Geologiya qidiruv va qazib olish sohasida AQSH bilan hamkorlik oʻrnatiladi

    Sanoat 17 Sentabr 2024 114

    2024-yil 16-sentyabrda Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi oʻrinbosari O.Nasritdinxodjayev hamda AQSHning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik foydali qazilmalar boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash maqsadida muhim xomashyo sohasida (RM) oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladilar.

    2023-yil sentyabrda Nyu-York shahrida yuqori darajada boʻlib oʻtgan sammitda davlatlar rahbarlari foydali qazilmalar boʻyicha muloqotni boshlash niyatida ekanliklari haqida eʼlon qilgandilar. Mazkur memorandum Amerika Qoʻshma Shtatlari va Oʻzbekistonning mazkur saʼy-harakatlarni ilgari surish, iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi dastlabki odimlaridan biri boʻldi.

    Kelishuvdan koʻzlangan maqsad mamlakatlar oʻrtasida muhim xomashyo sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, boshqa yoʻnalishlardagi aloqalarni ham rivojlantirishdan iborat.

    Ushbu hujjat muhim xomashyo sohasida AQSH – Oʻzbekiston muloqotining davom etishiga, geologiya qidiruv, qazib olish va yuqori qiymatli mahsulot zanjirini yaratish yoʻlida muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.

    Bundan tashqari tadbir doirasida 2024-yil 24 – 26-sentyabr kunlari Nevada shtati Las-Vegas shahrida boʻlib oʻtadigan togʻ-kon sanoatidagi eng yirik global tadbir – “MINExpo INTERNATIONAL” koʻrgazmasida ishtirok etuvchi Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari bilan suhbat oʻtkazildi, deb xabar beradi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi matbuot xizmati.