Berlin shahrida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Davra suhbati avvalida Oʻzbekistonning GFRdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Dilshod Axatov “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha qabul qilingan Prezident qarori, uning mamlakatda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlardagi oʻrni hamda ahamiyati haqida soʻz yuritdi.

Shuningdek, davra suhbatida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov kelgusi yetti yilga moʻljallangan, mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi mazkur hujjatning mazmun-mohiyatiga alohida toʻxtalib, Strategiyada 100 maqsadni oʻz ichiga olgan 5 ta ustuvor yoʻnalish barcha sohalar boʻyicha muhim vazifalarni qamrab olganligi bilan ahamiyatli ekanligini qayd etdi.

Qizgʻin munozaralarga boy, interaktiv tarzda oʻtgan davra suhbatida germaniyalik ekspertlar ham oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi. Ular Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi eʼtirofga sazovor hujjatligini taʼkidlashdi.

Strategiyada, ayniqsa, xalqning farovonlik darajasini oshirishga erishish, ekologiya masalalari, tashqi siyosatda yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash, xususan, Yevropa Ittifoqi, Germaniya bilan aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan aniq maqsadlarning mavjudligi ularda katta taassurot qoldirganini alohida eʼtirof etishdi.