, ijtimoiy va gumanitar tashabbuslar Markazi NNT oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Tomonlar xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, gender tenglikni taʼminlash yuzasidan vazifalarni birgalikda hal etishga kelishib oldi.

    Mazkur hamkorlik xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning faolligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

    Ochiq muloqot tarzida boʻlib oʻtgan uchrashuvda qatnashchilar mavzu doirasida oʻzlarining taklif, fikr va mulohazalarini bildirib, qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldi.


    “NKMK” AJ Matbuot xizmati


    Reklama