Bu haqda «Vatanparvar« tashkiloti matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, Germaniya Federativ Respublikasining “SBH WEST GmbH” taʼlim va hunarmandchilik fondi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Migratsiya agentligida oʻtgan tadbirda “SBH WEST GmbH” fondi boshqaruvchi direktori Peter Niemann, Migratsiya agentligi direktori oʻrinbosari Matlab Kuranov va “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov tomonidan imzolangan uch tomonlama memorandumning maqsadi Oʻzbekistonda Yevropa Ittifoqi standartlariga muvofiq yuk va yoʻlovchi tashish boʻyicha professional haydovchilar tayyorlanib, ularning Germaniya mehnat bozorida vaqtincha faoliyat yuritishlarini taʼminlashdan iboratdir.
Memorandum shartlariga koʻra, Germaniyada ishlash istagida boʻlgan oʻzbekistonlik fuqarolar “Vatanparvar” tashkiloti oʻquv muassasalarida yuk va yoʻlovchi tashish haydovchiligi boʻyicha oʻqitiladi. Haydovchilik guvohnomasini qoʻlga kiritgan nomzodlarni “SBH WEST GmbH” fondi tomonidan tanlangan vakillar va ish beruvchi kompaniyalar amaliy imtihondan oʻtkazadi. Imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan haydovchilarga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Nomzodlardan nemis tilini muloqot qila olish darajasida bilishlari talab etiladi.
Bundan bir necha kun avval “SBH WEST GmbH” taʼlim va hunarmandchilik fondi boshqaruvchi direktori Peter Niemann boshchiligidagi delegatsiya Andijon viloyatining Boʻston tumanida boʻlib, u yerda joylashgan “Vatanparvar” tashkiloti Oʻquv sport texnika klubining avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kursi oʻquv moddiy texnik negizi bilan tanishgan va keyingi kuni tashkilot Markaziy kengashi raisi Husan Botirov bilan uchrashgan edi.
Eslatib oʻtamiz, 2023-yilning sentyabr oyida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan boʻlib, ushbu memorandumning asosiy maqsadi xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan mamlakatimiz fuqarolarini shartnoma asosida xorijiy mehnat bozorida talab etilgan mutaxassisliklar boʻyicha oʻqitish hisoblanadi.