“Dunyo” AA qayd etishicha, unda mamlakatimizning boy sayyohlik salohiyati haqida soʻz yuritilgan.

 “Pieschen Aktuell” – elektron jurnal boʻlib, nashrga 2002-yil Drezden shahrida asos solingan. Jurnal sahifalarida Germaniya va dunyoda iqtisodiyot, madaniyat, sport va boshqa sohalarda roʻy berayotgan soʻnggi yangiliklar yoritib boriladi. Veb-sahifaga har kuni 100 ming nafardan ziyod oʻquvchi kiradi.

Maqola “Pieschen Aktuell” muxbirining fotograf Katrin Tominski bilan u tashkil etgan “Oʻzbekiston: ming bir kecha” koʻrgazmasi doirasidagi suhbati asosida yozilgan. Katrin Tominski Oʻzbekistonning Berlindagi elchixonasi koʻmagida 2019-yilda mamlakatimizga safar qilgan.

Nemis sayyohining taʼkidlashicha, Oʻzbekiston xorijlik sayyohlar uchun yorqin taassurotlar va iliq xotiralar qoldiradigan juda goʻzal mamlakat. “Respublikaning qadimiy shaharlarining betakror chiroyi bilan bir qatorda, oʻzbek xalqining oʻziga xos anʼanalari, urf-odatlari va mehmondoʻstligi ham menda katta taassurot qoldirdi”, - deydi germaniyalik fotograf.

Oʻzbek xalqining ochiqkoʻngilligi va bagʻrikengligi haqida gapirar ekan, Katrin Tominski shunday deydi: “Men shu paytgacha hech bir mamlakatda bunday chinakam kamtarin va xushfeʼl kishilarni uchratmaganman. Hatto kattalar ham dunyoga begʻubor bolalar kabi qarashadi – quvnoq, shodon, xushchaqchaq va mutlaqo samimiy”.

Buxoroni taʼriflay turib, muallif uni dunyoga mashhur shaharlardan biri sifatida qayd etadi. Bu yerda u haqiqiy kapuchino qahvasini ichish va mahalliy aholi bilan suhbatlashish baxtiga muyassar boʻlganini maʼlum qiladi.

K.Tominski shuningdek, bugungi kunda Germaniya va Oʻzbekiston xalqlari oʻrtasida doʻstona munosabatlar mustahkamlanayotgani, ikki davlat aloqalari barcha soha va yoʻnalishlarda yaxshi rivojlanish surʼatiga egaligini mamnuniyat bilan qayd etadi.

Suhbat yakunida Katrin Tominski “Pieschen Aktuell” elektron jurnalining barcha oʻquvchilarini fotokoʻrgazmadan olgan taassurotlarini yanada boyitish maqsadida Oʻzbekistonga tashrif buyurishga taklif etadi.