Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi davlat geologiya qoʻmitasining hukumatlararo kengashga raislik qiluvchi sifatida oʻtgan davrda bajarilgan ishlar va erishilgan natijalar toʻgʻrisidagi hisoboti muhokama qilindi. 2023-yilgi kengashga raislik qilish vakolati Tojikiston Respublikasi geologiya xizmatiga rasman topshirildi.

Ushbu sessiya yigʻilishida hukumatlararo kengashga aʼzo 8 davlatning geologiya xizmatlari rahbarlari qatnashdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-iyuldagi “Xalqaro shartnomaga qoʻshilish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi MDH davlatlarining Mineral-xomashyo resurslarini oʻrganish, qidirish va foydalanish sohasida hamkorlik qilish kelishuviga qoʻshilishi belgilangan. Mazkur qarorga binoan Davlat geologiya qoʻmitasi ushbu kelishuvda ishtirok etish uchun vakolatli organ etib tayinlangan.

Oʻtgan yili 21-oktyabrda MDH davlatlarining “Yer qaʼrini qidirish, foydalanish va muhofaza qilish” boʻyicha XXIV sessiyasi birinchi marta Toshkent shahrida oʻtkazilgan va navbatdagi sessiyaga qadar hukumatlararo kengashga raislik qilish vakolati Oʻzbekiston davlat geologiya qoʻmitasiga topshirilgandi.

Oʻtgan bir yil mobaynida qoʻmita qator ishlarni bajardi. Jumladan, hukumatlararo kengashning 2021–2025-yillarga moʻljallangan istiqbolli rejasi tayyorlanib, aniq loyihalar va tadqiqot dasturlari ishlab chiqildi.

Oʻnta yoʻnalish boʻyicha yigirmaga yaqin xalqaro hamkorlik loyihalari, jumladan, MDH davlatlari hududining kichik va oʻrta koʻlamdagi raqamli geologik, tektonik xaritalarini tuzish va integratsiya qilish ishlari boshlandi.

Geologiya sohasida maʼlumotlarni raqamlashtirish, geologiya fondidagi 30 mingga yaqin hisobotni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish boʻyicha amaliy-tajriba almashinuvi yoʻlga qoʻyildi.

Yigirmadan ziyod yosh mutaxassis xorijiy ilmiy-ishlab chiqarish tashkilotlarida malaka oshirib, fundamental va amaliy tadqiqotlarda qatnashmoqda.

Sessiya natijalariga koʻra, MDH davlatlari geologiya xizmatlari oʻrtasida yaqindan hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda. Jumladan, chegaraoldi hududlardagi konlarni izlash, mineralogik baholash, kam oʻrganilgan maydonlarni zamonaviy usullarda tadqiq etish, chuqur geologik-geofizik tadqiqotlar olib borish, maxsus geologik xaritalar tuzish hamda noanʼanaviy xomashyo turlarini qidirish va maʼdanlarni qayta ishlash texnologiyalari boʻyicha yangi loyihalar muhokama etilib, tegishli kelishuvlarga erishildi, deyiladi Oʻzbekiston Respublikasi davlat geologiya qoʻmitasi axborot xizmati xabarida.