Bugun esa bu salohiyatni yangi ilmiy yondashuvlar orqali yanada kengaytirish, chuqur qatlamlardagi konlarni aniqlash va ishlab chiqarishga yoʻnaltirish vazifasi turibdi.
Habib Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti shu maqsad yoʻlida faoliyat yuritayotgan yirik ilmiy maskanlardan biridir. Institut oʻz faoliyatida tabiat jarayonlarini faqat kuzatish emas, balki ularni tahlil etish, modellashtirish va prognozlash darajasiga olib chiqdi. Yer litosferasi tuzilishi, mineral resurslar shakllanishi qonuniyatlari, chuqur strukturalarning oʻzaro bogʻliqligi kabi murakkab masalalar bu dargohda ilmiy aniqlikka ega boʻlmoqda. Yer qobigʻi tuzilishi, foydali qazilmalar paydo boʻlish qonuniyatlari, mineral-xomashyo resurslarini oʻzlashtirish masalalari ilmiy tahlil asosida oʻrganilmoqda. Aynan shu yoʻnalishdagi izlanishlar iqtisodiy strategiyalarni shakllantirish, yangi konlarni aniqlash va resurslardan oqilona foydalanishda muhim ahamiyatga ega.
Natijadorlikka qaratilgan rivojlanish konsepsiyasi
Institutning 2025–2030-yillarga moʻljallangan rivojlanish konsepsiyasida bu yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish koʻzda tutilgan. Unda fundamental tadqiqotlar bilan bir qatorda amaliy loyihalar, xalqaro hamkorlik dasturlari va zamonaviy laboratoriyalar faol ishlamoqda. Har bir loyiha mamlakat iqtisodiyotiga bevosita foyda keltirish, resurslardan samarali foydalanish va energiya xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan.
Eng muhim yoʻnalishlar Prezidentimizning 2016-yil 13-sentyabrdagi “Yer qaʼrini geologik oʻrganish sohasidagi tadqiqotlarni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2018-yil 1-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari asosida belgilangan.
Kelgusi besh yillik uchun belgilangan konsepsiya geologik tadqiqotlarni zamonaviy texnologiyalar asosida chuqurlashtirish, mineral-xomashyo bazasini kengaytirish va chuqur konlarni aniqlashga yoʻnaltirilgan. Maqsad aniq: yer haqidagi fundamental tadqiqotlarni ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan uygʻunlashtirish, izlash-baholash jarayonlarini ilmiy mezonlar orqali tezkor va ishonchli qilish. Konsepsiya geologik qidiruvni hududiy darajada yangi bosqichga koʻtarish, 3D geologik-geofizik modellar yaratish bilan birga, geokimyoviy va geofizik yondashuvlarni yangilashni nazarda tutadi.
Ilmiy natijalarni iqtisodiyot bilan bogʻlash mexanizmlari aniq belgilangan. Konsepsiya energetika, sanoat, suv resurslari va ekologik barqarorlik yoʻnalishlarida geologik maʼlumotlar bilan taʼminlashni koʻzlaydi. Shu doirada ilmiy izlanishlar, mintaqaviy geofizik tadqiqotlar va geotermal resurslarni baholash ishlari bajarilmoqda. Bu loyihalar resurs xavfsizligi, eksport salohiyati va hududiy rivojlanish uchun amaliy natija beradi.
Soʻnggi yillardagi natijalar rejaning amalga tatbiq etilayotganini tasdiqlaydi: davlat dasturlari, xoʻjalik shartnomalari va grantlar doirasida 40 dan ortiq loyiha bajarildi, shuningdek, magmatik va postmagmatik jarayonlar boʻyicha modellar, 3D blok modellar, tematik xaritalar yaratildi, yangi istiqbolli maydonlar ajratildi. Bu ishlanmalar geologik qidiruvning aniqligini oshiradi, izlash-baholash bosqichlarida vaqt va xarajatni kamaytiradi.
Ilmiy yoʻnalish va amaliy natijalar
Institut faoliyatining bugungi manzarasida fan bilan ishlab chiqarish oʻrtasidagi aloqadorlik kuchaygan. Tadqiqotlarning asosiy qismi amaliy natijaga qaratilgan. Yer qobigʻining tuzilishini chuqur oʻrganish, foydali qazilma konlarini izlash, resurslarni baholash va qayta ishlash tizimlarini ishlab chiqish institut ilmiy dasturlarining markazida turadi.
Keyingi yillardagi izlanishlar tufayli qator yangi istiqbolli maydonlar aniqlangan. Qizilqum, Bukantov va Chotqol hududlarida oʻtkazilgan dala tadqiqotlari oltin, nikel, litiy, qoʻrgʻoshin va boshqa metallga boy qatlamlarni ilmiy jihatdan asoslab berdi. Bu tadqiqotlar energiya barqarorligi va suv xavfsizligi uchun muhim poydevordir.
