Xalqaro anjumanlarning navbatdagi kunida mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari Germaniya, Rossiya, Turkiya, Qirgʻiziston kompaniyalari va investorlari bilan muloqotlarga kirishdi. Oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishdi.
Xususan, “Ulkan-Laziz” MCHJ hamda Germaniyalik investor bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar yakuni bilan xorijiy sarmoyador Oʻzbekiston sanoatiga 100 million yevro mablagʻ yoʻnaltirishini maʼlum qildi. Ushbu mablagʻ evaziga Oʻzbekistonda charmni qayta ishlash, poyabzal ishlab chiqarish boʻyicha yangi korxonalar ishga tushiriladi. Shuningdek, tekstil, qurilish sanoatida ham yangi loyihalar amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Germaniyalik investor kelgusi haftada Oʻzbekistonga tashrif buyurib mamlakatimizdagi biznes muhiti hamda ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishadi. “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha dastlabki kelishuvlarni imzolash rejalashtirilgan.
Shuningdek, koʻrgazmada Rossiyaning yirik savdo tarmoqlari respublikamizda tayyorlangan mavsumiy poyabzallarga ham qiziqish bildirdi. Jumladan, “Sharq Ravon” MCHJ va Rossiyaning yirik savdo tarmogʻi oʻrtasida oʻtkazilgan muzokaralarda mavsumiy poyabzallarni Rossiya bozoriga yetkazib berish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi. Rossiya tomoni mamlakatimiz korxonasidan dastlabki bosqichda 20 ming juft mavsumiy poyabzallar xarid qilishni reja qilyapti.
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi hamda Turkiyaning “KSAID” tashkiloti oʻrtasida boʻlib oʻtgan muloqotlarda esa, hamkorlikda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, koʻrgazmalar faoliyatida tajriba almashish hamda “UzCharmExpoEurAsia-2023” xalqaro koʻrgazmasida turk kompaniyalari ishtirokini taʼminlash boʻyicha fikr almashildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati
.