Yetti kun ichida har 100 ming kishiga 200 dan ortiq kasallik holatlari aniqlanadigan tumanlarda, “harakatlanishni yashash joyidan 15 kmgacha — uzrli sababsiz qisqartirish”ni nazarda tutadigan cheklovlar boshlanadi. Bu haqda Germaniya kansleri Angela Merkel federal shtatlar bosh vazirlari bilan qoʻshma yigʻilish yakunida maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, har 100 ming kishiga yuqtirish holatlarini 50 taga kamaytirish vazifasi qoʻyilgan. Bu yangi koronavirus mutatsiyasining tarqalishini hisobga olgan holda juda muhimdir. 10-yanvargacha amal qiladigan cheklovlar, masalan, chakana savdo tarmoqlari va restoranlar uchun uch hafta — 31-yanvarga qadar uzaytirildi. Uchrashuvlar bitta xonadonda yashamaydigan faqat bitta kishi yoki bir xonadonga tegishli qarindoshlar bilan boʻlishi mumkin.

Bolalar bogʻchalari va maktablar 31-yanvargacha yopiq qoladi. Agar kerak boʻlsa, bolalarni parvarish qilishda shoshilinch yordam koʻrsatish mumkin, mashgʻulotlar masofaviy formatda davom etadi. Bundan tashqari, ota-onalar pullik taʼtil olishi imkoniyati mavjud.

Ikkinchi chorakdan boshlab aholi uchun mavjud boʻlgan vaksina dozalari sonining koʻpayishini kutish kerak, deya ogohlantirdi Merkel. Bundan tashqari, uning soʻzlariga koʻra, Germaniya emlash kampaniyasi doirasida oʻz harakatlarini boshqa Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan muvofiqlashtirishni davom ettirishi toʻgʻri strategiya.

2020-yil 16-dekabrdan boshlab Germaniyada qattiq cheklov choralari kuchga kirdi, bu dastlab kamida 2021-yil 10-yanvargacha davom etishi kerak edi. 2020-yil 26-dekabrda esa Germaniyada emlash boshlandi. Saksoniya-Anxalt federal shtatidagi qariyalar uyining oʻnlab aholisi, shu jumladan 101 yoshli ayol vaksinani oldi.