Poytaxtimizda boʻlib oʻtadigan “UzCharmExpo-2022” 12-xalqaro koʻrgazma-yarmarkasida Germaniya delegatsiyasi ham faol ishtirok etadi. Uchrashuv avvalida Germaniya kompaniyasi vakiliga mamlakatimizda charm-poyabzal va moʻynachilik sanoatini yanada rivojlantirish borasida davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar, qonunchilik bazasi, xorijiy sarmoyadorlarga yaratilgan sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari, ishlab chiqarish va eksport salohiyati, xom ashyo bazasi toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot taqdim etildi.
“Tutelo GmbH” kompaniyasi vakili “UzCharmExpo-2022” xalqaro koʻrgazma-yarmarkasi mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz va Germaniya kompaniyalari oʻrtasida charm-poyabzal sanoatida kelgusida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, eksport kelishuvlariga erishishda qulay biznes-muloqot maydoni sanalishini qayd etib oʻtdi. Kompaniya vakili ayni maqsadda koʻrgazma doirasida Oʻzbekiston korxonalari bilan muloqotlar va muzokaralar oʻtkazishni maqsad qilganini maʼlum qildi.
Shuningdek, uchrashuvda “Tutelo GmbH” kompaniyasi vakili ikkita tashabbusni ilgari surdi. Qayd etilganidek, Bavariyaning ikki kompaniyasi Oʻzbekistondan “premium” segmentidagi poyabzallarni xarid qilishni maqsad qilgan. Boisi, mamlakatimiz korxonalarining bu yoʻnalishda ishlab chiqarayotgan mahsulotlari sifat va narx uygʻunligiga egadir. Shuningdek, oʻrta narxdagi mahsulotlarning katta hajmdagi partiyasini Germaniya bozoriga yetkazib berish boʻyicha ham muzokaralar oʻtkazildi.
Uchrashuv chogʻida tomonlar ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida hamkorlik memorandumini imzolash boʻyicha fikr almashdi. Mazkur hujjat bilan charm-poyabzal sohasida ikki mamlakat oʻrtasidagi biznes aloqalari yanada yaqinlashtiriladi.
Maʼlumot uchun: “Tutelo GmbH” barcha turdagi mahsulotlar dizaynini ishlab chiqish va yaratish bilan shugʻullanadi. Shuningdek, kiyim-kechak, poyabzal, va aksessuarlarni tarqatish boʻyicha konsalting xizmatlarini koʻrsatib keladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar bildirilgan tashabbuslarni atroflicha muhokama qilish boʻyicha “UzCharmExpo-2022” xalqaro koʻrgazma-yarmarkasi doirasida mahalliy korxonalar bilan V2V uchrashuvlarni tashkil etishga kelishib oldi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.