Geologik tadqiqotlarda geofizika laboratoriyalari alohida oʻrin tutadi. Institutda gravimetrik, magnit-tellurik va magnit qidiruv usullari asosida paleozoy yotqiziqlari mezozoy va kaynozoy yotqiziqlari bilan qoplangan hududlarda yashirin maʼdanlashuvni aniqlash boʻyicha tadqiqotlar yoʻlga qoʻyilgan. Shu asosda mintaqaviy geofizika laboratoriyasi Zirabuloq togʻlari oraligʻidagi botiqlik hududlarida dala ishlarini oʻtkazmoqda. Glyatsial geologiya markazi esa muzliklar monitoringini yuritadi, ularning massasi va harakatini kuzatish boʻyicha atlas hamda maʼlumotlar bazasini shakllantirgan. Bu tizim suv muvozanatini ilmiy asosda boshqarishga yordam bermoqda.
Muassasaning ilmiy yondashuvi milliy iqtisodiyot uchun bevosita foyda keltiruvchi yoʻnalish sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Foydali qazilma konlarini aniqlash, geologik risklarni kamaytirish, eksport salohiyatini oshirish, suv va energiya xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tadqiqotlar davlat siyosatining ilmiy tayanchiga aylangan. Har bir loyiha yakunida ishlab chiqilgan natijalar investitsiya qarorlarini qabul qilish, yangi konlarni oʻzlashtirish va ekologik muvozanatni saqlashda amaliy asos boʻlib xizmat qiladi.
Xalqaro konferensiya: ilm-fan va amaliyot tutashgan nuqta
Joriy yil 10-oktyabr kuni muassasada akademiklar I.Hamroboyevning 105 va F.Usmonovning 90 yilligiga bagʻishlangan “Geologiya, petrologiya va metallogeniyaning fundamental va amaliy muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi. Konferensiya institut konsepsiyasida koʻzlangan maqsadlarni amaliy bosqichga olib chiqdi. Jumladan, geologik tadqiqotlarni ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan bogʻlash, mineral-xomashyo bazasini kengaytirish, chuqur qatlamlarni izlash va baholash mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama markazida boʻldi. Kun tartibidan oʻrin olgan litosferani kompleks oʻrganish, 3D geologik-geofizik modellashtirish, geokimyoviy va geofizik tahlillarni raqamlashtirish, prognozlash mezonlarini yangilash hamda natijalarni tezkor ishlab chiqarishga tatbiq etish yoʻllari tahlil qilindi.
Tadbir ilmiy meros va zamonaviy yoʻnalishlar oʻrtasida uzviylikni mustahkamladi. I.Hamroboyev va F.Usmonov yaratgan maktablar – petrometallogeniya, matematik va statistik geologiya, modellashtirish yondashuvlari bugungi raqamli geologiya hamda geoinformatika uchun metodologik asos boʻlib xizmat qilayotgani yana bir bor tasdiqlandi. Shu tayanchda institut yangi izlanishlarni yoʻlga qoʻydi: minerallashuv jarayoni indikatorlari, chuqur yashiringan konlarni aniqlash mezonlari, geodinamik modellarni aniqlashtirish boʻyicha qoʻshma ishlar yoʻlga qoʻyildi.
— Avvalo, ushbu anjuman nafaqat ilmiy muloqot maydoni, balki geologiya fanining yangi bosqichdagi vazifalarini amaliy yechimlar bilan uygʻunlashtirishga xizmat qiluvchi xalqaro platformadir. Hozir Oʻzbekistonda iqtisodiy taraqqiyot, sanoatlashuv va infratuzilma loyihalari kengayishi mineral-xomashyo bazasining ilmiy asosda boyitilishini talab qilmoqda. Shu nuqtayi nazardan konferensiyaning dolzarbligi bir necha jihatlarda namoyon boʻladi, — deydi Geologiya va geofizika instituti direktori, geologiya-mineralogiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Nurbek Inatov. — Birinchidan, ilmiy meros va zamonaviy texnologiyalar integratsiyasi — akademiklar I.Hamroboyev va F.Usmonov ilmiy maktablari bugungi geologiya sohasida innovatsion yondashuvlar uchun mustahkam metodologik asos boʻlib xizmat qilmoqda. Ularning petrologiya, metallogeniya, matematik tahlil va prognozlash boʻyicha ishlari hozir raqamli geologiya, geoinformatika va sunʼiy intellekt asosidagi tadqiqotlarga bevosita zamin yaratmoqda. Ikkinchidan, konferensiya resurs xavfsizligi va iqtisodiy mustaqillik masalalariga qaratilgan. Bugungi global sharoitda foydali qazilmalarni izlash, baholash va qayta ishlash strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, anjumanda yangi konlarni aniqlash, chuqur strukturaviy qatlamlarni oʻrganish, geofizik va geokimyoviy tahlillarni raqamlashtirish kabi masalalarga ustuvor eʼtibor qaratildi. Anjumanning amaliy ahamiyati yangi konlarni ochishda ilmiy yondashuvlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etishdir. Respublikamizda Muruntov, Guzaksoy, Chormitan, Qalmoqqir, Uchquloch kabi yirik obyektlar ham aynan ilmiy asoslangan izlanishlar natijasida ochilgan va bugun yangi istiqbolli maydonlar boʻyicha yana shunday izlanishlarga ehtiyoj katta.
