Xususan, 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilinib, uni 2021-2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Dasturning 1-bandida “gender audit” tushunchasini va uni oʻtkazish tartibini belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Shundan kelib chiqib “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Mazkur qonun loyihasi 4 ta moddadan iborat boʻlib, unda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunga “gender audit” va “kompleks gender yondashuv”ni gender tenglikni taʼminlashning yangi mexanizmlari sifatida kiritish taklif etilmoqda.
Shuningdek, “gender auditning vazifalari” va “gender auditni oʻtkazish tartibi” maxsus moddalarda belgilanmoqda. “Oʻzbekiston Respublikasining Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi” nomi “Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi” nomiga oʻzgartirilmoqda.
Ushbu komissiyaga davlat organlari va boshqa tashkilotlarda gender auditni oʻtkazish uslubiyotini belgilash, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning gender audit sohasidagi faoliyatiga uslubiy rahbarlikni amalga oshirish, gender audit natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqish va ular boʻyicha tavsiyalar berish kabi vakolatlar berilmoqda.
Deputatlarning aytishicha, mazkur takliflarning qonunchilikka kiritilishi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash mexanizmlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.