Qayd etilishicha, Bojxona qoʻmitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan poytaxtimizning Chilonzor tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi avtotransport vositasi toʻxtatilib, belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganda mashinadagi haydovchi va yoʻlovchining choʻntagidan polietilen oʻramlarda jami 165 gr. ogʻirlikdagi “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Shuningdek, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan DXX va IIV xodimlari bilan hamkorlikda Yashnobod tumanidagi ofislardan birida oʻtkazilgan tezkor tadbirda bu yerda 953 gr. ogʻirlikdagi “gashish” va ularni oʻlchashda foydalanilgan elektron tarozi borligi aniqlandi.
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Ayritom” chegara bojxona postida qoʻshni davlatdan kirib kelgan yuk avtotransport vositasini bojxona koʻrigidan oʻtkazish davomida haydovchi avtotransport kabinasidagi orqa oʻrindiq ostida 37 gr. “gashish” giyohvandlik vositasini yashirib qoʻyganligi fosh boʻldi.
Hozirda, yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.