Maʼlumki, 1941-yilda respublikamiz aholisi 6 million 800 mingdan ziyod kishini tashkil etgan. Urush boshlanishi bilan qariyb 2 million yurtdoshimiz frontga otlangan. Har biri tom maʼnoda qahramon boʻlgan bu aziz insonlarning 500 mingdan ziyodi shafqatsiz janglarda halok boʻldi. 158 mingdan ortiq kishi bedarak yoʻqoldi.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Ikkinchi jahon urushi toʻgʻrisidagi bor haqiqatni aniqlash va xalqimizga yetkazish, ajdodlar xotirasini abadiylashtirish boʻyicha koʻplab ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan mamlakatimizning Berlindagi elchixonasi ham fashizmga qarshi janglarda mardlik koʻrsatib, yurt ozodligi uchun qurbon boʻlgan vatandoshlarimiz qabrlarini topish, xotiralarini abadiylashtirish borasida germaniyalik bir qator hamkorlar, olimlar va tadqiqotchilar bilan birgalikda ibratli ishlarni amalga oshirmoqda.

Jumladan, Germaniyaning Saksenxauzen, Nudov, Lyudvigsxafen, Shenkenxorst, Teltov, Vyunzdorf, Gross-beren, Metendorf va Shtukenbrok shaharlari muzey va arxiv tashkilotlari bilan birgalikda olib borilgan izlanishlar natijasida 1941-1945-yillarda bu hududlarda joylashgan harbiy lagerlarga keltirilgan vatandoshlarimizga oid hujjatlar oʻrganib chiqilib, harbiylar qabristoniga dafn etilgan oʻzbek askarlari haqida qimmatli maʼlumotlar toʻplashga muvaffaq boʻlindi.

Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yeridagi Shtukenbrok shaharchasida 1941-yil 23-aprelda barpo etilgan “Shtalag 326” (Stalag 326 VI K Senne) harbiy lageri Germaniyadagi urush vaqtida tashkil etilgan 18 ta harbiy lagerlarning biri boʻlgan.

Dastlabki toʻplangan maʼlumotlarga koʻra, 1941-1945-yillarda ushbu lagerga keltirilgan 65 000 harbiy asir orasida 360 nafar oʻzbek askarlari boʻlganligi va ulardan 35 nafari “Shtukenbrok” harbiylar qabristoniga umumiy holda dafn etilgani aniqlangan edi. 2018-2019-yillar elchixonaning tashabbusi bilan “Shtalag 326” arxivi  materiallarini oʻrganish natijasida yana 20 nafar vatandoshimiz mazkur qabristonda “mangu orom” topgani aniqlandi. Soʻngi izlanishlar natijasida 130 ta oʻzbek harbiy asirlariga oid saqlanib qolgan aksariyat hujjatlar, vatandoshlarimizning rasmlari, ularning shaxsiga oid maʼlumotlar qayta tiklandi. Roʻyxatlarga nazar tashlasak: Safarov Nurali 1912-yilda Buxoro viloyatida tugʻilgan,1943-yil 5-martda vafot etgan, Ruzmetov Abdurahmon  1918-yil Toshkent viloyatida tugʻilgan, 1944-yil 9-iyulda vafot etgan, Isayev Musa 1921-yil Samarqandda tugʻilgan, 1943-yil 2-iyunda vafot etgan, Mirzaahmedov Anorboy 1915-yil Toshkentda tugʻilgan  1944-yil 25-iyulda vafot etgan, Kamolov Safar 1902-yil Buxoroda tugʻilgan  1945-yil 13-yanvarda vafot etgan. Bu roʻyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.

2020-yilda elchixonamiz tomonidan bu yerda dafn qilingan vatandoshlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida yodgorlik toshi oʻrnatildi.

Bugungi kunda “Shtalag 326” arxivi elchixonamiz bilan hamkorlikda 230 dan ziyod oʻzbek askarlariga oid maʼlumotlarni aniqlash boʻyicha ishlarni davom ettirmoqda. Vaqti kelib ushbu roʻyxat va hujjatlar asosida urush yillarida bedarak ketgan va “Shtukenbrok” harbiylar qabristoniga dafn etilgan vatandoshlarimizning qarindoshlari, yaqinlari topilib, ularning xotiralarini yod etish maqsadida bu yerlarga kelishsa ajab emas.

Darhaqiqat, xotira buyuk – qadr muqaddas! Ajdodlar xotirasini yod etish, Vatanimiz ozodligi, himoyasi yoʻlida jon fido etgan ota-bobolarimizni ruhini shod aylash, qatorimizda umr kechirayotgan keksalarimiz va faxriylarimizni qadrlash biz avlodlar uchun ham farz, ham qarzdir.