Mamlakatimizda giyohvandlik vositalari bilan muomala qilish qatʼiy taqiqlangan moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomalada boʻlish va noqonuniy aylanishiga qarshi milliy qonunchilik asoslari yaratilgan, shuningdek qonunbuzilish holatlari uchun javobgarlik belgilangan.

Shunga qaramasdan, giyohvandlik vositalarini yurtimizga yashirincha olib kirishga boʻlgan urinishlar hamon uchrab turibdi.

Xususan, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona posti tomonidan aniqlangan qonunbuzilish holatlari ham shular jumlasidandir.

Mazkur bojxona postiga kirib kelgan qoʻshni davlat fuqarosi M.A. oʻrnatilgan tartibda bojxona nazoratidan oʻtkazilganda, uning sigaret qutisi ichida oʻziga xos oʻtkir hidli, toʻq yashil rangli sof ogʻirligi 0,32 boʻlgan “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Yana bir holatda esa “Ayritom” chegara bojxona postiga kirib kelgan qoʻshni davlat fuqarosi Q.H. xolislar ishtirokida shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilganda, uning hamyoni ichki choʻntagi ichida sof ogʻirligi 0,25 gramm boʻlgan “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Navbatdagi qonunbuzarni ham xuddi shunday qismat kutayotgan edi. Yurtimizga mazkur post orqali kirib kelgan fuqaro D.P. bojxona xodimlari tomonidan bojxona nazaratidan oʻtkazilganda, uning qoʻl yuklari orasida folga qogʻozi ichiga oʻralgan, sof ogʻirligi 0,23 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi borligi maʼlum boʻldi.

Bulardan tashqari, qoʻshni davlat fuqarosi S.K.ning ham nayrangi ish bermadi. Uning hamyoni ichida sof ogʻirligi 0,32 gramm boʻlgan “gashish” giyohvandlik vositasi yashirilganini bojxonachilar oʻz vaqtida fosh etishdi.