Qonun bilan atrof tabiiy muhit ifloslanishining monitoringi, gidrometeorologik axborot, gidrometeorologik jarayonlar, gidrometeorologik jarayonlarga faol taʼsir koʻrsatish, gidrometeorologik hodisalar, gidrometeorologiya faoliyati, ixtisoslashtirilgan gidrometeorologik axborot, muhofaza zonasi, tezkor gidrometeorologik axborot, umumiy gidrometeorologik axborot kabi asosiy tushunchalar belgilanmoqda. Shuningdek gidrometeorologiya faoliyatining asosiy prinsiplari, obyektlari, subyektlari, ixtisoslashtirilgan tashkilotlar toʻliq koʻrsatilgan.
Qonunga muvofiq rasmiy ogohlantirishlar, prognozlar va aholining turmush faoliyati xavfsizligini taʼminlash, ehtimoliy zararning oldini olish bilan bogʻliq boshqa gidrometeorologik axborot undan foydalanuvchilarga faqat maxsus vakolatli davlat organi tomonidan taqdim etiladi.
Shuningdek, hujjatda gidrometeorologik axborotni tayyorlovchilar hamda undan foydalanuvchilar huquq va majburiyatlari, gidrometeorologiya faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibi, uni moliyalashtirish, sohadagi xalqaro hamkorlik, qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik va boshqa bir qator normalar koʻzda tutilgan.
Qonunni qabul qilish gidrometeorologiya faoliyati hamda gidrometeorologik kuzatuvlar oʻtkazish va maʼlumotlarga ishlov berishning ilmiy uslublarini yanada takomillashtirish, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar, aholini gidrometeorologik maʼlumotlar bilan taʼminlash tizimini rivojlantirish, gidrometeorologiya sohasidagi mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.