Ishtirokchilar tarkibi tajriba almashuviga qulay sharoit yaratdi: MDH, Osiyo va Yevropaning ilmiy markazlari, universitetlar va tahlil laboratoriyalari bilan doimiy aloqalar yoʻlga qoʻyildi. Natijada etalon namunalarning raqamli muqobillarini yaratish, Oʻzbekiston togʻ jinslari milliy atlasi ustida ishlash, mutlaq yoshni aniqlash metodikalarini almashish, qoʻshma laboratoriya tahlillari va ekspeditsiyalar boʻyicha kelishuvlar shakllandi. Bu yoʻnalishlar institutning xalqaro nufuzini mustahkamlab, metodik birlikni taʼminlaydi va tahlil natijalari solishtiriluvchanligini oshiradi.
Xalqaro hamkorlik va integratsiya siyosati
Geologiya va geofizika instituti xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan faol integratsiya jarayonini yoʻlga qoʻygan. Bu siyosat institut faoliyatining ilmiy salohiyatini oshirish, natijalarni jahon standartlariga yaqinlashtirish va zamonaviy metodlarni tatbiq etish imkonini bermoqda. Soʻnggi yillarda tuzilgan hamkorlik shartnomalari, qoʻshma ekspeditsiyalar va ilmiy markazlar bilan aloqalar bu yoʻnalishda muhim burilish yasadi.
Institutning xalqaro tarmogʻi kengayib bormoqda. Xitoy Geologiya fanlari universiteti, Rossiya Fanlar akademiyasi, Qozogʻiston, Tojikiston, Belarus, Ozarbayjon va Turkiya ilmiy markazlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu aloqalar doirasida dala tadqiqotlari, laboratoriya tahlillari va ilmiy seminarlar oʻtkazilmoqda.
MDH davlatlari bilan hamkorlik yangi bosqichga chiqqan. Institut tashabbusi bilan Ostona shahrida oʻtgan hukumatlararo kengash sessiyasida muhim masalalar muhokama qilindi. Shulardan eng asosiylari togʻ jinslarining etalon namunalari boʻyicha raqamli muqobillar yaratish, Oʻzbekiston togʻ jinslari milliy atlasini tayyorlash, qoʻshma laboratoriyalarni rivojlantirish va mutlaq yoshni aniqlash boʻyicha uslublarni birlashtirishdir. Bunday yondashuv xalqaro metodik birlikni mustahkamlab, ilmiy tahlillar aniqligini oshiradi.
Muassasaning xalqaro grant dasturlaridagi ishtiroki ham faollashgan. Rivojlangan davlatlar va xalqaro ilmiy fondlar bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalari doirasida geofizika, geokimyo, petrologiya, kosmogeologiya va geoinformatika yoʻnalishlarida loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu tashabbuslar orqali institut moddiy-texnik bazasi yangilanmoqda, yangi laboratoriya uskunalari keltirilmoqda, ilmiy natijalar ochiq maʼlumotlar tizimiga kiritilmoqda.
Kadrlar almashinuvi tizimi xalqaro integratsiyaning eng samarali qismi boʻlib qolmoqda. Institut olimlari va yosh mutaxassislari xorijiy ilmiy markazlarda stajirovka oʻtamoqda, yangi tahlil metodlarini oʻrganmoqda. Shu bilan birga, xorijiy ekspertlar institut laboratoriyalarida qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazmoqda. Yosh geologlar uchun xalqaro doktorantura va magistratura dasturlari ochilgan, malaka oshirish kurslari muntazam yoʻlga qoʻyilgan. Shu yoʻl bilan Geologiya va geofizika instituti ilm-fan natijalarini amaliy natijaga aylantirish, resurs siyosatini dalillarga tayanib yuritish va Oʻzbekistonni ilmiy jihatdan barqaror rivojlanish bosqichiga olib chiqish yoʻlida ishonchli platforma yaratmoqda.
Asliddin ABDURAZZOQOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri









